Juma kuni o‘qiladigan nafl namoz

Assalomu alaykum! Juma namoziga borganda juma namozi hali boshlanmay turib qanday namozlar o‘qiladi? Ko‘pchilikni kuzatganimda masjidga kirib kelib namoz o‘qishadi va hamma xar hil tartibda o‘qishadi bir xillar 2 rakat yana bir xillar 4 rakat. Bu qanday namoz?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Masjidga kirganda o‘qiladigan namoz bor shuni o‘qishadi.Tahiyatul masjid namoziNamozxon masjidga kirganida agar farz namozlari ado etilmayotgan bo‘lsa, masjid bilan salomlashish niyatida o‘qiydigan namozi «tahiyyatul masjid» deyiladi. Bu namozni ikki yoki to‘rt rakat o‘qisa bo‘ladi. Afzali to‘rt rakat o‘qishdir. Agar masjidga kirgan kishi jamoatning ravotib sunnatlarni yoki farzni o‘qiyotganini ko‘rsa, tahiyyatul masjid namozini shu sunnat yoki farzlarga qo‘shib niyat qiladi. Shu bilan u sunnat va yoki farzga qo‘shib tahiyyatul masjidni o‘qiganlik savobini oladi. Ammo niyatni qilmay, sunnat yoki farzning o‘zini o‘qisa, undan tahiyyatul masjid namozini o‘qiganlik savobiga erishmaydi. Tahiyyatul masjid namozini masjidga kirgan kishi o‘tirmasdan oldin o‘qishi sunnat hisoblanadi.Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Birortangiz masjidga kirsa, o‘tirishdan oldin ikki rakat namoz o‘qisin», deganlar» (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy, Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilgan). Bu ikki rakatli namoz «tahiyyatul masjid» (masjid salomi) namozi deyiladi.Shofe’iy va hanbaliy mazhabida tahiyyatul masjidni qay vaqtda bo‘lsa ham: namoz o‘qish makruh yoki imom xutba o‘qiyotgan paytda ham o‘qish kerak, deyiladi. Molikiy va hanafiy mazhablarida esa, imom xutba qilayotgan bo‘lsa, tahiyyati masjid o‘qilmaydi. Shuningdek, hanafiy mazhabida namoz o‘qish makruh paytlarda ham tahiyyatul masjid o‘qilmaydi. Namozxon masjidga kirishi bilan farz namozni yoki boshqa bir namozni o‘qisayu, tahiyyatul masjidni o‘qishni niyat qilsa, tahiyyati masjid o‘rniga kifoya qiladi. Bordi-yu masjidga bir kunda bir necha bor kiradigan bo‘lsa, bir marta o‘qisa kifoya qiladi.Bu namozning hukmidan Masjidul harom istisno qilingan. Bu masjidning tahiyyati tavof bilan bo‘ladi. Masjidga kirganda biror uzr bilan tahiyyatul masjid namozini o‘qiy olmasa, «Subhanallohi, valhamdu lillahi, va laa ilaha illallohu vallohu akbar»ni aytsa kifoya qiladi. Vallohu a’lam!

9 May 2022, 17:00 | Savol-javoblar | 312 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar