Kimga yordam beramiz musulmon yoki kofirga

Assalomu alaykum! Aytingchi agar musulmon bilan kofir gap talashib urshib qolgan bo‘lsa, kofirning aybi bo‘lmasa, kofirning yonini olishimiz kerakmi yoki musulmonimi? Kimga ko‘proq yordam berishimiz kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Tarafkashlikni ham o‘z qonun-qoidalari bor. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar haq tomon bo‘lishga harkat qiling.
Zayd ibn Sa’na roziyallohu anhu iymonga kirishlari haqida quyidagicha hikoya qilib beradilar:
«Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga bir kishi narsa so‘rab keldi. Shunda u zot «Bu narsa bizning huzurimizda yo‘q ekan», deb u kishiga uzrlarini aytdilar. Onalarimizni oldiga kirgizgan edilar, ularda ham yo‘q ekan. Shunda men o‘zimga-o‘zim «Ana Muhammadni sinab ko‘rish fursati etdi», dedim va u zotning yoniga borib, «Men qarz berib turishim mumkin», deya taklif qildim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Evaziga nima istaysan?» deb so‘raganlarida «Falon xurmoning mevasidan pishganida berasiz», dedim (bunday kelishuvga «bay’us salam» deyiladi). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunga rozi bo‘ldilar va mendan ma’lum miqdorda tilla olib, haligi ehtiyojmandga berib yubordilar.
Oradan vaqt o‘tdi. Qarzni qaytarishga kelishilgan muddatdan uch-to‘rt kun avval qasddan katta jamoatning ichida o‘tirgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldilariga bordim. Odamlarning orasidan o‘tib borib, u zotning yoqalaridan mahkam ushladim va: «Ey Bani Abdulmuttolib, sizlar qarz olishni bilasizlaru, lekin uni qaytarishda tirriqlik qilasizlar!» deb baqir-chaqir qilib, jaholatni ko‘rsatdim. Shunda u erda o‘tirgan Umar o‘rnidan dast turib, «Ruxsat bering, yo Rasululloh, uning kallasini olay!» dedi. Umarning bu hiddatiga qarshi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sen tarafkashlikni eplolmading. Ikki kishi tortishayotgan paytda sen menga «Yo Rasululloh, qarzdor bo‘lsangiz qarzingizni bering-da», deyishing, bu talab qilayotganga esa «Agar sen haqdor bo‘lsang, chiroyli shaklda talab qilgin», deyishing kerak edi. Sen tarafkashlikni ham eplay olmading. Umar, bor, falon bog‘dan buning haqqini berasan. Keyin kallasini olaymi, deb qo‘rqitganing uchun yigirma so’ qo‘shib berasan», dedilar.
Shu gaplardan keyin men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: «Men sizning yuzingizdan va yana boshqa alomatlardan payg‘ambarligingizni bilardim. Lekin men o‘qigan ikkita narsa – u zotning halimligi johilligidan ustun turadi va u zotga qanchalik nodonlik kuchaytirilsa, halimligi shunchalik ziyoda bo‘lib boraveradi deyilgan sifatlarni hech tekshirib ko‘rmagan edim. Hozirgi qarz voqeasini atayin uyushtirdim. Yo Rasululloh, sizning payg‘ambar ekaningizga iymon keltirdim», dedi». Vallohu a’lam!

9 May 2022, 23:03 | Savol-javoblar | 159 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar