Jahannamga kimlar kirmaydi?

Assalomu alaykum!"bo‘ydoq odam ya’ni uylanmagan va turmushga chiqmagan ikki yosh zino qilsa va qattiq tavba qilib qilgan ishiga pushaymon bo‘lsa. Alloh u tavbasini qabul qilsa jahannamga kiradimi kiymaydimi? Yoki umuman olganda gunohi kabira qilganlar tavba qilsa chin ko‘ngildan. Jahannamga kirmaydimi? Yoki baribir katta gunohligi uchun jazosini o‘taydimi? Bundan avval shu mazmunda savol bergan edim "izlash" tugmasidan foydalaning" debsizlar. Saytda yangi emasman 1 yildan oshdi. Izlash tugmasidan "Jahannamga" Jahannamga kirmaydiganlar" "kabira" "kabira gunohlar" "tavba qilganlar" xullas har qilib yozdim topa olmadim. Xijolat bo‘lib majbur qayta beryabman savolni.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Biror bir banda o‘z amali bilan do‘zaxdan qutulib, jannatga kira olmaydi. Magaram Alloh fazl qilganlargina azobdan qutuladi. U zot esa qaysi bandasini yaxshi ko‘rsa uning gunohlarini afv qiladi, savoblarini ko‘paytirib beradi va jannatga kirgizadi. Alloh taolo tavba qiluvchilarning tavbasini albatta qabul qiladi. Tavbai nasuh bo‘lsa bas. Biror mo‘min biror gunohi tufayli Allohning rahmatidan noumid bo‘lmasligi kerak. Gunohdan tavba qilgan kishi gunohi yo‘q kishidekdir.
Gohida U Zot senga toat eshigini ochadi va qabul eshigini ochmaydi. Gohida senga gunohni taqdir qiladi va u (U Zotga) etishishga sabab bo‘ladi.
Ushbu hikmatda Ibn Atoulloh Sakandariy rahmatullohi alayhi bandalar hayotida doimiy bo‘lib turadigan va ko‘pchilik farqiga bormaydigan ikki haqiqatning sirini bayon qilmoqda. Odatda ojiz bandalar tasavvurida nomiki toat bo‘lsa, qabul bo‘ladi va o‘sha toatning egasi oliy maqsadlariga erishadi, nomiki gunoh bo‘lsa, oqibati yomon bo‘ladi va uning egasi maqsadiga erishishdan mahrum bo‘ladi, degan xayol bo‘ladi. Aslida esa ushbu umumiy tasavvurdan mustasno bo‘ladigan holatlar ham bo‘lishi bor.  
«Gohida U Zot senga toat eshigini ochadi va qabul eshigini ochmaydi».
Alloh taolo bandaga toat qilish eshigini ochib qo‘yishi mumkin. Ammo bandaning toat qilishi ish bitdi, degani emas. Zotan, toat bilan toatning orasida farq bor. Qabul bo‘ladigan toat bor, qabul bo‘lmaydigan toat bor. Bandaning toati qabul bo‘lishi uchun u toat bilan birga toatning qabul bo‘lish shartlarini ham ado qilishi kerak. Toatning qabul bo‘lish shartlari esa bir qancha:
– Toatning qabul bo‘lish shartlaridan biri taqvodir.
Alloh taolo Moida surasida marhamat qiladi:
«Albatta, Alloh taqvodorlardangina qabul qiladir» (27-oyat).
Insonning toatlari Alloh taolo huzurida qabul bo‘lishi uchun amal egasining taqvodor bo‘lishi shartdir.
Taqvosi bo‘lmagan har bir amal foydasiz charchoqdan boshqa narsa emas. Taqvo esa Alloh taoloning aytganlarini ado qilib, qaytarganlaridan qaytishdan iboratdir.
– Toatning qabul bo‘lish shartlaridan biri ixlosdir.
Zotan, Alloh taolo O‘zining roziligi tilangan narsadan boshqani aslo qabul qilmas.
Alloh taolo Bayyina surasida marhamat qiladi:
«Holbuki, ular faqat Allohga, dinni Unga xolis qilgan, boshqadan unga burilgan holda ibodat qilishga, namozni to‘kis ado etishga, zakot berishga buyurilgan edilar, xolos. Ana shu to‘g‘ri(millat)ning dinidir» (5-oyat).
Alloh taoloning diniga ixlos qilish faqat Alloh taoloning O‘zini ko‘zlab, roziligini o‘ylab ish qilishdan iboratdir. Ixlos ibodatning mag‘izidir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Alloh taboraka va taolo: «Men sherikka eng behojat Zotman. Kim bir amal qilsa-yu, unda Men bilan Mendan boshqani sherik etsa, uni ham, sherigini ham tark qilurman», dedi», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Bu hadisi sharifda o‘z amali bilan Allohni ham, Allohdan boshqani ham rozi qilishga urinish riyokorlik ekanligi bildirilmoqda. Alloh taolo:
«Men sherikka eng behojat Zotman», demoqda.
Ya’ni Alloh taolo uchun ado etiladigan toatga hech bir kimsani yoki narsani sherik qilib bo‘lmaydi. Nima amal bo‘lsa ham, yolg‘iz Allohning O‘zi uchun qilinishi kerak. Bu hadisi qudsiydan har bir amal xolis Alloh taolo uchun bo‘lishi lozimligi kelib chiqadi.
«Kim bir amal qilsa-yu, unda Men bilan Mendan boshqani sherik etsa, uni ham, sherigini ham tark qilurman».
Bu erda amalga riyokorlik aralashishi shirkka tenglashtirilmoqda. Shuning o‘zidan riyokorlik qanchalar yomon narsa ekanini bilib olsak bo‘ladi.
Amallar Alloh tomonidan tark etilmasligi uchun, maxfiy shirk sodir bo‘lib qolmasligi uchun harakat qilish lozim. O‘shandagina amallar Alloh taolo tomonidan to‘liq qabul bo‘ladi. Ana o‘shandagina maxfiy shirk keltirilmagan bo‘ladi. Amallar samarasidan u dunyoyu bu dunyoda bahra olinadi.
– Toatning qabul bo‘lish shartlaridan biri uning shariat ko‘rsatmalariga binoan bo‘lishidir.
Shariat ko‘rsatmalari esa barcha toatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashishni taqozo qiladi.
Alloh taolo Ahzob surasida marhamat qiladi:
«Batahqiq, sizlar uchun – Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar uchun va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor edi» (21-oyat).
«Ayt: «Agar Allohni sevsangiz, bas, menga ergashing, Alloh sizni sevadir va sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qiladir». Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir» (Oli Imron surasi, 31-oyat).
Allohga muhabbat, iymon quruq gaplar emas, odamlar orasida o‘zining iymoni borligini, Allohga muhabbati borligini aytish bilan sobit bo‘ladigan narsa ham emas. Allohga haqiqiy muhabbat, haqiqiy iymon og‘izda aytiladigan gap, vijdoniy his-tuyg‘u yoki ba’zi rasm-rusumlarni ado etishdan iborat ish emas. Aslida u Allohga va Uning Rasuliga to‘liq bo‘ysunishdan iboratdir.
«Agar Allohni sevsangiz, bas, menga ergashing...»
Kim Allohga muhabbati borligini da’vo qilsa, bu da’voning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi haqidagi hukm uning Nabiy alayhissalomga ergashishiga qarab chiqariladi. Agar u Nabiy alayhissalomga to‘g‘ri ergashsa, da’vosi to‘g‘ri. Ergashmasa, to‘g‘ri emas. Payg‘ambar alayhissolatu vassalomga ergashish har bir bandaga bitmas-tuganmas baxt-saodat keltiradi. Bu narsa oyatda quyidagicha bayon qilinmoqda:
«Alloh sizni sevadir va sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qiladir».
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim bizning bu ishimizda undan bo‘lmagan narsani yangitdan paydo qilsa, u rad qilingandir», dedilar».
Boshqa bir rivoyatda aytiladi:
«Kim bizning bu ishimizda undan bo‘lmagan bir amalni qilsa, u rad qilingandir», dedilar».
Buxoriy, Muslim va Abu Dovud rivoyat qilishgan.
Ushbu hadisi sharif ulkan qoidani aks ettirgan bir hadisdir. Ulamolarimiz Islom olamida bo‘layotgan ishlarning shar’iy-noshar’iy ekanini bayon qilish qoidasini ushbu hadisdan ishlab chiqqanlar. Asrlar davomida hayot jarayonida bo‘layotgan ishlarning shar’iy yoki noshar’iyligini aniqlashga to‘g‘ri keladi. Musulmonlar har bir narsani shariatga muvofiq kelsa, qiladilar, shariat mardud, degan narsani esa tark etadilar.
Shuning uchun ham har bir narsa to‘g‘risidagi birinchi va asosiy savol: «Bunga shariat nima deydi?» bo‘ladi. Bu savolga Kitob va Sunnat javob beradi. Agar o‘sha savoldagi ish dinda yo‘q narsa bo‘lsa, mardud hisoblanadi. Agar dinda bo‘lsa, qabul qilinadi.
– Toatning qabul bo‘lish shartlaridan biri qalb hozirligi va g‘ofil bo‘lmaslikdir.
Alloh taolo Anbiyo surasida marhamat qiladi:
«Va Zakariyoni (esla). O‘shanda u Robbiga nido qilib: «Robbim, meni yolg‘iz tashlab qo‘yma, Sen vorislarning eng yaxshisisan», degan edi.
Bas, unga ijobat etdik va unga Yahyoni hadya etdik hamda juftini o‘nglab qo‘ydik. Albatta, ular yaxshiliklarga shoshilishar edi va Bizga rag‘bat ila va qo‘rqib duo qilishar edi. Ular Bizdan xokisorlik ila qo‘rquvchi edilar» ­(89-90-oyatlar).
Ularning duolari g‘ofillik ila va shuursiz qilingan duo emas edi. Balki ular chin dildan, ixlos bilan, qo‘rqqan hollarida duo qilardilar. Shuning uchun mutlaqo imkonsiz ish ularga mumkin bo‘ldi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Allohning ijobatiga aniq ishongan holingizda duo qiling. Va bilingki, albatta, Alloh g‘ofil, bekorchi qalbdan duoni qabul qilmas», dedilar».
Termiziy va Hokim rivoyat qilishgan.
Shunday bo‘lganidan keyin qabul bo‘lmagan toatdan hech qanday foyda yo‘q. Zotan, toat aslida toat qilinayotgan Zotning muhabbatiga va toat qiluvchiga marhamat nazari bilan yuzlanishiga vasiladir. Shuning uchun ham toat eshigining ochilishi banda uchun eng muhim ato bo‘ladi. Chunki Alloh taolo bandaga toat eshigini ochish bilan O‘ziga qurbat hosil qilishiga imkon bergan bo‘ladi. Agar banda toatni ado etsayu, uning samarasini topmasa, bu Alloh taolo unga toat eshigini ochgan bo‘lsa ham, qabul eshigini ochmaganining alomati bo‘ladi. Banda uchun toatiga qabul eshigining ochilmasligi man qilishning katta turidan bo‘ladi.
Shuning uchun ham banda o‘ziga toat eshigining ochilishini maqsadga erishish nuqtasi deb bilmasligi kerak. Balki toat eshigining ochilishi banda uchun maqsadga erishish eshigining ochilishi, xolos. Endi banda mazkur ochilgan eshikdan kirib, toatlarning qabul bo‘lish shartlariga amal qilgan holda maqsadga erishish yo‘lidan maqsad tomon odimlashi kerak bo‘ladi. Agar toatlarning qabul bo‘lish shartlari yuzaga chiqmasa, amaliga suyanib, mahliyo bo‘lib va g‘ururga ketib, ishonib qolsa, ishi orqaga ketishidan qo‘rqib turishi lozim bo‘ladi.      
«Gohida senga gunohni taqdir qiladi va u (U Zotga)etishishga sabab bo‘ladi».
Gohida banda Alloh taologa qurbat hosil qilish ilinjida sayri suluk qilib, urinib va harakat qilib turganida charchashi, himmati sustlashishi, qoqilishi yoki nafsi undan g‘olib kelishi holatlari ham uchrab turadi. Ana shu holatda banda Alloh taoloning qazoi qadari ila gunoh sodir etishi ham mumkin. Keyin o‘ziga kelib, qilgan gunohiga qattiq afsuslanib, avvalgidan ko‘ra toatga ko‘proq urinadigan, ko‘proq ixlos qiladigan, ko‘proq qalbi hozir bo‘ladigan holga kelishi oydin haqiqatdir. Mazkur banda Alloh taoloning yordami ila o‘sha harakatini davom ettira borib, Haqning visoliga etishishi ham bor haqiqatdir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rusululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Nafsim qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, agar gunoh qilmasangiz, Alloh sizlarni ketkazib, o‘rningizga gunoh qilib, istig‘for aytadigan bir qavmni keltirur va ularni mag‘firat qilur», dedilar».
Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan.
Gunoh sodir etmagan banda bo‘lishi mumkin emas. Zotan, Alloh taolo inson zotining farishta bo‘lishini isatagan emas. Farishtalargina gunoh qilmaydigan ma’sum bandalardir.  Ojiz banda doimo gunoh qilish ehtimoli ostida yashaydi. Shuning uchun banda doimiy ravishda istig‘for aytib turishi lozim. Ana o‘shanda bandaning siniqligi va Alloh taoloning afv va mag‘firati namoyon bo‘ladi.
Ammo zinhor-bazinhor ushbu hadisi sharifdan gunoh qilishga da’vat ma’nosini tushunmaslik kerak. Bu hadisda inson zoti ma’sumlikni da’vo qilishi durust emasligi, gunoh sodir etishi tabiatida borligini tan olishi lozimligi bayon qilinmoqda. Shu bilan birga, bandadan gunoh sodir bo‘lganda noumid bo‘lmasdan, tavbaga shoshilishi zarurligi uqtirilmoqda.  
Avval ham aytilganidek, banda gohida gunoh sodir etganidan so‘ng, o‘ziga kelib, qilgan gunohiga qattiq afsuslanib, avvalgidan ko‘ra toatga ko‘proq urinadigan, ko‘proq ixlos qiladigan, ko‘proq qalbi hozir bo‘ladigan holga kelishi va Alloh taoloning visoliga erishishi ham bor. Bu holga erishish uchun esa uch narsa mavjud bo‘lishi shart qilingan:
– Siniqlik.
Mashhur asarda aytilishicha, Muso alayhissalom Alloh taologa: «Seni qaerdan topaman?» deganida, U Zot jalla jaloluhu: «Men qalbi siniqlar huzuridaman», degan ekan.
– Tavba.
Tavba qanchalik zarur ekani haqida ko‘p gapirilgan.
– Astoydil va jiddiyat bilan eng shimarib ishga kirishish va unda ixlos bilan bardavom bo‘lish.
O‘tgan azizlardan ko‘plari Alloh taoloning visoliga toatni ixlos ila, uning barcha shartlarini o‘rniga qo‘yish ila erishgan bo‘lsalar, sodir etilgan ba’zi gunohlardan keyin o‘ziga kelib, siniqlik, sidqidildan tavba kilish hamda amalga astoydil kirishish bilan erishganlar ham bor.
Yuqorida zikr qilib o‘tilgan ma’lumotlardan ayon bo‘ladiki, har bir toat ham Alloh taoloning savobiga va roziligiga sabab bo‘la olmas ekan, har bir ma’siyat ham Alloh taoloning azobiga va noroziligiga sabab bo‘lmas ekan. Bu boradagi hal qiluvchi omil toat egasining niyati, ixlosi va amalining shariatga to‘g‘riligiga va ma’siyat sohibining siniqligi, tavbasi va keyin o‘zini o‘nglab olishiga bog‘liq bo‘lar ekan.
Banda Alloh taologa qurbat hosil qilish uchun ado etadigan toatlarning samarasi ularning sirtiga, suratiga va shakliga qarab emas, balki ularning ichiga, haqiqatiga qarab baholanadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, Alloh suratlaringizga va molu dunyolaringizga nazar qilmaydi. Lekin qalblaringizga va amallaringizga nazar qiladi», dedilar».
Muslim va Ibn Moja rivoyat qilganlar.
Islomda insonning toati uning sirtqi ko‘rinishiga qarab emas, ichki ko‘rinishiga, qalbining pokligi, undagi iymon-ixlosiga qarab o‘lchanadi.
Banda tomonidan sodir etiladigan ma’siyat haqida ham shunga o‘xshash gapni aytish mumkin. Albatta, ma’siyatning tashqi ko‘rinishi, shakli bir xil bo‘ladi. Ammo ma’siyat qiluvchining uni qilayotgandagi va qilib bo‘lganidan keyingi ruhiy-ma’naviy holati har xil bo‘ladi. Agar osiy ma’siyatni Alloh taoloning shariatini va amrini xor sanab, Alloh taoloning O‘ziga va hukmiga kibr ila qarab sodir etgan bo‘lsa va so‘ngra qilgan ma’siyatidan xijolat bo‘lish o‘rniga faxrlanib yursa, qilgan ma’siyati uni Robbidan to‘sadi va U Zotning rahmatidan umidvor bo‘lishini kesadi. Agar osiy ma’siyatni nafsi g‘olib kelib, shaytonning vasvasasiga uchib va bandalik zaifligi tutib sodir etgan bo‘lsa va keyin xijolatda qolib, bandalik hissi qo‘zg‘alsa, afsus-nadomat cheksa, tavba qilib, o‘zini o‘nglashga o‘tsa, ma’siyat uning uchun qabul eshigi ochilishiga va visolga etishishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘ladi.
Bu borada ibodat bilan bandalik orasidagi farqni bilib olishimiz juda ham foydali bo‘ladi. Ibodat namoz, ro‘za, haj, zakot, zikr, Qur’oni Karim tilovati kabi Alloh taolo bandalarga bajarishni topshirgan badaniy va moliyaviy takliflarni bajarishdir. Bandalik esa insonning butun borlig‘ini va his-tuyg‘ularini qamrab olgan xorlik va zorlikdan iborat bo‘lib, u insonni o‘z Xoliqini ulug‘lashga, Undan hayiqishga, Unga iltijo qilishga, istig‘for aytishga, duo qilishga va Undan umidvor bo‘lishga chorlaydi.
Bas, shunday ekan, ibodat bandalikning idishi hisoblanadi. Ibodatning qiymati esa bandalikning ma’nosi miqdoriga qarab bo‘ladi. Shuning uchun ham ojizlik tufayli gunohga giriftor bo‘lgan banda o‘z bandaligini his qilib, tavba qilsa, amali solih qilsa, Alloh taolo uning gunohini visoliga etishish sababiga aylantirib qo‘yishi hech gap emas.
Alloh taolo Oli Imron surasida marhamat qiladi:      
«Va fahsh ish yoki o‘zlariga zulm qilganlarida Allohni eslab, gunohlarini mag‘firat qilishini so‘rarlar. – Gunohlarni Allohdan o‘zga kim ham mag‘firat qilardi? – Va bilib turib, qilgan ishlarida bardavom bo‘lmaslar» (135-oyat).
Ma’lumki, taqvodorlik mo‘minlarning oliy darajasi hisoblanadi. Hozir o‘rganayotgan oyati karimamizda taqvodorlarga ulkan darajalar va’da qilinmayotir. Lekin ushbu oyatda fahsh ish yoki o‘ziga zulm qilgan odamlar ham taqvodorlar safidan o‘rin olishi mumkinligi aytilmoqda. Bu nimaga dalolat qiladi? Bu Islom dinining bag‘rikengligiga dalolat qiladi. Bu Islomda insonning tabiatini nihoyatda chuqur bilib, o‘ziga yarasha muomala qilinishiga dalolat qiladi. Inson nima bo‘lganda ham insondir. Hayoti davomida turli qiyinchiliklarga, ig‘vo va chalg‘itishlarga uchraydi. Ba’zi vaqtlarda zaifligi tutib, havoyi nafsining so‘ziga kirib qo‘yadi. Bunday paytda darhol o‘ziga kelib, oyati karimada zikr etilayotgandek,
«…Allohni eslab, gunohlarini mag‘firat qilishini so‘rarlar».
Xo‘sh, bularga qanday munosabatda bo‘lish kerak? «Sen falon ishni qilib qo‘yding, bo‘ldi, endi umidingni uzaver», deyiladimi? Yo‘q!
Islom tavba eshigini keng ochib qo‘ygan. Bandaligi, ojizligi tutib, ba’zi gunohlarni qilgan bo‘lsa ham, taqvodorlar safiga qo‘shilish imkoni bor. Faqat bir sharti bor, u ham bo‘lsa:
«…Allohni eslab, gunohlarini mag‘firat qilishini so‘rarlar».
«...Va bilib turib, qilgan ishlarida bardavom bo‘lmaslar».
Ana shundagina ular taqvodorlar safiga qo‘shilish imkoniyatidan mahrum bo‘lmaydilar. Ammo tavba qilmasalar va bilib turib, yana gunohlarida davom etaversalar, bu imkoniyat ularga hech qachon berilmaydi.
Demak, bir marta, bilmasdan yoki zaifligi tutib gunoh qilib qo‘ygan odam darrov tavba qilsa va gunohdan to‘xtasa, shundagina tavbasi qabul bo‘lar ekan. Bu qoida mag‘firat bobidagi barcha oyat va hadislarga tegishlidir. Ba’zi nafsi buzuq odamlar o‘ylaganidek, og‘zida «Tavba qildim», deb qo‘yib, qayta-qayta gunoh qilaveradiganlar bu hukmga kirmaydilar.
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissolatu vassalom:
«Gunoh qilgan har bir musulmon yaxshilab tahorat qilib, ikki rakat namoz o‘qib, so‘ngra istig‘for aytsa, Alloh albatta uni kechiradi», deganlar.
Shu bilan birga, Alloh taolo mazkur gunohni bandaning O‘ziga etishishiga sabab qilib qo‘yishi ham mumkin.
Ibn Atoulloh Sakandariy rahmatullohi alayhi o‘zining barcha hikmatlaridagi kabi ushbu hikmatda keltirgan ma’nolarni ham Qur’oni Karimdan olganini yana bir bor eslash uchun misol keltiraylik.
Alloh taolo Furqon surasida marhamat qiladi:
«Magar kim tavba qilsa, iymon keltirib, solih amal qilsa, bas, Alloh ana o‘shalarning yomonliklarini yaxshiliklarga almashtirur. Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir» (70-oyat).
Ya’ni kim qilgan gunohidan tamomila qaytsa, ikkinchi bor qilmasa, iymon keltirib, mo‘min bo‘lsa va iymon taqozosiga ko‘ra solih amal etsa, mazkur azobga duchor bo‘ladiganlardan mustasno bo‘ladi. Vaqtida qilgan xatosini anglab, tavba etgan, iymon keltirib, solih amal qilgan bandalarni Alloh taolo munosib taqdirlaydi.
«…bas, Alloh ana o‘shalarning yomonliklarini yaxshiliklarga almashtirur».
Allohning fazlini, marhamatini qarang! Yaratgan bandasi nonko‘rlik qilsa, Unga shirk keltirishdek ulkan zulmni amalga oshirsa, Uning amriga isyon qilib, odam o‘ldirsa yoki zino qilsa-yu, so‘ngra tavba etib, iymon keltirib, solih amal qilsa, uning gunohlarini savobga almashtirib qo‘ysa! Bundan ham ortiq mag‘firatlilik, bundan ham ortiq rahmlilik bo‘ladimi?!
«Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir».
Bo‘lmasa, tavba etib, iymon keltirib, solih amal qilganlarning yomonliklarini yaxshilikka almashtirmas edi.
Imom Tobaroniy rivoyat qilgan hadisda aytilishicha:
«Abu Farva Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
– Ayting-chi, bir odam hamma gunohlarni qilgan bo‘lsa, kattayu kichigini qo‘ymagan bo‘lsa, tavba qilsa bo‘ladimi? – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
– Islomga kirdingmi?! – dedilar. U:
– Ha! – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
– Yaxshiliklarni qilaver. Yomonliklarni tark et. Alloh senga hammasini yaxshilik qilib beradi, dedilar. U:
– Aldamchiliklarimu fojirliklarimni hammi?! – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
– Ha! – dedilar.
U takbir aytib («Allohu Akbar!!!» deb), qaytib ketdi. Ko‘zdan ko‘rinmay qolguncha takbiri eshitilib turdi».
Alloh taolo barchamizga toat eshigini ochganda qabul eshigini ham ochsin! Bizga gunohni taqdir qilganda uni O‘ziga etishimizga sababchi qilsin!  (Xislatli hikmatlar sharhi kitobidan). Vallohu a’lam!

10 May 2022, 09:34 | Savol-javoblar | 194 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar