Qazo namozini o‘qish vaqtlari

Assalomu aleykum! Men shu paytgacha qazo qilgan namozlarimni bomdod vaqti bo‘lgach va uydagilar namozga tayyor bo‘loshlaridan oldin o‘qib olar goho bomdod namozini o‘qib bo‘lgach kun chiqishidan oldin o‘qib olar edim. Asr namozini o‘qib bo‘lib qazo namozlarimni o‘qigan paytlarim ham bo‘lgan. Endi bilishimcha bu vaqtlarda qazo namozlari o‘qilmas ekan. Meni shu paytgacha o‘qigan qazo namozlarimni hukmi qanday bo‘ladi? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bu vaqtlarda qazo namozlarni o‘qish joiz.
Hanafiy mazhabi bo‘yicha, quyidagi vaqtlarda barcha namozlarni o‘qish harom:
1. Quyosh chiqayotgan paytda.
2. Quyosh qiyomga kelgan vaqtda.
3. Quyosh botayotgan paytda. (O‘sha kunning asri mustasno.)
Quyidagi vaqtlarda nafl o‘qish harom.  
4. Bomdod namozining farzini o‘qigandan to quyosh nayza bo‘yi ko‘tarilguncha.
5. Asr namozining farzini o‘qigandan to quyosh botguncha.
Hanafiy mazhabi bo‘yicha quyidagi vaqtlarda ham nafl namozlari o‘qish makruhdir:
6. Tong otgandan so‘ng bomdodning sunnatidan boshqa nafl namozlarni o‘qish. Buning dalili:عَنِ ابْنِ عُمَرَ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  قَالَ بَعْدَ طُلُوعِ الْفَجْرِ إِلَّا رَكْعَتَيِ الْفَجْرِ رَوَاهُ الطَّبَرَانِيُّ  Ibn Umardan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Fajrdan keyin bomdodning ikki rak’at sunnatidan boshqa namoz yo‘q», dedilar».
Tabaroniy rivoyat qilgan.
7. Shom namozidan oldin nafl o‘qish. Chunki shom namozini tez o‘qishga amrlar bor. Undan oldin nafl o‘qish shomni kechiktirish bo‘ladi.
8. Juma, iyd, haj, nikoh, kusuf, xusuf va istisqo xutbalari bo‘lib turgan vaqtda. Bu vaqt imom minbarga chiqqanidan to namozni o‘qib bo‘lgunicha davom etadi.
9. Iyd namozidan oldin va keyin.
10. Farz namozga iqoma aytilganda. Faqat bomdodning sunnatini tezda, farzga ulgurish sharti bilan o‘qib olish joiz. Vallohu a’lam!

10 May 2022, 17:24 | Savol-javoblar | 154 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar