Tavfiq nima?

Assalomu alaykum! Tavfiq haqida malumot bersangiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo "Shuuro" surasida marhamat qiladi:  شَرَعَ لَكُم مِّنَ الدِّينِ مَا وَصَّى بِهِ نُوحًا وَالَّذِي أَوْحَيْنَا إِلَيْكَ وَمَا وَصَّيْنَا بِهِ إِبْرَاهِيمَ وَمُوسَى وَعِيسَى أَنْ أَقِيمُوا الدِّينَ وَلَا تَتَفَرَّقُوا فِيهِ كَبُرَ عَلَى الْمُشْرِكِينَ مَا تَدْعُوهُمْ إِلَيْهِ اللَّهُ يَجْتَبِي إِلَيْهِ مَن يَشَاء وَيَهْدِي إِلَيْهِ مَن يُنِيبُ۝ 13. U Zot sizlarga din etib, O‘zi Nuhga vasiyat qilgan va senga vahiy qilgan hamda Ibrohim, Muso va Iysoga vasiyat etgan narsamizni shariat qildi: «Dinni barpo qilingiz va unda tafriqaga tushmangiz!» Mushriklarga sen da’vat qilgan narsa og‘ir keldi. Alloh O‘zi xohlagan kishini tanlab olur va O‘zigagina tavba qiluvchi kishini hidoyat qilur.
Ushbu oyatdan samoviy dinlarning asli bir ekani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Ushbu oyatda «sizlarga» deb qilinayotgan xitob Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlariga qaratilgan. «Vasiyat» so‘zi esa har bir ta’kidlab, uqdirilib, ahamiyatli ekani alohida anglatilgan gap ma’nosini bildiradi.
«U Zot sizlarga din etib, O‘zi Nuhga vasiyat qilgan va senga vahiy qilgan hamda Ibrohim, Muso va Iysoga vasiyat etgan narsamizni shariat qildi».
Demak, Nuh alayhissalomga, Muhammad alayhissalomga, Ibrohim, Muso va Iyso alayhissalomlarga Alloh taolo tomonidan vahiy etib, ta’kid ila tavsiya qilingan narsa bitta. U ham bo‘lsa, musulmon ummatiga yuborilgan Islom dinidir. Shuning uchun Alloh avvalgi payg‘ambarlarga yuborgan din ham Islom dini, unga ergashganlar ham «musulmonlar» deyiladi.
Ushbu oyatda Nuh, Muhammad, Ibrohim, Muso va Iyso payg‘ambarlarning (alayhissalom) tilga olinishlari u zoti bobarakotlar peshvo, ulul azm payg‘ambarlar bo‘lganliklaridandir. Ushbu ulug‘ payg‘ambarlardan har birlarining dinlari bir bo‘lishi bilan birga, shariatlari o‘zlariga xos bo‘lgan. Ularning oralarida kelgan boshqa nabiylar esa o‘zlaridan oldingi ulul azm payg‘ambarlarning shariatlariga amal qilib, odamlarni ham o‘sha shariatga amal qilishga chorlaganlar. Shunday qilib, payg‘ambar ketidan payg‘ambar, shariat ketidan shariat kela-kela, bir-birini to‘ldira borib, oxiri eng mukammal shariatga – Muhammad sollallohu alayhi vasallamga berilgan shariatga etib kelindi. Alloh taolo bandalariga:
«Dinni barpo qilingiz va unda tafriqaga tushmangiz!»
Ya’ni dinni Alloh taolodan qanday kelgan bo‘lsa, shunday barpo qilingiz, unga ana shunday holida amal qilingiz. Din haqida turli tafriqaga tushib, ixtilof qilmangiz. Ey Muhammad!
«Mushriklarga sen da’vat qilgan narsa og‘ir keldi».
Sen ularni turli-tuman soxta xudolaridan voz kechishga da’vat qilding, bu narsa ularga og‘ir keldi. Sen ularni tavhidga – yakkayu yolg‘iz Allohga ibodat qilishga da’vat qilding, bu narsa ularga og‘ir keldi. Sen ularni har xil johiliy qonun-qoidalarini tark etib, Allohning qonuni asosida yashashga da’vat qilding, bu narsa ularga og‘ir keldi. Umuman,
«Alloh O‘zi xohlagan kishini tanlab olur va O‘zigagina ko‘p tavba qiluvchi kishini hidoyat qilur».
Alloh taolo O‘zining ushbu qadimiy qoidasi asosida seni, ey Muhammad (sollallohu alayhi vasallam), O‘zining oxirgi payg‘ambarligiga tanlab oldi va O‘ziga iltijo qilgan baxtiyor bandalarini hidoyatga solib, mo‘min-musulmon qildi. Allohga iltijo qilishdan bosh tortib, sarkashlik qilganlar esa zalolat botqog‘iga botib qolaverdilar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

6 May 2022, 23:10 | Savol-javoblar | 986 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar