Savdoda urib qolish

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar masjidimiz imomi tijorat mavzusida, “Tarozidan urib qolish, litr, metr, kilodan urib qolish gunoh” dedilar. Qiyomat kuni har bir gramm, sm, metr uchun javob beradi dedilar. Endi biz tadbirkorlik bilan shug‘ullanamiz. Bizning tavarlarni ishlab chiqaruvchilar bor. Ular bizga chopon ishlab chiqarib berishadi. O‘sha choponning yoqqasiga o‘lchamlari yozilgan bo‘ladi. Ya’ni, 1metr 45 sm. 1.40 sm xar hil o‘lchamda. Bizga masalan mana shu 1metr 45 smlik chopon deb berishadi. Choponni yoqqasiga ham 145 yozilgan bo‘ladi, bizlar uni oladigan haridorga kiydiramiz. U kichiklik qiladi. Olib o‘zimiz metr bilan o‘lchaganimizda 145 sm emas, balki 140-138 chiqadi. Yozilgandan ancha kalta yoki kichkina bo‘ladi. Qolgan o‘lchamlari ham shunaqa chiqadi. 125smlik 120 sm chiqadi o‘lchaganda. E’tiroz bildirib aytganimizda, tikkanlik uchun ketadi deydi. Lekin tikkanda unchamas 2-3sm ketadi. Avvallari chiqaryotgan narasalari to‘g‘ri o‘lchami bilan chiqardi, hozir esa undaymas. Bizning haqqimizga olayotgan xiyonat qilayotgan bo‘ladimi? Agar shunday bo‘lsa, bizlar unda o‘sha odamga nima deyishimiz kerak? Iloji bo‘lsa shu mavzuda hadislar bo‘lsa keltirsangizlar
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Undaylarni oqibati ayanchli bo‘ladi. Alloh taolo "Mutoffifiin" surasida marhamat qiladi:  وَيْلٌ لِّلْمُطَفِّفِينَ۝ 1. Vayl bo‘lsin o‘lchovdan urib qoluvchilarga.
«Vayl» so‘zining ikki xil ma’nosi bor, biri «Voy bo‘lsin», ikkinchisi esa do‘zaxning nomlaridan biri «Vayl», ya’ni «O‘lchovdan urib qoluvchilarga Vayl do‘zaxi bo‘lsin» deganidir.
Bizningcha, ikki ma’no bir-birini to‘ldirib keladi: «Vayl»ga tushgan odamning holiga voy bo‘ladi, holiga voy bo‘lgan odam «Vayl»ga tushadi.
Demak, Islom o‘zining dastlabki kunlaridan boshlaboq, birovning haqqini haromdan eyishga qarshi qattiq urush ochgan. U o‘lchovdan oz-oz urib qoluvchilarning ham do‘zaxga tushib, holi voy bo‘lishini e’lon qilgan. Qur’oni Karim bu masalani ushbu surai karimadan boshqa suralarda ham ko‘targan. Xususan, Shua’yb alayhissalom qissasida u zotning qavmlarining eng katta aybi o‘lchovda birovning haqidan urib qolish ekani takror-takror ta’kidlangan. Har safar shu haqda so‘z ketganda, Alloh taolo o‘sha qavmni mazkur aybi uchun halok qilgani ham takrorlangan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam esa o‘z hadisi shariflarida oyati karimalarning ma’nolarini ta’kidlaganlar. Jumladan, imom Hokim va Tobaroniy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u zot sollallohu alayhi vasallam: «O‘lchovdan urib qolmaslar. Nabototdan man qilinurlar va qahatchilik ila tutilurlar», – deganlar. Bu «O‘lchovda birovning haqidan urib qolish bilan mashg‘ul bo‘lgan qavmning yurtidan baraka ko‘tarilib, ocharchilikka duchor bo‘lurlar» deganidir.
Birinchi oyatda o‘lchovdan urib qoluvchilarga beriladigan jazo e’lon qilib bo‘linganidan so‘ng, endi keladigan oyatlarda ular mazkur qabih ishni qanday shaklda olib borishlari vasf qilinadi. الَّذِينَ إِذَا اكْتَالُواْ عَلَى النَّاسِ يَسْتَوْفُونَ۝  وَإِذَا كَالُوهُمْ أَو وَّزَنُوهُمْ يُخْسِرُونَ۝ 2. Ular odamlardan narsa o‘lchab olsalar, to‘liq olarlar.
3. Va agar odamlarga o‘lchab yoki tortib bersalar, kamaytirarlar.
Ha, o‘lchovda urib qoluvchilar asosan olibsotar savdogarlar bo‘ladilar. Ular savdogarliklarini halollik, poklik bilan qilsalar, eng barakali kasbni qilgan bo‘lar edilar, ko‘p foyda topar edilar. Ammo ular ochko‘z, ebto‘ymas shaxslarga aylanib qolganlar. Shuning uchun savdodan tushgan foydani eb, to‘ymasdan, o‘lchovdan ham urib qolib – yalab to‘ymoqchi bo‘ladilar.
Ular kishilardan narsa o‘lchab olayotganlarida zarracha ham kamaytirmasdan, iloji bo‘lsa, bir oz ortig‘i bilan o‘lchab olishga urinadilar. O‘zlari birovga o‘lchab yoki tortib berganlarida esa kamaytirib beradilar. Ana o‘shalar shu yo‘l bilan foyda ko‘rmoqchi bo‘ladilar. Kishilarga sezdirmay, oson yo‘l bilan molu mulk kasb qilmoqchi bo‘ladilar. Ehtimol, ular bu besh kunlik dunyoda qo‘lga tushmay, qilgan jinoyatlarining jazosini tortmay, qutulib ketarlar. Ammo... أَلَا يَظُنُّ أُولَئِكَ أَنَّهُم مَّبْعُوثُونَ۝ 4. Ana shular albatta qayta tiriltirilishlarini o‘ylamaydilarmi?
Qayta tiriltirilganlarida ham... لِيَوْمٍ عَظِيمٍ۝ 5. Buyuk bir Kunda.
Qayta tiriltirilurlar. يَوْمَ يَقُومُ النَّاسُ لِرَبِّ الْعَالَمِينَ۝ 6. U Kunda odamlar olamlar Robbi huzurida tik turarlar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan).  Vallohu a’lam!

7 May 2022, 02:04 | Savol-javoblar | 166 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar