Katta suralarni namozda o‘qish

Assalomu alaykum! Agar namozga vaqti bemalol bo‘lsa zam sura qilib kattaroq suralarni o‘qisa bo‘ladimi? masalan Yasin, Mulk Ar-Roxman? Bir do‘stim namozni cho‘zib bo‘lmaydi dedi, lekin men bir xadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni jamoat bo‘lib o‘kiganda tezroq o‘qishga buyurganlarini eshitganman, chunki jamoat ichida ishi zarur odamlar bor, yolg‘iz o‘qisa xoxlaganicha cho‘zsin deganlarini eshitganman. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Imom bo‘lsa qavmni malollantiradigan darajada o‘qimasligini kerak. Yolg‘iz bo‘lganda ixtiyorli. “Kifoya” kitobida:
Imom namozni va bomdoddan boshqada birinchi rak’at qiroatini cho‘zib yubormaydi.
Chunki namozni cho‘zib yuborish odamlarga malol kelishi va fitna chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘zlari namozni cho‘zmaganlar va boshqa imomlarga ham cho‘zmaslikni tayinlaganlar.عَنِ أَبِي مَسْعُودٍ  رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَجُلًا قَالَ وَاللهِ يَا رَسُولَ اللهِ إِنِّي لَأَتَأَخَّرُ عَنْ صَلَاةِ الْغَدَاةِ مِنْ أَجْلِ فُلَانٍ مِمَّا يُطِيلُ بِنَا فَمَا رَأَيْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي مَوْعِظَةٍ أَشَدَّ غَضَبًا مِنْهُ يَوْمَئِذٍ، ثُمَّ قَالَ إِنَّ مِنْكُمْ مُنَفِّرِينَ، فَأَيُّكُمْ مَا صَلَّى بِالنَّاسِ فَلْيَتَجَوَّزْ، فَإِنَّ فِيهِمُ الضَّعِيفَ وَالْكَبِيرَ وَذَا الْحَاجَةِ، وإِذَا صَلَّى لِنَفْسِهِ فَلْيُطَوِّلْ مَا شَاءَ رَوَاهُ الْخَمْسَةُ  Abu Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi:
«Allohga qasamki, ey Allohning Rasuli, falonchining cho‘zib yuborayotgani sababli bomdod namoziga kech chiqyapman», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning biror bir mav’izada o‘sha kundagidek qattiq g‘azablanganlarini ko‘rmaganman. Keyin u zot:
«Orangizda 
(namozdan) bezdiruvchilar bor. Qay biringiz odamlarga namoz o‘qib bersa, engil qilsin. Chunki oralarida zaiflar, keksalar va yumushlilar bor. Qachon o‘zi namoz o‘qisa, xohlaganicha cho‘zsin», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Imom namozga o‘tar ekan, qavm ichidagi eng zaif, yoshi katta va shoshilib turgan kishilarning holatini e’tiborga olishi shart. Namozni engil o‘qish lozim. Ammo bu engillik namozning amallarini chala qilish hisobiga bo‘lmasligi kerak.عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ مَا صَلَّيْتُ وَرَاءَ إِمَامٍ قَطُّ أَخَفَّ صَلَاةً وَلَا أَتَمَّ مِنَ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، وَإِنْ كَانَ لَيَسْمَعُ بُكَاءَ الصَّبِيِّ فَيُخَفِّفُ مَخَافَةَ أَنْ تُفْتَنَ أُمُّهُ وَفِي رِوَايَةٍ «إِنِّي لَأَقُومُ إِلَى الصَّلَاةِ وَأَنَا أُرِيدُ أَنْ أُطَوِّلَ فِيهَا فَأَسْمَعُ بُكَاءَ الصَّبِيِّ فَأَتَجَوَّزُ كَرَاهِيَةَ أَنْ أَشُقَّ عَلَى أُمِّهِ رَوَاهُ الْخَمْسَةُ Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ko‘ra namozi engilroq va mukammalroq biror imomning orqasida namoz o‘qimaganman. U zot go‘dak yig‘isini eshitib qolgudek bo‘lsalar, onasi chalg‘ishidan qo‘rqib, namozni engil o‘qir edilar».
Boshqa bir rivoyatda:
«Men namozni uzun o‘qimoqchi bo‘lib turaman-da, keyin go‘dak yig‘isini eshitib, onasiga mashaqqat tug‘dirib qo‘ygim kelmay, namozimni engil qilaman», deyilgan.
Beshovlari rivoyat qilishgan. Vallohu a’lam!

10 May 2022, 18:50 | Savol-javoblar | 168 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar