Istig‘for va uning foydalari

Assalomu alaykum! Istig‘for foydalari xaqida ko‘p eshitganmiz. Istig‘for aytsa Alloh xoxlasa gunoxlar kechirilishi bu malum. Ulamolar istig‘forning boshqa foydali tomonlarini aytishadi. Shu foydalari xaqida qaerda yozilgan? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo "Nuh" surasida marhamat qiladi: فَقُلْتُ اسْتَغْفِرُوا رَبَّكُمْ إِنَّهُ كَانَ غَفَّارًا۝ 10. «Robbingizdan mag‘firat so‘rang, albatta, U ko‘plab mag‘firat qiluvchidir», – dedim».
«Istig‘for»ning lug‘aviy ma’nosi «mag‘firatni (gunohning kechirilishini) so‘rash»dir. Amalda banda tilida «astag‘firulloh» va shu ma’nodagi kalimalarni aytib, dil bilan tasdiqlashidir. Umumiy ma’noda esa istig‘for dindorlikni ifoda etadi. Agar bu oyatga amal qilsangiz... يُرْسِلِ السَّمَاء عَلَيْكُم مِّدْرَارًا۝ وَيُمْدِدْكُمْ بِأَمْوَالٍ وَبَنِينَ وَيَجْعَل لَّكُمْ جَنَّاتٍ وَيَجْعَل لَّكُمْ أَنْهَارًا۝11. «Shunda ustingizga yomg‘irni mo‘l ko‘l qilib yuboradir.
12. Va sizga molu mulk va bola-chaqa ila madad beradir va sizlarga bog‘u rog‘lar qilib berur hamda anhorlar qilib beradir.
Buyuk vatandoshimiz imom Abul Barakot Nasafiy o‘zlarining «Madorik» nomli mashhur tafsirlarida ushbu oyati karima tafsiriga quyidagi qissani keltiradilar:
Hazrati imom Hasan Basriy o‘z davrlarida bir guruh kishilar bilan suhbatlashib o‘tirganlarida, bir odam kelib, qurg‘oqchilikdan shikoyat qilibdi. Hazrati imom Hasan Basriy: «Istig‘for aytinglar», – deya maslahat beribdilar. Ikkinchisi kelib, kambag‘allikdan, uchinchisi farzandsizlikdan va hokazo shikoyatlar qilibdilar va barchalariga «Istig‘for aytinglar», degan maslahatni aytibdilar. Shunda suhbatdoshlardan Robiy’ ibn Subayh hazrati Hasan Basriyga murojaat qilib: «Ey Imom, sizga turli kishilar turli narsalardan shikoyat qildilar, siz esa hammalariga bir xil javob berdingiz, buning boisi nedur?» – debdi. Hazrati Imom bu savolning javobiga yuqorida keltirilgan oyatlarni o‘qib beribdilar.
Mazkur oyatda istig‘for bilan rizq bir-biriga bog‘liqligiga ishora qilinmoqda. Qur’oni Karimning ko‘pgina oyatlarida qalb pokligi, dindorlik va hidoyatda yurishdan rizqning mo‘lligi, farovonlik va serobchilik kelib chiqishi ta’kidlangan. Jumladan, «A’rof» surasining 96-oyatida: «Agar shahar-qishloq ahli iymon keltirganlarida va taqvo qilganlarida edi, albatta, ularga osmonu erdan barakotlarni ochib qo‘yar edik. Lekin ular yolg‘onga chiqardilar, bas, ularni kasb qilgan narsalari tufayli tutdik», – deyiladi. Shunga o‘xshash oyatlar «Moida», «Hud» va boshqa suralarda ham bor.
Demakki, qaysi xalq Alloh taolodan qo‘rqsa, yaxshi amallarni qilsa, adolat va omonlikni joriy qilsa, Alloh taolo u xalqni er yuzida peshqadam qilib qo‘yadi. U xalq farovonlik, taraqqiyot va baxtli hayotga erishadi.
Gohida Allohdan qo‘rqmaydigan, iymonsiz xalqlar ham farovonlikka etishishi mumkin, lekin bu sinov uchun bo‘ladi. Keyinroq haqiqiy holat zohir bo‘lib, ko‘zga ko‘rinib turgan faravonlik ortidagi muammolar oshkor bo‘la boshlaydi. Bu Alloh taoloning O‘zidan qaytgan, bandalariga yuborgan azobining boshlanishi bo‘ladi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

9 May 2022, 00:55 | Savol-javoblar | 264 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar