Vojib kimni buyrug‘i

Assalomu alaykum! Farz Allohning buyrug‘i, vojib kimniki?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Vojib ham. “Kifoya” kitobida quyidagicha berilgan:
Farz.
Shariat jazm ila, shubhasiz va qat’iy dalil bilan talab qilgan ish farzdir.
Bunga quyidagi misollarni keltirish mumkin:
Qur’oni Karim ila sobit bo‘lgan farz amalga Islomning besh rukniga o‘xshash amallar kiradi.
Mutavotir va mashhur sunnat ila sobit bo‘lgan farzga namozda qiroat qilishni misol keltirish mumkin.
Ijmo’ ila sobit bo‘lgan farzga to‘rt xil taom – bug‘doy, arpa, xurmo va tuzlarning ba’zilarini ba’zilariga nasiyaga sotish haromligi misol bo‘ladi.
Farz amalni qilish lozim va lobuddir. Uni qilgan odam savob oladi. Farz amalni qilmagan odam osiy bo‘lib, iqobga qoladi. Farzni inkor qilgan kofir bo‘ladi.
Vojib.
Shariat jazm ila, ammo qat’iy bo‘lmagan dalil bilan talab qilgan amal vojibdir.
Fitr sadaqasi, vitr namozi va ikki iyd namozlari kabi amallar vojib amallardir.
Vojib amalni qilish lozim va lobuddir. Uni qilgan odam savob oladi. Lekin vojibning savobi farznikidan ozroq bo‘ladi.
Vojib amalni qilmagan odam osiy bo‘lib, iqobga qoladi. Lekin uning iqobi farzni qilmaganning iqobidan ozroq bo‘ladi. Vojibni inkor qilgan kofir bo‘lmaydi.
Hanafiy mazhabidan boshqa mazhablar farz va vojibni bir narsa deb tushunadilar va ikkisini qo‘shib «vojib» deb ataydilar.
Ammo Hanafiy mazhabi yuqoridagi daqiq farqni e’tiborga olib, ikkisini alohida hukmlar deb biladi. Vallohu a’lam!

11 May 2022, 11:32 | Savol-javoblar | 136 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar