Azon aytilganda ayollar

Assalomu alaykum! Ayollar azon ovozini eshitganda nima deyishi yoki nima qilishi kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Quyidagi duo erkagu-ayolga bir xil. Azonning duosini o‘qish ayollarga ham sunnat. Duoni arab tilidagisini o‘qish kerak. Shuncha yillardan beri azon aytiladi, duo qilinadi. Lekin sunnatga muvofiq duo qilishda kamchiliklar uchraydi. Azon aytishda ham kamchilik va xatolarga yo‘l qo‘yiladi. عَنْ أَبِي سَعِيدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إِذَا سَمِعْتُمُ النِّدَاءَ فَقُولُوا مِثْلَ مَا يَقُولُ الْمُؤَذِّنُ رَوَاهُ الْخَمْسَةُ وَزَادَ غَيْرُ الْبُخَارِيِّ ثُمَّ صَلُّوا عَلَىَّ، فَإِنَّهُ مَنْ صَلَّى عَلَيَّ صَلَاةً صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ بِهَا عَشْرًا، ثُمَّ سَلُوا اللهَ لِي الْوَسِيلَةَ، فَإِنَّهَا مَنْزِلَةٌ فِي الْجَنَّةِ لَا تَنْبَغِي إِلَّا لِعَبْدٍ مِنْ عِبَادِ اللهِ، وَأَرْجُو أَنْ أَكُونَ أَنَا هُوَ، فَمَنْ سَأَلَ اللهَ لِيَ الْوَسِيلَةَ حَلَّتْ لَهُ الشَّفَاعَةُ  Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Qachon azonni eshitsangiz, muazzin aytayotgan narsani aytinglar», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan. 
Buxoriydan boshqasi:
«So‘ngra menga salavot aytinglar, chunki kim menga bir salavot aytsa, albatta, Alloh unga o‘n salavot aytadi. Keyin menga Vasilani so‘ranglar. Bas, u jannatdagi bir manzila bo‘lib, Allohning bandalaridan bittasigagina lozim bo‘lur. O‘sha banda men bo‘lishimni orzu qilaman. Kim menga Vasilani so‘rasa, unga shafoat halol bo‘lur»ni ziyoda qilgan. عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللهِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ مَنْ قَالَ حِينَ يَسْمَعُ النِّدَاءَ اللَّهُمَّ رَبَّ هَذِهِ الدَّعْوَةِ التَّامَّةِ، وَالصَّلَاةِ الْقَائِمَةِ، آتِ مُحَمَّدًا الْوَسِيلَةَ وَالْفَضِيلَةَ، وَابْعَثْهُ مَقَامًا مَحْمُودًا الَّذِي وَعَدْتَهُ، حَلَّتْ لَهُ شَفَاعَتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا مُسْلِمًا   Jobir roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kim azonni eshitganidan keyin «Allohumma, Robba hazihid da’vatit-taammati vas-solatil qoimati aati Muhammadan al-vasiylata val faziylata vab’ashu maqoman mahmudan allazii va’adtahu», desa, qiyomat kuni unga shafoatim halol bo‘lur», dedilar».
Beshovlaridan faqat Muslim rivoyat qilmagan.
Ushbu hadisi sharifda kelgan duoning ma’nosi quyidagicha: «Allohim! Ey ushbu tugal da’vatning va qoim bo‘ladigan namozning Robbi! Muhammadga Vasilani va fazilatni bergin. Hamda uni O‘zing unga va’da qilgan maqomi Mahmudda qayta tiriltirgin».
«Vasila» jannatdagi oliymaqom manzila ekanligi hadisda zikr qilindi.
«Maqomi Mahmud» – maqtalgan maqom esa Alloh taoloning «Shoyadki, Robbing seni Maqomi Mahmudda qayta tiriltirsa» oyati ila Alloh taolo tomonidan Muhammad sollallohu alayhi vasallamga va’da qilingan. Maqomi Mahmud – buyuk shafoat maqomidir.
Demak, qiyomat kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shafoatlariga musharraf bo‘laylik, desak, azondan keyin ushbu duoni o‘qib yurishimiz kerak bo‘ladi. Boshqa bir rivoyatda «innaka laa tuxliful mii’aad» qo‘shimcha qilingan. عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الدُّعَاءُ لَا يُرَدُّ بَيْنَ الْأَذَانِ وَالْإِقَامَةِ» رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِAnas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Azon va iqoma orasidagi duo rad qilinmas», dedilar».
«Sunan» sohiblari rivoyat qilishgan.
Ushbu vaqt duo to‘siqsiz qabul qilinadigan vaqtlardan biridir, chunki bu vaqt sharafli vaqtdir. Shuning uchun ham azon bilan iqomaning orasida chin qalbdan, qabul bo‘lishiga to‘la ishonib, shartlarini keltirib duo qilish lozim. ("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

6 May 2022, 22:05 | Savol-javoblar | 214 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar