Ro‘zada ukol olish

Assalomu alaykum! O‘tgan yili ro‘za oylarida bir voqeaning guvohi bo‘ldim. Tez tibbiy yordamda ishlayman. Tez tibbiy yordam stantsiyasiga bir ro‘zador ayol keldi. Boshi og‘riyotganligi sababli vena ichiga ukol oldi va bunga ruxsat borligini aytdi. Shundan so‘ng bir namozxon odam bilan bulgan voqeani muhokama qildik. U bunga fatvo berilganligini aytdi. Ba’zilar bu noto‘g‘ri degan fikrda. Shundan so‘ng izlash xizmatidan foydalanib, bu mavzudagi javoblaringizni o‘qidim. Ularda tomirga emas, teri orasiga ruxsat deyilgan. Teri orasiga mumkinu, tomirga mumkin emasligi nimaga asoslanadi? Axir teri orasigami, mushak orasigami baribir qonga so‘riladiku.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Mushaklar orasiga, yonboshga ukol olish bilan ro‘za buzilmasligiga ulamolar yakdil fikr bildirganlar. Bunga dalil qilib. وَمَا يَدْخُلُ مِنْ مَسَامِّ الْبَدَنِ مِنْ الدُّهْنِ لَا يُفْطِرُ هَكَذَا فِي شَرْحِ الْمَجْمَعِ  Terining orasidan ichkariga yog‘ kabi narsalarning kirishi ro‘zani ochmaydi. “Sharhul Majma’”da ham shunday keltirilgan. (Fatavoi Hindiya).
Odatiy yo‘llardan boshqa joylardan terining orasiga narsa kirishi, masalan,  ilon chaqib olishi (garchi tomirdan chaqsada), sovuq suvda g‘usl qilish natijasida badan orasidan ichkariga suv o‘tishi, ro‘zani ochmasligiga barcha ulamolar ittifoq bo‘lganlar. Vallohu a’lam!

27 Aprel 2022, 06:33 | Savol-javoblar | 150 | Ro‘za
|
Boshqa savol-javoblar