Qarz munosabati

Assalomu alaykum! Bir yaqin do‘stim juda ko‘p qarz oladi. Eng qizig‘i qarz olib qiynalgan insonlarga ham yordam beradi. Lekin qarzini berishga kelganda o‘zini juda hotirjam his qiladi. Savolim shuki: qarz berishda savob borligini bilamiz, lekin qarz olishda ham qandaydir ko‘rsatmalar bormi? Shariatimizda qarz so‘rashga kimni haqqi bor? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Qarz muomalasi o‘ta va o‘ta og‘ir muomala. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Qodir bo‘laturib qarzni kechiktirish zulmdir” deganlar. Ya’ni har kechiktirgan lahzasi uchun zulm qilgan hisoblanadi. Zulm esa shar’an harom. Unday inson to‘xtovsiz harom amalini qilib turgan bo‘ladi. Shuning uchun ham o‘lsa ham jannatga kirolmaydi. Afsus(ba’zi) qancha-qancha insonlar ayolim va farzandlarim orzu havasiga erishsin deb qarzdor holatda o‘lib ketishmoqda. O‘sha ayoli boshqaga erga tegib, farzandlari uning zimmasidagi qarzga olingan ularda yashab otasining qarzini uzishni xayollariga ham keltirishgani yo‘q. Qarzni so‘rab kelganlarga “hech narsamiz yo‘q” deb bahona qilishadi. Vaholanki o‘sha o‘tirgan uyi ham tijorati ham o‘sha otasi olgan qarzdan bo‘ladi. Ular uchun shunchalik fidokorlik qilsa ham ayoli va farzandlari unga jannatni ham ravo ko‘rishmaydi. Agar haqiqatan otasiga musulmonni musulmonga ravo ko‘radigan darajada muhabbati bo‘lganida albatta qarzini uzishga harakat qilib jannatni ravo ko‘rgan bo‘lar edi. وَلِلنَّسَائِيِّ: وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لَوْ أَنَّ رَجُلًا قُتِلَ فِي سَبِيلِ اللهِ، ثُمَّ أُحْيِيَ ثُمَّ قُتِلَ، ثُمَّ أُحْيِيَ ثُمَّ قُتِلَ وَعَلَيْهِ دَيْنٌ مَا دَخَلَ الْجَنَّةَ حَتَّى يُقْضَى عَنْهُ دَيْنُهُ Nasaiy qilgan rivoyatda:
«Mening jonim qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, agar bir kishi Allohning yo‘lida qatl qilinsa, so‘ng tiriltirilsa, yana qatl qilinsa va tiriltirilsa, so‘ng yana qatl qilinsa-yu, uning zimmasida qarzi bo‘lsa, qarzi ado etilmaguncha jannatga kirmas», deyilgan.
Sharh: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qasam ichib turib aytishlari ham bu ish qanchalik ahamiyatli ekanligini ko‘rsatadi.
Alloh taoloning yo‘lida shahid bo‘lish qanchalik ulug‘ maqom. Shahid uchun jannat eshiklari doimo katta ochiq. Lekin qarz ishi og‘ir. Agar inson Allohning yo‘lida bir emas, uch marta shahid bo‘lsa ham, qarzini ado qilmagan bo‘lsa, jannatga kira olmaydi. Unday odamning jannatga kirishi olgan qarzining uzilishiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Qarzi uzilsa, jannatga kiradi, bo‘lmasa yo‘q.
Chunki qarz bandaning haqqi, bu haqni faqat o‘z egasi kechadi, xolos. Alloh taolo kechmaydi. Qarz olib, uni uzmay yurganlar bu haqiqatni yaxshilab anglab olmoqlari lozim. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Ustozimiz rahimahullohning “Qarz” degan kitoblari bor. Vallohu a’lam!

7 May 2022, 22:18 | Savol-javoblar | 149 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar