Niqob

Assalomu alaykum! Alloh Qidirish tizimi orqali niqobning Hanafiy mazhabida farz emasligi haqidagi javobinglarni o‘qidim. Men ustoz Abdulhadiy domlaning hijob haqidagi ma’ro‘zalarini eshitib chiqqan edim. U kishi shayx Abdulaziz Torifiyning "Kitobul hijab fiy al shar’i al fitrati" kitobini sharhlab bergandilar. Aytilishicha, barcha mazhab ulamolari ayol kishining hamma eri, xususan, ikki kafti va yuzi ham avrat ekanligiga ijmo’ qilishgan. Ayol kishining yuzi va ikki kafti avrat emas degan hukm namoz holatiga tegishli ekan. Savolim: Hanafiy mazhabida niqob farz emasligiga nimani dalil qilib keltirasiz, iltimos isbotlab bersangiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Umumiy qoida ayollarni yuzlari avrat emas. Ummatning barchasi oyatdagi
“وَلَا يُبْدِينَ زِينَتَهُنَّ إِلَّا مَا ظَهَرَ مِنْهَا”dan yuzni tushunganlar. “Kifoya” kitobida quyidagicha keladi: عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا: أَنَّ أَسْمَاءَ بِنْتَ أَبِي بَكْرٍ دَخَلَتْ عَلَى رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَعَلَيْهَا ثِيَابٌ رِقَاقٌ، فَأَعْرَضَ عَنْهَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَقَالَ: «يَا أَسْمَاءُ، إِنَّ الْمَرْأَةَ إِذَا بَلَغَتِ الْمَحِيضَ لَمْ تَصْلُحْ أَنْ يُرَى مِنْهَا إِلَّا هَذَا وَهَذَا»، وَأَشَارَ إِلَى وَجْهِهِ وَكَفَّيْهِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ  Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga Asmo binti Abu Bakr yupqa kiyim bilan kirdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undan yuzlarini o‘girib oldilar va:
«Ey Asmo, ayol kishi hayz ko‘radigan bo‘lganidan keyin undan mana bu va mana bundan boshqa joyi ko‘rinmasligi kerak», deb ikki kaftlari va yuzlariga ishora qildilar».
Abu Dovud rivoyat qilgan.
Ibn Jarir Tobariy o‘z tafsirlarida Oisha onamizdan keltirgan rivoyatda u kishi aytadilar:
«Oldimga ona bir akam Abdulloh ibn Tufaylning qizi ziynatlangan holda kirgan edi. Rasululloh kelib qoldilar va yuzlarini o‘girdilar. Men:
«Ey Allohning Rasuli, bu ona bir akamning qizi, yosh qiz», dedim. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:
«Ayol kishi balog‘atga etganidan keyin undan yuzi va mana bu joylaridan boshqa joyi ko‘rinishi halol emas», deb o‘z bilaklarini tutumlab ko‘rsatdilar. Ushlagan joylari bilan kaftlari orasida yana bir tutumcha joy qoldi».
Vallohu a’lam!

11 May 2022, 04:49 | Savol-javoblar | 208 | Ayollarga oid masalalar
|
Boshqa savol-javoblar