Allohga bo‘lgan muxabbat

Assalomu alaykum! Allohga va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muxabatni qanday kuchaytirishim mumkun? Men juda qo‘rqaman Allohga va rasulimizga muxabbatim kamayib ketishidan. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo "Oli Imron" surasida marhamat qiladi:  قُلْ إِن كُنتُمْ تُحِبُّونَ اللّهَ فَاتَّبِعُونِي يُحْبِبْكُمُ اللّهُ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ وَاللّهُ غَفُورٌ رَّحِيمٌ۝  31. «Agar Allohni sevsangiz, bas, menga ergashing, Alloh sizni sevadir va sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qiladir. Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir», – deb ayt.
Allohga muhabbat, iymon quruq gaplar emas. Odamlar orasida o‘zining iymoni borligini, Allohga muhabbati borligini aytishi bilan sobit bo‘ladigan narsa ham emas. Allohga haqiqiy muhabbat, haqiqiy iymon og‘izda aytiladigan gap, vijdoniy his-tuyg‘u yoki ba’zi rasm-rusumlarni ado etishdan iborat ish emas. Aslida u Allohga va Uning Rasuliga to‘liq bo‘ysunishdan iboratdir.
«Agar Allohni sevsangiz, bas, menga ergashing...»
Kim Allohga muhabbati borligini da’vo qilsa, bu da’voning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi haqidagi hukm uning Nabiy alayhissalomga ergashishiga qarab chiqariladi. Agar u Nabiy alayhissalomga to‘g‘ri ergashsa, da’vosi to‘g‘ri. Ergashmasa, to‘g‘ri emas. Payg‘ambar alayhissolatu vassalomga ergashish har bir bandaga bitmas-tuganmas baxt-saodat keltiradi. Bu narsa oyatda quyidagicha bayon qilinmoqda:
«Alloh sizni sevadir va sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qiladir».
Mo‘min banda uchun Allohning muhabbatidan ham yaxshiroq baxt-saodat bormi?! Buning ustiga, uning gunohlarini ham mag‘firat qilib tursa! ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

9 May 2022, 05:52 | Savol-javoblar | 234 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar