Qalbimga qarshi chiqa olmayapman hadisi haqida

Assalomu alaykum! Men ko‘p marta Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning "Ey Robbim! Qalbimga qarshi chiqa olmayapman" degan gap aytganligi to‘g‘risidagi gaplarga duch kelib qolaman. Imkon darajasida o‘zim qidirib ko‘rdim. Lekin topa olmadim. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Hadisda quyidagicha keladi: عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقْسِمُ بَيْنَ نِسَائِهِ فَيَعْدِلُ وَيَقُولُ: اللَّهُمَّ هَذَا قَسْمِي فِيمَا أَمْلِكُ، فَلَا تَلُمْنِي فِيمَا تَمْلِكُ وَلَا أَمْلِكُ. رَوَاهُمَا أَصْحَابُ السُّنَنِ  Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam xotinlari orasida taqsimni adolat bilan qilar edilar va:
«Allohim! Bu o‘zim ega bo‘lgan narsadagi taqsimim. Sen O‘zing ega bo‘lib, men ega bo‘lmagan narsada meni malomat qilmagin», der edilar».
Ikkovini «Sunan» egalari rivoyat qilganlar.
Sharh: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘z xotinlariga nafaqani, kiyimni, turar joyni, muomalani bir xil qilar edilar. Shu bilan birga, ko‘ngil ishiga kelganida o‘zlarining xohishlaridan tashqari narsada kamchilik sodir bo‘lsa, Alloh taolodan kechirishini so‘rab turar edilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdek zot shunday bo‘lganlaridan keyin oddiy kishilardan ko‘p xotinlilarning holini bilib olsak bo‘laveradi. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

7 May 2022, 23:34 | Savol-javoblar | 231 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar