Vaqtinchalik tatuirovka

Assalomu alaykum! Tatuirovka haromligidan xabarim bor. Buning sababi siyohni teri ostiga joylashda deb eshitganman. Vaqtinchalik tatuirovka, ya’ni teri ustiga chiziluvchi rasm (teriga ozor bermagan holda) harom hisoblanmaydimi? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bu jon, badan, butun borlig‘imiz Alloh taoloning mulki. Bizga omonatga berilgan, biz uni saqlashimiz shart. Qanday yuvib tozalaymiz, nimalarni ediramiz, qanday dam oldiramiz, kimlar bilan munosabat qildiramiz hamma hammasi bizga belgilab berilgan. Undan tashqariga chiqishga hech qanday haqqimiz yo‘q. Bizga bu suratni ham Alloh taolo bergan. Aybdor qilib qo‘ysak aybimizni to‘g‘rilatishimiz mumkin. Ammo o‘zimiz xohlaganimizdek o‘zgartirib olishga hech qanaqasiga haqqimiz yo‘q. Shuning uchun qosh terish harom, erkaklar soqolini qirish harom, ayollar sochini qirishi harom, o‘zini jinsini erkakdan ayolga, ayoldan erkakka almashtirish harom, o‘z joniga qasd qilib o‘ldirish harom, aqlni ishdan chiqaradigan ichimlik va moddalarni iste’moli harom, o‘zichasiga bor chiroyni yanada chiroyli qilaman deb siz aytgandek tatuirovkalar qilish harom. Vaqtinchalik terilarini tarang qilib tortirishlar ham harom. Chunki bu kabi barcha ishlar vaqtincha chiroy berib, biroz muddat o‘tgach insonni badbashara holiga keltiradi. Buning misoli mukammal bir rassom nodir bir san’an asarini chizsa va sizni uyingizga omonat deb vaqtinchalik qo‘yib ketsa, sizga yoqmaganligi uchun yoki o‘zingizcha shunday bo‘lsa zo‘r bo‘ladi deb omonat asarga o‘zgartirish kiritish bilan barobardir. Bu ishingiz asar sohibini qanchalar g‘azablantiradi? Vallohu a’lam!

9 May 2022, 04:46 | Savol-javoblar | 143 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar