Qarg‘ish emasmi

Assalomu alaykum! Men yaqinda kovid bilan kasallanib qoldim. Xo‘jayinim pnevmoniya bo‘ldilar bir vaqtda. Axvolim og‘irlashgani uchun qaynonam ota uyimga tuzalib kelishga jo‘natib yubordilar, bizga yuqmasin yana dedilar. Uyga bordim bundan adam onam juda xafa bo‘lishdi chunki uyda 3 ta yosh bola jiyanlarim bor edi. Oradan 1 xafta o‘tib keneyim bilan akamda shu virus tashxisi chiqdi. Bolalarda xam. Manga bildirishmadi. Xozir onamgayam yuqib qobdi yotib qoldila. Vijdonim juda qiynalib ketvotti. Man endi tuzaldim qaynonam obketamiz yaxshisiz endi dvottila. Lekin boshqalani kasal bo‘ganiga etibor bermayaptila jaxlim chiqdi. Xudoga soldim didim ko‘p martta. Qigan ishimdan endi afsuslanvomman bu qarg‘ish gapmasmi? Endi qanday yo‘l tutsam to‘g‘ri? Kelinlik uyimdagilarga munosabatim o‘zgarib qoldi, ko‘nglim sovudi juda. Oldingidek davom etolmasam xunuk ish bo‘midimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz hamma narsani Allohdan deb biling va u ishlarni unuting. Bu ketishda oilani buzilishiga sabab bo‘lishingiz mumkin. Siz hamma ishlarni kechiringda savobini oling. Musulmonga dard tegsa va uni Allohdan deb bilsa bu dard u uchun ne’mat bo‘ladi. عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا يُصِيبُ الْمُؤْمِنَ شَوْكَةٌ فَمَا فَوْقَهَا إِلَّا رَفَعَهُ اللهُ بِهَا دَرَجَةً وَحَطَّ عَنْهُ بِهَا خَطِيئَةً. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَمُسْلِمٌ  Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Mo‘minga tikan kirsa va undan-da kattaroq musibat etsa ham, albatta, Alloh o‘sha tufayli uning darajasini ko‘taradi va gunohini yuvadi», dedilar».
Termiziy va Muslim rivoyat qilganlar.
Sharh: Tikan kirishi ham musibat hisoblanadi. Unga ham sabr qilish kerak. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Agar birortangizning kavushining ipi uzilib ketsa ham istirjo’ aytsin», deganlar. Istirjo’ «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un» deyishdir.
Boshqa bir rivoyatda aytilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uyda chiroq o‘chib qolganida istirjo’ aytgan ekanlar. Shunda Oisha onamiz «Chiroqqa ham istirjo’ aytasizmi?» deganlarida «Mo‘minga yomonlik bo‘lgan har bir narsa musibatdir», degan ekanlar.
Ana shunday musibatlar etgan paytda sabr qilgan mo‘minning darajasi ko‘tarilib, xatolari o‘chirilar ekan. Shuning uchun kattayu kichik musibat qarshisida o‘zimizni komil musulmondek tutmog‘imiz lozimdir. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

10 May 2022, 18:18 | Savol-javoblar | 170 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar