Dilni og‘ritganning ahvoli

Assalomu alaykum! Birovni dilini og‘ritkan banda oxirati nima bo‘ladi? Birovni dilini og‘ritkan bandani Alloh taolo kechiradimi? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bir kun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhodan xursand bo‘lib, “Ey Oisha mendan xohlagan narsangni so‘ra” dedilar. Oisha roziyallohu anho juda ham ziyrak ayol edilar, bu fursatni qo‘ldan boy bermaslik uchun eng yaxshi narsani so‘rashni qasd qildilar va “Bu borada otam bilan maslahatlashsam” dedilar. Abu Bakr roziyallohu anhuning huzurlariga borib voqe’ani bayon qildilar. Abu Bakr roziyallohu anhu : “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam me’rojga chiqqanlarida Alloh taolo u zotga sirlarni aytgan. O‘shalardan birini aytib berishlarini so‘ra” dedilar. Oisha onamiz roziyallohu anho o‘sha narsani so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Robbim menga me’roj kechasida “Mening nazdimda mo‘minning darajasi shu darajada yuqoriki, qaysi bir mo‘min boshqa bir mo‘minning qalbiga xursandchilik solsa, albatta jannatiy bo‘ladi” dedi” dedilar. Oisha roziyallohu anho xursand bo‘lib Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga bu gapni etkazgan edilar Abu Bakr qattiq yig‘ladilar. Oisha roziyallohu anho “Nega yig‘laysiz, axir bu xursandchilik xabar emasmi” deganlarida, otalari “Bu, mo‘minning qalbi Alloh taoloning nazdida shu darajada qadrliki, kim unga ozor etkazsa, do‘zaxiydir” degani bo‘ladi – dedilar. Vallohu a’lam!

7 May 2022, 15:10 | Savol-javoblar | 149 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar