namozni uyda okish

Maxalla masjidlarida ruxsat yo‘k. Jome masjidi uzok. Namozni uyda o‘kisak bo‘ladi? Yoki qancha masofadagi insondan jamoat sunnati soqit bo‘ladi? Qancha masofadagi insonga juma o‘rniga peshin o‘qishi mumkin?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Jumaning vojib bo‘lish shartlari
Juma namozini o‘qishi lozim bo‘lgan kishilarda ma’lum shartlar topilishi kerak:
1.     Hur-ozod bo‘lishi shartdir. Qulga va mahbusga juma farz bo‘lmaydi.
2.     Erkak bo‘lishi shartdir. Ayollarga juma farz emas.
3.     Balog‘atga etgan bo‘lishi ham shartdir. Go‘dakka garchi uning bo‘yi cho‘zilib qolgan bo‘lsa ham, juma farz bo‘lmaydi. Lekin uni ota-onasi xuddi boshqa farzlarga buyurganidek, jumaga ham buyurib turishlari lozim.
4.     Salomat bo‘lishi ham shartdir. Kasal kishiga juma farz bo‘lmaydi.
5. Ko‘zi sog‘lom bo‘lishi ham shartdir. Ko‘zi ojizga juma farz emas.
6.     Ikki oyog‘i salomat bo‘lishi ham shart. Jumaga borishdan ojiz bo‘lib o‘tirib qolgan kishiga ham juma o‘qish farz bo‘lmaydi.
7.     Xotirjamlik ham shartdir. O‘z nafsi uchun biror zolimning yoki biror fitnaning xavfi bo‘lsa ham, u kishiga juma namozi farz bo‘lmaydi.
8.     Shaharda istiqomat qilayotgan bo‘lishi ham shart. Shahar deb uning taklif yoshiga etgan aholisi eng katta masjidga to‘planganda sig‘maydigan darajada bo‘lgan makonga aytiladi.  
9.     Yana shu shaharning qozisi va yoki amiri bo‘lishi ham shartdir.  
10.     Muqimlik ham juma namozini o‘qishlikni vojib qiladigan shartlardandir. Agar kishi musofir bo‘lsa, unga juma namozini o‘qishlik vojib bo‘lmaydi. Lekin shu musofir borgan shaharda o‘n besh kundan ko‘proq turishni niyat qilsa, unga jumani o‘qish vojib bo‘ladi. Ya’ni, jumani o‘qish vojib bo‘lishi uchun o‘z vatanida bo‘lishi shart emas, balki musofir yurtda bo‘lsa-da, u erda iqomatni niyat qilgan bo‘lsa, jumani o‘qish vojibga aylanadi. Faqat shart shuki, iqomat niyat qilgan makoni jome’ masjididan taqriban ikki yuz metrdan uzoq bo‘lmasligi kerak.
Kimga juma namozini o‘qish vojib bo‘lmasa, u jumaning o‘rniga peshinni o‘qiydi. Mabodo, jumani o‘qisa ham, durust bo‘laveradi, yana qaytarib peshinni o‘qimaydi. Ammo ayollar xoh keksalari bo‘lsin, xoh yoshlari bo‘lsin, jamoat bo‘lishlari makruhligi uchun jumaning o‘rniga peshinni o‘qiganlari afzaldir. Mazkur uzrlar sababli jumaning o‘rniga peshinni o‘qiydigan kishilar imom juma namozini o‘qib bo‘lgandan keyin peshinni o‘qiganlari ma’qul. Chunki imom jumani ado qilmay turib, uzrlilar peshinni o‘qishlari makruh hisoblanadi.  
(Izoh: Yana juma namozini o‘qiy olmaganlar o‘sha kunning peshinini yolg‘iz holda jamoat bo‘lmasdan o‘qishadi).
Juma namozining durust bo‘lish shartlari
Juma namozining durust bo‘lishi uchun quyidagi shartlar mukammal bo‘lishi lozimdir:
1.     Juma shaharda o‘qilishi kerak. Yuqorida shaharning ta’rifini keltirdik.
Agar shahar bo‘lishi sharti topilmagan qishloqda juma namozi o‘qilsa, durust bo‘lmaydi. Ularga peshinni o‘qishlik lozim bo‘ladi.
2.     Juma namoziga imomlikka sulton yoki uning noibi va yo o‘sha masjidga tayin qilingan imom bo‘lishi shartdir. Xuddi shu ahvol bugungi voqe’likda mavjuddir.
3.     Peshin vaqti kirgan bo‘lishi ham shartdir. Chunki peshin vaqti jumaning vaqti hisoblanib, undan oldinroq o‘qilgan juma namozi durust bo‘lmaydi. Peshin vaqti chiqishi bilan jumaning ham vaqti chiqadi.
4.     Xutba. Jumada ozmi-ko‘pmi xutba o‘qishlik ham shartdir. U hamd (alhamdulillah), tasbeh (subhanalloh), tahlil (la ilaha illalloh)ni bir marta aytish bilan ham xutba o‘rniga o‘tadi. Lekin shuning o‘zi bilan kifoyalanish makruhdir. Jumada bitta xutbaning o‘zini o‘qisa kifoya qiladi. Lekin uni takror o‘qishlik sunnatdir. Xutbani namozdan oldin aytish shart qilinadi.  
5.     Juma namoziga imomdan tashqari uch kishi hozir bo‘lishi ham shartdir. Chunki jamoat ushbu adad bilan hosil bo‘ladi. Shu jamoat oqil, balog‘atga etgan erkaklardan tashkil topgan bo‘lishi lozim. Mabodo, jamoat oqil, balog‘atga etgan musofir yoki kasal kishilardan tashkil topgan bo‘lsa ham, kifoya qiladi. Ammo faqat ayollar va go‘daklardan tashkil topgan jamoat bilan juma namozini o‘qish durust bo‘lmaydi.
(Izoh: Boshqa namozlardan ko‘ra juma namozida imomdan tashqari uch kishi bo‘lishining shart qilinishi sababi agar imomning tahorati ketib qolsa, safdan bir kishini o‘rniga tortib qo‘yadi, shunda orqada jamoat saqlanib qolishi lozim. Mabodo, keyingi imomning ham tahorati sinib qolsa, endi juma botil bo‘lib, o‘rniga peshinni o‘qishlari shart bo‘ladi).
Jumaning xutbasida bir qancha sunnatlar bo‘lib, ularning ba’zisi xatibga va ba’zisi xutbaga tegishlidir. Xatib katta-yu kichik betahoratlikdan pok bo‘lishi kerak. Mabodo tahorati bo‘lmasa ham, xutbasi makruhlik bilan durust bo‘ladi. Imom xutbani boshlashdan oldin bir oz minbarda o‘tirishi ham sunnatdir. Lekin qavmga salom berishi makruh hisoblanadi. Xutbani tik turgan holda qilishlik ham sunnatdir. Agar o‘tirib xutba aytsa ham, biroz karohiyat bilan joiz bo‘laveradi. Imom xutbani qavmga yuzlangan holda qilishi ham sunnatdir. O‘ng yoki chap tomonga burilib olmaydi. Xutbani ikkita qilishlik, ular orasida uch oyat miqdoricha o‘tirishlik sunnatdir. Agar o‘rtadagi o‘tirishni tark qilsa, gunohkor bo‘ladi.  
(Izoh: Ushbu ikki xutbaning orasida o‘tirgan paytida qo‘lini ko‘tarib duo qilishligi to‘g‘ri emas. Balki bu o‘rinda bir oz sukt qilib o‘tirish sunnatdir. Juma kunida duo ijobat bo‘ladigan bir soat berkitilganligi hadislardan ma’lumdir. Ulamolarimiz imom xutbadan tushib namoz uchun mehrobga qarab yurayotgan paytni ushbu soat bo‘lishi mumkin, deyishadi).  
Avvalgi xutbani boshlashda «A’uzu billahi minash shaytonir rojiym»ni o‘zi ichida aytadi. Keyin jahriy qilib Allohga hamd va Uning o‘ziga loyiq bo‘lgan sanolarni aytadi. So‘ngra ikki shahodat kalimalarini o‘qib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salovotu salom yo‘llaydi. So‘ngra ma’siyatlardan saqlanish, Alloh taoloning g‘azabi va azobini vojib qilib qo‘yadigan amallar qilishdan ogohlantirib odamlarga va’z va nasihat qiladi. Yana ularga dunyo va oxiratda najotga sabab bo‘ladigan amallarni eslatadi. Avvalo o‘zini, qolaversa barcha jamoatni taqvoga tavsiya qiladi. Keyin mavzuga tegishli bo‘lgan oyatdan bir oyat tilovat qiladi. Ikkinchi xutbani Alloh taologa hamdu sano aytish bilan boshlaydi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salovotu salom yo‘llaydi. So‘ngra barcha mo‘’min-mo‘’minalar va muslim-muslimalarning haqlariga duo qiladi. Xutbani qisqaroq qilib, namozni uzaytirish ham sunnat amallaridandir.
6.     Juma namozining durust bo‘lish shartlaridan yana biri hamma musulmonlar uchun masjidga kirish ruxsati bo‘lishidir. Masjidga ba’zilarning kirishi ta’qiqlab qo‘yilsa, o‘sha masjidda juma o‘qish durust bo‘lmaydi.
7.     Juma namozini o‘qish uchun jamoat bo‘lish ham shartdir. Bu haqda yuqorida bayon qilindi.
Kishi imomga juma namozini qay bir holatida iqtido qilsa ham, u jumani topgan bo‘ladi. Agar sajdai sahvdan keyingi tashahhud o‘qilayotganda iqtido qilgan bo‘lsa ham, u juma namoziga etgan hisoblanib, imomning salomidan keyin etolmay qolganlarini oxiriga etkazib qo‘yadi.     Manba

24 Aprel 2022, 14:33 | Savol-javoblar | 222 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar