Ko‘z nuri

Assalomu alaykum! 2020-yilning ro‘za oyida saxarlik vaqtlarida Shayx xazratlarining payg‘ambarlar tarixidan ma’ruzalari televizor orqali eshittirildi. Bitta payg‘ambarning ko‘zlari ko‘rmasdan qolib keyin tuzalganliklari xaqida gapirib bergandilar. Shu payg‘ambar xaqida ma’lumot bersangiz iltimos.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo "Yusuf" surasida marhamat qiladi:  فَلَمَّا أَن جَاء الْبَشِيرُ أَلْقَاهُ عَلَى وَجْهِهِ فَارْتَدَّ بَصِيرًا قَالَ أَلَمْ أَقُل لَّكُمْ إِنِّي أَعْلَمُ مِنَ اللّهِ مَا لاَ تَعْلَمُونَ۝ 96. Xushxabarchi kelgan chog‘ida, u(ko‘ylak)ni uning yuziga tashlaganida, yana ko‘radigan bo‘ldi. U: «Sizlarga men Allohdan sizlar bilmaydigan narsani bilaman, demaganmidim?!» – dedi.
Ushbu oyati karimaning siyoqidan Ya’qub alayhissalomning oldilariga karvondagi o‘g‘illardan oldin ularning xushxabarchisi etib kelgan. Biror kishini yuborib, «Sen oldinroq borib, otamizga xushxabarni etkaz, bu ko‘ylakni ber, ko‘zlari ochilsa, ajab emas», – degan bo‘lsalar kerak.
«Xushxabarchi kelgan chog‘ida, u(ko‘ylak)ni uning yuziga tashlaganida, yana ko‘radigan bo‘ldi».
O‘g‘illar yuborgan xushxabarchi kelib, Ya’qub alayhissalomning yuzlariga ko‘ylakni tashlagan edi, Yusuf alayhissalomning hidlari urgan ko‘ylak bahona, Allohning irodasi ila Ya’qub alayhissalomning ko‘zlari ochilib, qaytadan ko‘radigan bo‘ldilar. Shunda oldilarida turganlarga:
«U: «Sizlarga men Allohdan sizlar bilmaydigan narsani bilaman, demaganmidim?!» – dedi».
«Siz bo‘lsangiz, meni masxara qilib, kuldingiz. «Sen eski adashuvingdasan», dedingiz». ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

9 May 2022, 09:08 | Savol-javoblar | 136 | Tabobat
|
Boshqa savol-javoblar