Namozga otaning qarshiligi

Assalomu alaykum! Men xozirda 14 yoshdaman. Namoz o‘qishni 1 yildan buyon judayam xoxlayman, lekin ota-onam ruxsat bermayabdi. Yaqinda onamni ko‘ndirdim, lekin otam baribir fikridan qaytmadi. Men otamdan yashirib namoz o‘qishni boshlasam, gunoxkor bo‘lamanmi? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Namoz o‘qishni boshlasangiz ota-onangizni azobdan qutqargan bo‘lasiz. Chunki ular o‘zi o‘qimagani uchun bir vayl, sizni o‘qitmagani uchun ikkinchi vaylga sazovor bo‘lishmoqda. Ko‘rsatib o‘qishingiz shart emas. Namozni qoldirganlar jazosi uchun aytilgan oyat bor.  Oxiratning bir kuni bu dunyoning ming yiliga teng bo‘lishi haqida ham. فَوَيْلٌ لِّلْمُصَلِّينَ۝الَّذِينَ هُمْ عَن صَلَاتِهِمْ سَاهُونَ۝4. Bir «namozxonlar»ga vayl bo‘lsinki…5. Ular namozlarini unutuvchilardir. Ya’ni namozning ma’nolarini, hikmatlarini, insonning vijdonini poklashini, qalbda marhamat-shafqatni qo‘zg‘ashini unutganlarning holiga voy! Joyi jahannam!
Alloh taolo «Ankabut» surasining 45-oyatida: «…albatta, namoz fahsh va munkardan qaytarur», – degan. Kim namoz o‘qisa-yu, yomon ishlardan qaytmasa, u namozini unutganlar jamoatidan bo‘ladi.
Ushbu oyatlarning ma’nosi haqida mufassirlarimiz bir qancha ta’villar aytganlar.
Abul Oliya: «Bular namozni o‘z vaqtida o‘qimaydiganlar, ruku’ va sajdalarini yaxshilab, batamom qilmaydiganlar», – degan.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: «Bu shunday namozxonki, u o‘zi o‘qigan namozidan savob umid qilmaydi va uni o‘qimasa, iqobidan qo‘rqmaydi», – deganlar.
Ibn Jarir Tobariy keltirgan rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ushbu oyat haqida so‘ralganda, «Ular namozni o‘z vaqtidan orqaga suradiganlar», – deganlar.
Mufassirlarimiz ushbu jumladagi kelishik qo‘shimchalariga ham alohida e’tibor berganlar. Oyatda «An solatihim saahuun» – «namozlarini unutuvchilar», deyilmoqda, «fii solatihim» – «namozlarida» deyilmayapti. Shundan oyatda munofiqlar haqida so‘z ketayotgani kelib chiqadi. Chunki mo‘min kishi ham namoz ichida ba’zi narsalarni unutishi mumkin. Lekin unutish bilan unutishning farqi bor. Munofiqning namozni unutishi o‘qimaslik, unga e’tiborsizlik qilishi ila bo‘ladi. Mo‘min esa namozning ichida biror narsani unutib, xatoga yo‘l qo‘ysa, sahv sajdasi qilib, darhol to‘g‘rilaydi.
Alloh taolo “Haj” surasida marhamat qiladi:وَيَسْتَعْجِلُونَكَ بِالْعَذَابِ وَلَن يُخْلِفَ اللَّهُ وَعْدَهُ وَإِنَّ يَوْمًا عِندَ رَبِّكَ كَأَلْفِ سَنَةٍ مِّمَّا تَعُدُّونَ۝47. Sendan azobning tezroq kelishini so‘rarlar. Holbuki, Alloh va’dasiga zinhor xilof qilmas. Darhaqiqat, Robbing huzuridagi bir kun siz sanaydigan ming yildekdir.  Vallohu a’lam!

9 May 2022, 03:40 | Savol-javoblar | 145 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar