Dengiz suvi tozami

Assalomu alaykum! Dengizda baliqlar, odamlar cho‘kib o‘lganini, qon to‘kilganini har xil narsalar toza-notoza narsalar borligini bilamiz. Shu suvda cho‘milsa bo‘ladimi? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Hadisda quyidagicha keladi: عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: سَأَلَ رَجُلٌ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّا نَرْكَبُ الْبَحْرَ وَنَحْمِلُ مَعَنَا الْقَلِيلَ مِنَ الْمَاءِ، فَإِنْ تَوَضَّأْنَا بِهِ عَطِشْنَا أَفَنَتَوَضَّأُ بِمَاءِ الْبَحْرِ؟ فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: هُوَ الطَّهُورُ مَاؤُهُ، الْحِلُّ مَيْتَتُهُ. رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi:
«Ey Allohning Rasuli, albatta, biz dengiz 
(kemasi)ga minamiz. O‘zimiz bilan ozgina suv olamiz. Agar u bilan tahorat qilsak, chanqaymiz. Dengizning suvidan tahorat qilaveraylikmi?» dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«U suvi pok, o‘limtigi halol narsadir», dedilar».
«Sunan» kitoblari egalari rivoyat qilganlar.
Sharh: Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan bu hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam savolga javob bera turib, dengiz suvining hukmi va o‘zi o‘lib qolgan dengiz hayvonlarining hukmini bayon qilmoqdalar.
Sahobai kiromlarning ishtibohli narsalarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan so‘rash odatlari bor edi. Dengiz safariga tez-tez chiqib turadigan bir odam dengiz suvi ila tahorat qilsa bo‘ladimi-yo‘qmi, bilgisi keldi. Dengiz suvini ichib bo‘lmasligidan, uning ta’mi, rangi, hidi boshqacharoqligidan ko‘ngliga shubha tushgan bo‘lsa kerak.
U kishi nihoyat:
«Ey Allohning Rasuli, albatta, biz dengiz (kemasi)ga minamiz. O‘zimiz bilan ozgina suv olamiz. Agar u bilan tahorat qilsak, chanqaymiz. Dengizning suvidan tahorat qilaveraylikmi?» deb so‘radi.
Savol juda o‘rinli edi. Dengizda yurgan odam odatda ichimlik suvidan va tahorat qilinadigan suvdan uzoqda bo‘ladi. O‘zi bilan olgan suvi esa ichishga zo‘rg‘a etadi. Shu bilan birga, u musulmon, ibodat qilishi farz. Ibodat uchun esa tahorat shart. Shuning uchun u kishi Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamdan: «Dengiz suvidan tahorat qilsa bo‘ladimi?» deb so‘ramoqda.
Bu savolga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qisqa va lo‘nda javob berdilar:
«U suvi pok, o‘limtigi halol narsadir», dedilar. Ya’ni, dengizning suvi pok, dengiz hayvonlarining o‘limtigi esa haloldir.
Ko‘rinib turibdiki, Payg‘ambarimiz javobni ikki hissa qilib berganlar. Savol faqat dengiz suvi haqida edi. Javob esa ham suv, ham o‘limtik haqida bo‘ldi.  Shundan kelib chiqib, ulamolarimiz savolga keragidan ham ortiq javob berish mumkin, degan xulosa chiqarganlar.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Ishtibohli masalalarni hech tortinmay, biladigan kishilardan so‘rab olish zarurligi.
2. Dengiz suvining pok ekanligi, ya’ni u bilan tahorat qilish, g‘usl qilish, nopok narsa tekkan joylarni yuvib tashlash va uni ichadigan holga keltirib, iste’mol qilish mumkinligi.
3. Suv hayvonlarining o‘limtigi halolligi. Chunki ularda qon bo‘lmaydi. Qoni bor halol hayvonlarni shar’iy yo‘l bilan so‘yish shart. Suv hayvonlarida qon bo‘lmaganligi tufayli ularning o‘limtigi ham halol bo‘laveradi.
Ulamolar «Mazkur hayvonlarning suv ichida, ya’ni yashash joyida o‘lib qolganlari halol bo‘l¬maydi», deganlar. Chunki biror zararli narsa bo‘lmasa, suv hayvoni suvda o‘z ajalidan oldin o‘lmasligi aniq.
Lekin tiriklay ovlangan, ya’ni tutib olingan suv hayvoni quruqliqqa chiqqach, o‘ladi. Ana shu o‘limtik halol ekan.
Shuningdek, ulamolar ba’zi suv hayvonlari, ayniqsa, suv cho‘chqasi haqida ixtiloflar qilishgan.
4. Berilgan savolga keragidan ortiq javob qaytarish yaxshiligi.
Demak, dengiz suvini poklash uchun ishlatishimiz, dengiz hayvonlari o‘limtigini tanovul qilishimiz mumkin. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

7 May 2022, 11:22 | Savol-javoblar | 184 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar