Jannatiy yoki do‘zaxiy

Assalomu alaykum! Uztozlar, odamning ona qornida ekanligida rizqi va taqdiri yozib qo‘yilar ekan va ularga qo‘shib bu bandaning jannat ahlidan yoki do‘zax ahlidan ekanligi ham yozilar ekan. Shunga ko‘ra jannat ahlidan bo‘ladi deb yozilgan banda umr bo‘yi gunoh ishlar bilan shug‘ullanib yursa ham umri oxirida Allohga yoqadigan bir ish qilib bu dunyodan ko‘z yumarkan so‘ngra Alloh uni jannatga kirgizar ekan. Do‘zax ahlidan bo‘ladi deb yozilgan banda esa umr bo‘yi jannatiylar ahlining amallarini qilarkanu umri oxirida Allohga yoqmaydigan ish qilib bu dunyodan ko‘z yumarkan. Shu oxirgi qilgan amali sababli Alloh uni do‘zaxga kirgizar ekan. Bu payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning aytgan gaplari emish. Men bu gapni maruzada eshitdim, aytinglarchi ustozlar bu gap qanchalik to‘g‘ri? 2). Mening taqdirimga do‘zaxiy deb yozilgan bo‘lsayu men umr bo‘yi ibodatda bo‘lsam umrim so‘ngida Allohning irodasi bilan gunoh ish qilib do‘zaxga tushamanmi (to‘g‘risi shunday bo‘lishidan havotirdaman qattiq qo‘rqayapman). Agar shunday bo‘lsa bandaga ibodat qilishdan nima foyda jannatiy yoki do‘zaxiyligi aniq qilib yozilgan bo‘lsa. Gaplarim noto‘g‘ri bo‘lsa ming bor uzr so‘rayman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Haq gap. Shuning uchun inson ibodat va amallarni riyo uchun qilmasligi kerak. Ixlos bilan qilingan amallarni Alloh taolo zoe qilmaydi. عَنْ عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: حَدَّثَنَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَهُوَ الصَّادِقُ الْمَصْدُوقُ: إِنَّ أَحَدَكُمْ يُجْمَعُ خَلْقُهُ فِي بَطْنِ أُمِّهِ أَرْبَعِينَ يَوْمًا نُطْفَةً ثُمَّ يَكُونُ عَلَقَةً مِثْلَ ذَلِكَ، ثُمَّ يَكُونُ مُضْغَةً مِثْلَ ذَلِكَ، ثُمَّ يُنْفَخُ فِيهِ الرُّوحُ وَيُؤْمَرُ بِأَرْبَعِ كَلِمَاتٍ بِكَتْبِ رِزْقِهِ وَأَجَلِهِ وَعَمَلِهِ وَشَقِيٌّ أَوْ سَعِيدٌ، فَوَاللهِ الَّذِى لَا إِلَهَ غَيْرُهُ إِنَّ أَحَدَكُمْ لَيَعْمَلُ بِعَمَلِ أَهْلِ الْجَنَّةِ حَتَّى مَا يَكُونَُ بَيْنَهُ وَبَيْنَهَا إِلَّا ذِرَاعٌ فَيَسْبِقُ عَلَيْهِ الْكِتَابُ فَيَعْمَلُ بِعَمَلِ أَهْلِ النَّارِ فَيَدْخُلُهَا، وَإِنَّ أَحَدَكُمْ لَيَعْمَلُ بِعَمَلِ أَهْلِ النَّارِ حَتَّى مَا يَكُونَُ بَيْنَهُ وَبَيْنَهَا إِلَّا ذِرَاعٌ فَيَسْبِقُ عَلَيْهِ الْكِتَابُ فَيَعْمَلُ بِعَمَلِ أَهْلِ الْجَنَّةِ فَيَدْخُلُهَا. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُAbdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadis aytdilar. U zot sodiqu masduqdirlar:«Sizning har biringizning xalq qilinish (moddasi) onasining qornida maniy holida qirq kun jam qilinadi. So‘ngra ana shu mislicha alaqa (zuluksimon qon) bo‘ladi. So‘ngra ana shu mislicha muzg‘a (chaynalgan go‘sht) bo‘ladi. So‘ngra ichiga ruh puflanadi. Va to‘rt kalima: rizqi, ajali, amali va badbaxt yoki nekbaxtligini yozish amr qilinadi. Undan boshqa ilohiy ma’bud yo‘q Zot bilan qasamki, albatta, biringiz jannat ahlining amalini qilib kelib, o‘zi bilan jannat orasida bir arshin qolganida o‘sha kitob undan o‘zib ketib, do‘zax ahlining amalini qiladi-da, unga kiradi. Albatta, biringiz do‘zax ahlining amalini qilib kelib, o‘zi bilan do‘zax orasida bir arshin qolganida o‘sha undan kitob o‘zib ketib, jannat ahlining amalini qiladi-da, unga kiradi», dedilar».
To‘rtovlari rivoyat qilishgan.
Sharh: Abdullohdan rivoyat qilindi, deyilsa, Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu ko‘zda tutilgan bo‘ladilar. Ushbu hadisning muqaddimasida roviy Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu habib Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning har bir so‘zlari rost, tasdiqlangan zot ekanliklarini ta’kidlab qo‘ymoqdalar. U kishining: «U zot sodiqu masduqdirlar», degan gapi shu ma’noni ifoda qiladi. Sodiqlik sifati Muhammad sollallohu alayhi vasallamning eng mashhur, eng ko‘p tarqalgan sifatlaridan biri ekanligi yaxshi ma’lum. Masduqliklari esa ya’ni, rostgo‘yliklari tasdiqlangan zot ekanliklari ham xuddi shunday ma’lum va mashhurdir. Roviyning avval bu so‘zlarni aytib olib, keyin o‘zlari eshitgan hadisni rivoyat qilishga kirishishlaridan maqsadlari – bu hadisda keladigan ma’nolarga shak-shubha bo‘lmasligi kerak, deganlaridir. Ushbu hadisi sharifda Alloh taoloning ilmi naqadar cheksiz ekanligi, naqadar shomil ekanligi, naqadar aniq ekanligi bayon qilinmoqda. Shuningdek, Alloh taolo har bir narsani aniq o‘lchov bilan qilishi, bu o‘lchovning o‘zgarmasligi hamda o‘sha narsalarni Alloh taolo azaldan qiyomatgacha aniq va ravshan bilib turishi bayon qilinmoqda. Keling, hadisi sharifda bayon etilgan fikrlar bilan birin-ketin tanishib chiqaylik:
«Sizning har biringizning xalq qilinish (moddasi) onasining qornida maniy holida qirq kun jam qilinadi».
Kim jam qiladi? Albatta, Alloh taolo jam qiladi. Demak, har bir insonning ota sulbidan maniy holida ona qorniga – bachadoniga o‘tishi faqat Allohning ilmi va tadbiri ila bo‘ladi. Dunyodagi necha milliardlab odam o‘tgan bo‘lsa, hammasi shunday bunyod bo‘lgan. Hozirgi lahzada dunyo bo‘yicha necha sulbdan qancha maniy necha rahm¬ga o‘tayotgan bo‘lsa ham barchasini Alloh bilib turibdi. Lekin maniyning bachadonga o‘tishi bola paydo bo‘ldi, degani emas. O‘sha maniydagi urug‘lik ayolning tuxumiga urchishi kerak. Bu esa Allohning irodasisiz, tadbirisiz bo‘lmaydi. Ota-ona jinsiy aloqa lazzatini his qilishlari mumkin, lekin maniy nima bo‘lyapti? Urug‘lik urchiyaptimi, yo‘qmi, bila olmaydilar. Homila bo‘lgan-bo‘lmaganini bila olmay, alomatlaridan biladiganlarga murojaat qiladilar. Urug‘likning urchishi haqida ularning hech qanday ilmi yo‘q. Buni faqat cheksiz ilm sohibi – Alloh taoloning O‘zigina biladi. Alloh taolo otaning sulbidan o‘tgan maniyning onaning qornida qirq kun jamlanib turishini iroda qilgan ekan. Ana o‘sha muddatda maniy urchisa, homila bo‘ladi. Undan oldin tushib ketsa, homila bo‘lmaydi. Albatta, buning hammasi Allohning ilmi va qudrati bilan bo‘ladi.
«So‘ngra ana shu mislicha alaqa (zuluksimon qon) bo‘ladi».
Ya’ni yuqorida zikr qilingan muddat mislicha–qirq kun alaqa holida turadi. «Alaqa» eski kitoblarimizda «laxta qon» deb aytilgan. Arab tilida «Alaqa» so‘zi zulukni anglatadi. Ha, qon so‘radigan hayvon – zuluk arabchada «Alaqa» deyiladi. Qadimgi kishilar bachadonning ichida zuluk nima qiladi, deyishgan bo‘lsa kerak, uning moddasini e’tiborga olib, «laxta qon» deb aytishgan. Ilm rivojlanib, hozirda bachadon ichini turli texnik asboblar bilan ko‘rish va suratga olish imkoni tug‘ildi. Homilaning «alaqa»lik holini suratga tushirsalar, bachadon devoriga yopishib yotgan zuluk bo‘lib suratga tushgan. Dunyoning ko‘zga ko‘ringan olimlari hadisdagi ulkan ilmiy haqiqatga tan berib, homilaning boshqa holatlarini ham o‘rganib chiqdilar. Homilaning barcha holatlari Qur’on va Sunnatda vasf qilinganchalik hech bir joyda aniq vasf qilinmaganligini e’tirof qildilar. Qur’on va Sunnat oddiy narsa emas, ilohiy mo‘’jiza ekanligini ta’kidladilar. Alloh taolo ana o‘sha son-sanoqsiz bachadonlardagi nutfalarning alaqaga aylanish jarayonini yaxshi bilib turadi va tadbirini qiladi. Bu jarayonni U Zoti Oliydan boshqa hech kim bilmaydi. Hatto ayollarning o‘zlari ham o‘z bachadonlaridagi nutfa qaysi lahzada qanday qilib nutfadan alaqaga aylanganini bilmaydilar. Bitta bachadondagi jarayonni butun dunyo bir bo‘lib poylasa ham, unga aralasha olmaydi, anig‘ini bilmaydi. Alloh taolo esa hamma bachadonlardagi jarayonni bilib turuvchidir. Odam dunyoga kelgandan buyon, qiyomatgacha biluvchidir.
«So‘ngra ana shu mislicha muzg‘a (chaynalgan go‘sht) bo‘ladi».
Ya’ni, alaqa bo‘lgandan so‘ng ana shu muddat– qirq kun mislicha muzg‘a bo‘ladi. Endi zuluksimon laxta qon bachadonda chaynalgan go‘sht holiga aylanib, qirq kun turadi. Bu ham oldin vasf qilinganidek, faqat yagona Alloh taoloning ilmi va tadbiri ila bo‘ladi. Alloh taoloning irodasi bilan ba’zan nutfalik, alaqalik, muzg‘alik holida boshqa holga aylanmay, bachadondan tushib ketadi. Bechora bachadon egasi esa uni tushish jarayonidagi o‘zgarishlardan sezadi, xolos.
«So‘ngra ichiga ruh puflanadi». Ya’ni, muzg‘a bachadonda qirq kun turganidan ke¬yin ichiga ruh – jon puflanadi. Ushbu jarayon eng muhim jarayon hisoblanadi. Bu hayotning ulkan siridir. Hozirgacha hech kim jon nimaligini, u inson ichiga qanday puflanishini bilmaydi. Inson o‘zining uzoq hayoti davomida bu sirni anglab etish uchun qo‘lidan kelgan hamma narsani qildi, ammo anglay olmadi. Hamma narsani bilishni da’vo qilayotgan inson shunchalar johilki, u dunyo sirlarini bilaman, deb da’vo qiladiyu, aqalli o‘zini ham bilmaydi. Bu sirni faqat Alloh taoloning yolg‘iz O‘zigina biladi. Faqat bilibgina qolmay, tadbirini ham qiladi. Ana endi biz o‘rganayotgan mavzu, qazo va qadarga tegishli jarayon boshlanadi.
«Va to‘rt kalima: rizqi, ajali, amali va badbaxt yoki nekbaxtligini yozish amr qilinadi».
Kimga amr qilinadi? Vakil qilingan farishtaga amr qilinadi. Kim amr qiladi? Alloh taolo amr qiladi. Nima amr qilinadi? Yozish amr qilinadi. Yozish nima degani? Yozish bilimni qayd qilish, degani. «Ilmni yozish ila qayd qilinglar», deyilgan bir rivoyatda. Yozish ilmni yanada aniqroq isbot qilib qo‘yishni anglatadi. Biror narsani yozib, ilmni qayd qilib qo‘yish, boshqa birovni o‘sha yozilgan narsaga majbur qilish, degani emas. Xususan, o‘sha yozilgan narsa sir tutilsa, umuman hech qanday ta’siri bo‘lmaydi, bo‘lishi mumkin ham emas. Inson onasi qornida turganida kelajakda bo‘ladigan unga tegishli ma’lumotlar, Allohning ilmi qayd qilinadi. Xo‘sh, ushbu ilmni yozib qo‘yish–qayd qilishni uni majburlash deb bo‘ladimi? Yo‘q, albatta! Xususan, qayd qilingan narsalar Allohdan boshqa hech kim bilmaydigan narsalar-ku! Endi mazkur to‘rt narsani alohida o‘rganib chiqaylik:
1. Rizq. Dunyodagi barcha jonzotlarning rizqini faqat Allohning O‘zi biladi. Bu jonzotlarning qaysi biriga qachon, qancha va qanday rizq tegishini Alloh taoloning O‘zigina biladi, Allohdan boshqa hech kim bilmaydi. Butun dunyo to‘planib, birgina jonzotning bir lahzalik rizqini bilmoqchi bo‘lsalar, bunga erisha olmaydilar. Xalq ichida «yutganing o‘zingniki, chaynaganing gumon», degan naql bor. Bu gap rizq Allohdan boshqa hammaga gumon ekanligini ta’kidlash uchun aytilgan. Kishining og‘zida chaynab turgan taomi o‘ziga rizq bo‘ladimi-yo‘qmi, bila olmaydi, degan ma’nodagi gap. Aslida bu ham uncha aniq ifoda emas. Yutganing ham gumon bo‘ladi. Chunki tomoqdan o‘tgan narsani ham to‘liq rizq bo‘ladi, deb ayta olmaymiz. Alloh uning rizq bo‘lishini xohlamasa, o‘sha taom zaharga aylanib, insonni bemor qilishi yoki halok etishi mumkin. Yoki ko‘ngilni aynitib, qusqi bo‘lib, chiqib ketishi mumkin. Xo‘sh, shunchalik sir narsa inson hayotiga ta’sir qilishi mumkinmi? Yo‘q, albatta! Barcha jonzotlarni yo‘qdan bor qilgan, shu jumladan, insonni yaratgan Zot ham Alloh taolodir. Uning nutfaligidan oldin ham, o‘lganidan keyin ham barcha holatlarini aniq biladigan Zot Allohdir. Dunyodagi barcha rizqlarni yaratgan, ularni yaxshi va to‘liq biladigan, tadbirini qiladigan Zot ham Allohdir. Binobarin, har bir insonga qancha va qanday rizq tegishini ham faqat Allohning O‘zi bilishi g‘arib narsa emas. O‘sha O‘zi bilgan narsani farishtalaridan biriga aytib, yozdirib qo‘yishi ham qiyin emas. Allohning bu ilmida majburlash alomati yo‘q.
2. Ajal. Bu ish ham faqat Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydigan narsalardandir. Alloh O‘zining shomil ilmi ila barcha jonzotning, jumladan, har bir insonning ajalini aniq biladi. Allohdan boshqa hech kim, hatto muqqarab farishtalar ham biror jonzotning ajalini bilmaydi. Dunyoning hammasi to‘planib, bir dona kichkina qumursqaning ajalini bilishga harakat qilsalar ham, uddalay olmaydilar. Dunyodagi barcha jonzotni, jumladan, insonlarni yaratgan Zot–Alloh. Ularga jon ato etgan Zot–Alloh. Ularni o‘ldiradigan Zot–Alloh. Binobarin, har bir jonzotning, jumladan, har bir insonning ajalini faqat Allohning O‘zi bilishi g‘arib emas. O‘sha O‘zi bilgan narsani farishtalaridan biriga aytib, yozdirib qo‘yishi qiyin emas. Allohning bu ilmida ham majburlash yo‘q.
3. Amal. Buning ilmi ham faqat Alloh taoloning O‘ziga xos bo‘lgan narsalardan biridir. Inson nafaqat bosh¬qalarning, hatto o‘zining ham bir ozdan so‘ng nima qilishini aniq bilmaydi. Inson bir narsani niyat qiladi, uning uchun intiladi. Ammo o‘sha ishning amalga oshishi yoki amalga oshmasligi Alloh taoloning xohish-irodasiga bog‘liq. Alloh xohlagan ish bo‘ladi, xohlamagani bo‘lmay qoladi. Shu sababdan, Alloh taolo har bir insonning tug‘ilganidan tortib, o‘lguniga qadar qiladigan amalini to‘liq va aniq bilishi g‘arib emas. Chunki insonni Alloh yaratgan va uning barcha imkoniyatlari, xususiyatlari va boshqa narsalarini to‘liq va aniq biladigan yagona Zot–Allohdir. Shuningdek, inson hayot kechiradigan dunyoni yaratgan Zot ham–Alloh. Bu dunyoning ikir-chikirlari, mayda-chuydalarigacha to‘liq va aniq biladigan Zot–Alloh. Insonning ham, dunyoning ham barcha tasarrufini qilib turadigan Zot–Alloh. Binobarin, insonning nima amal qilishini yagona Allohning O‘zi bilishi haq gap. Agar Alloh bu narsani bilmasa, Allohligi qolarmidi?! Alloh o‘sha O‘zi bilgan insonning amallarini farishtalaridan biriga aytib, yozdirib qo‘yishi qiyin emas. O‘z navbatida, Allohning bu ilmi bandani u yoki bu amalni qilishga majburlash ham emas.
4. Badbaxt yoki nekbaxtlik. Har bir insonning baxtli yoki baxtsiz ekanligini faqat Alloh taoloning O‘zi biladi. Bilganda ham, O‘zining hamma narsani qamrab oluvchi ilmi ila azaldan biladi. Nafaqat insonga onasining qornida jon puflaganda, balki azaldan biladi. Ushbu hadisda aytilayotgan ma’no o‘sha azaliy ilmni qayd qilish, xolos. Butun insoniyat to‘planib olib, ichlaridan bittalarining haqiqiy baxtli yoki badbaxt ekanligini bilishga urinsalar ham, bila olmaydilar. Hatto payg‘ambarlarning sayyidi Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham faqat Allohning bildirishi ila o‘n kishininggina jannatga kirishi haqida bashorat berganlar, xolos. Qolganlarning nima bo‘lishini Allohning O‘zigina biladi. Alloh taolo o‘sha ilmni farishtalaridan biriga aytib, yozdirib qo‘yishi qiyin emas. Shu bilan birga, o‘sha ilmni yozib, qayd qilib qo‘yish bandani badbaxt yoki nekbaxt bo‘lishiga majbur qilish emas. Chunki ilm bir narsani kashf qiluvchi nurdir, birovni majbur qiluvchi kuch emasdir! E’tibor beraylik, endi hadisning davomida nima uchun odamlar bir-birlarining yoki o‘zlarining badbaxt yoki nekbaxt ekaknliklarini bila olmasliklari bayon qilinadi. Payg‘ambarimiz hadisning bu qismini: «Undan boshqa ilohiy ma’bud yo‘q Zot bilan qasamki», deb boshlamoqdalar. Bu esa kelajak gapning o‘ta muhim ekanligiga dalolatdir.
«...albatta, biringiz jannat ahlining amalini qilib kelib, o‘zi bilan jannatning orasida bir arshin qolganida undan o‘sha kitob o‘zib ketib, do‘zax ahlining amalini qiladi-da, unga kiradi».
Odamning nima bo‘lishini kim bilar edi? Hatto o‘sha odamning o‘zi ham bilmaydi. Umr bo‘yi toat-ibodatda yurib, oxirida shaytonning ig‘vosiga uchib, ishi rasvo bo‘lishi mumkin.
«Albatta, biringiz do‘zax ahlining amalini qilib kelib, o‘zi bilan do‘zaxning orasida bir arshin qolganida undan o‘sha kitob o‘zib ketib, jannat ahlining amalini qiladi-da, jannatga kiradi».
Bunaqasi ham bo‘lishi mumkin. Umr bo‘yi nima qilib yurgan bo‘lsa-da, oxirgi paytda insonligi qo‘zib, yaxshi bir amal bilan holi batamom o‘zgarib qolishi mumkin. Shuning uchun ham, «Aqoid» ulamolari ushbu hadisi sharifni va shunga o‘xshash boshqa hadislarni dalil qilib: «Ahli qibladan muayyan shaxsni jannatiy yoki do‘zaxiy ekanligiga qat’iy hukm qilib bo‘lmaydi», deydilar. Ammo yuqorida zikr qilingan ikki holatda ham qadarning, Allohning sobiq ilmining majburiy ta’siri yo‘q. Kitobning o‘zib ketishi esa unda yozilgan ilmning o‘ta aniq va puxta ekanligini bildiradi xolos. Ushbu hadisi sharifda Allohning ilmi shomilu komil, anig‘u puxta, hamma narsani qamrab oluvchi ekanligi bayon qilindi. Bu haqiqatni birma-bir o‘rganib chiqdik. Hadisning oxirida inson o‘z amali asosida hukm chiqarib, Allohni unutib qo‘ymasligi yoki ko‘ngli bir oz bo‘lsa ham boshqa tomonga burilishi mumkin emasligi ta’kidlanmoqda. Hech kim «Umrim bo‘yicha yaxshi amal qildim, endi albatta jannatga kiraman», deb xotirjam bo‘lmasin! Hatto umrining oxirgi lahzasida ham ish boshqa tomonga aylanib ketishi mumkin. Chunki hamma narsa Allohning amri bilan bo‘ladi. Hech kim «Men umrim bo‘yi gunoh qilib o‘tdim, endi albatta do‘zaxga tushaman», deb noumid bo‘lmasin! Hatto umrining oxirgi lahzasida ham ish boshqa tomonga aylanib ketishi mumkin. Chunki hamma narsa Allohning amri bilan bo‘ladi. Ishlarning xotimasiga qarab, yakun yasaladi. Umrning intihosi qachonligini hech kim bilmaydi. Shuning uchun hayotning har lahzasini umrning oxiri deb bilish kerak. Yaxshilik qilib yurganlar oxirgi ishi yomonlik bo‘lib qolmasligi uchun intilishi kerak. Yomonlik qilganlar qolgan har bir lahzani umrining oxirgi lahzasi, deb yaxshilik qilishga o‘tishi kerak. Qazo va qadarga bo‘lgan iymonning foydasi ham shunda – kishini doimo yaxshilikka chorlab, yomonlikdan qaytarib turishida! ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Aprel 2022, 19:27 | Savol-javoblar | 197 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar