Mahsiga masx tortish

Assalomu alaykum! Ustozlar kecha bir akamiz bilan bir kishini ko‘rgani doktorga borib keldik. O‘sha akamiz yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lganligi sababidan “Eshel” deb nomlangan maxsidan nam o‘tganligini aytib menga telefon qildi. U kishi “endi mahsini echib oyog‘imni yuvishim kerakmi” dedi. Men o‘z aqlimga suyangan holatda “har kanday tikilgan mahsini tikish joylaridan namlik o‘tadi. Shu “Eshel” mahsisiga ulomalar fatvo berganlar mash tortib qo‘yavering” dedim. Ko‘nglim g‘ash bo‘lganidan sizlardan so‘rashga qaror qildim. U kishi o‘sha kungi xufton namozini qayta o‘qisinmi yoki mash qilgani kifoya qiladimi? Sizlardan va sizlarni bizlarga tayyorlab ketgan shayx Hazratlaridan Alloh rozi bo‘lsin.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! “Esxel” javroblariga mash tortishning joizligiga ulamolarimiz fatvo berganlar. Bunga shubha yo‘q. Siz aytgan gapingiz ham to‘g‘ri, ya’ni teridan tikilgan mahsidan ham oyoqqa namlik o‘tishi mumkin. Ammo teridan tikilgan mahsi bir farsah ya’ni besh km-dan uzoq joyga, o‘zini kiyib yurilsa yaramaydigan holatga kelib qolsa, unga mash tortish joiz emas. Bu hukm ushbu “Esxel” javrobiga ham tegishlidir. Shuning uchun uni ham tekshirib yaroqsiz holga kelganini yoki yaroqli ekanini aniqlash kerak. Mahsiga mash tortish ham mash tortishga yaroqli bo‘lganiga joizdir.
Maxsi va choriqdan boshqa, ularning vazifasini ado etadigan poyabzallarga ham mash tortsa bo‘ladi. Buning uchun mazkur poyabzallar ikki oyoqning to‘piqdan yuqorisini to‘sadigan, bog‘lamasa ham, o‘zi tik turadigan va u bilan yurib safar qilsa bo‘ladigan darajada bo‘lishi lozim. Mazkur safar eng ozi bir farsax, ya’ni 5544 metr masofaga bo‘lishi kerak. Agar mazkur masofani bosib o‘tguncha yirtilib ketadigan poyabzal bo‘lsa, unga mash tortish joiz emas.عَنِ الْمُغِيرَةِ رضي الله عنه: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلي الله عليه وسلم تَوَضَّأَ وَمَسَحَ عَلَى الْجَوْرَبَيْنِ وَالنَّعْلَيْنِ. رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ بِسَنَدٍ صَحِيحٍ Mug‘iyra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qildilar va ikki javroblariga hamda kavushlariga mash tortdilar».
«Sunan» egalari sahih sanad ila rivoyat qilishgan.
Ushbu hadisdagi «javrob» nima ekanini ulamolarimiz uzoq tahlil va bayon qilganlar.
«Javrob» so‘zi asli «kavrob» shaklida bo‘lib, arab tiliga boshqa tildan kirib qolgan ekan.
«Qomusul Muhiyt» va «Lisonul Arab» nomli eng mo‘’tamad lug‘at kitoblarida aytilishicha, javrob kishining oyoqlariga o‘raladigan narsa ekan. Buni mashhur ulamolardan Tiybiy va Shavkoniy ham tasdiqlashgan.
Shavkoniy: «Maxsi yumshoq oshlangan teridan qilinadi, choriq uning ustidan kiyiladi, javrob esa choriqdan ham katta bo‘ladi», deganlar.
Ibn Arabiy, Ayniy va boshqa ulamolar: «Javrob jundan to‘qilgan bo‘lib, o‘ta sovuq o‘lka odamlari kiyadi», deganlar.
U ruslardagi «piyma» nomli oyoq kiyimiga o‘xshash narsadir.
«Javrob» haqida ulamolarning gaplari turlicha bo‘lishi u oyoq kiyimning har yurtda har xil bo‘lishi sababidandir. Bunga «do‘ppi» deb atalgan bosh kiyim turli yurtlarda turlicha bo‘lishi misol bo‘la oladi.
Abdurrazzoqning rivoyatiga ko‘ra, Abu Mas’ud Ansoriy javrobi va kavushiga mash tortar ekan.
Nima bo‘lganda ham, hamma ulamolar mash tortish uchun o‘sha oyoq kiyimi mash muddatida yurib turishga yaroqli bo‘lishi, suv, loy kabi turli narsalarni oyoqqa o‘tkazmasligi kerakligiga ittifoq qilganlar.
Hozirgi paytda ba’zi arab yurtlarida yupqa lattadan bo‘lgan zamonaviy paypoqlar «javrob» deyiladi. Ba’zi bir odamlar ana shu «javrob» hadisda zikr qilingan «javrob» deb, unga ham mash tortsa bo‘ladi, deya fatvo bermoqdalar. Bu mutlaqo noto‘g‘ridir. Kim bu gapni eshitsa, aslo qabul qilmasligi kerak. Agar oldin bilmay qabul qilgan bo‘lsa, endi undan qaytib, paypoqqa mash tortmasligi lozim.
Mujtahid ulamolarning hammalari: «Bir farsax masofaga safar qilishga yaraydigan, tagidagi narsaning shaklini bilintirmay turadigan, ustidan teri qoplangan javrobdan boshqasiga mash tortib bo‘lmaydi», deganlar.("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 12:09 | Savol-javoblar | 312 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar