Xaftada 5 kun ro‘za tutish

Assalomu alaykum! Bir haftada 5 kun ro‘za tutsam bo‘ladimi, ya’ni juma va yakshanba kunlar tutmay qolgan 5 kun ro‘za tutsam bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ro‘za savobi ulug‘ ibodatlardandir. Ammo sizning ro‘zangiz boshqa farz va vojib ibodatlarga ta’sir o‘tkazmasligi, sunnatlardan ortda qoldirmasligi lozim. Bu tarzda ro‘za tutsangiz doimo ro‘zador bo‘lib yurish odatga aylanib qolishi ham mumkin, vaholanki ibodat odatning xilofi bo‘lishi lozim. Qazo ro‘za bo‘lsa, tezroq tutishga harakat qiling. أَنَّ عَبْدَ اللهِ بْنَ عَمْرٍو رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: أُخْبِرَ رَسُولُ اللهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنِّي أَقُولُ وَاللهِ لَأَصُومَنَّ النَّهَارَ، وَلَأَقُومَنَّ اللَّيْلَ، مَا عِشْتُ. فَقُلْتُ لَهُ: قَدْ قُلْتُهُ بِأَبِي أَنْتَ وَأُمِّي. قَالَ: «فَإِنَّكَ لَا تَسْتَطِيعُ ذَلِكَ، فَصُمْ وَأَفْطِرْ، وَقُمْ وَنَمْ، وَصُمْ مِنَ الشَّهْرِ ثَلَاثَةَ أَيَّامٍ، فَإِنَّ الْحَسَنَةَ بِعَشْرِ أَمْثَالِهَا، وَذَلِكَ مِثْلُ صِيَامِ الدَّهْرِ». قُلْتُ: إِنِّي أُطِيقُ أَفْضَلَ مِنْ ذَلِكَ. قَالَ: «فَصُمْ يَوْمًا وَأَفْطِرْ يَوْمَيْنِ». قُلْتُ: إِنِّي أُطِيقُ أَفْضَلَ مِنْ ذَلِكَ. قَالَ: «فَصُمْ يَوْمًا وَأَفْطِرْ يَوْمًا، فَذَلِكَ صِيَامُ دَاوُدَ عَلَيْهِ السَلام وَهْوَ أَفْضَلُ الصِّيَام». فَقُلْتُ: إِنِّي أُطِيقُ أَفْضَلَ مِنْ ذَلِكَ. فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَا أَفْضَلَ مِنْ ذَلِك Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumo aytadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga mening «Allohga qasamki, hayot ekanman, kunduzi ro‘za tutaman, tunni ibodat bilan o‘tkazaman», deyayotganim xabar qilindi. Men u zotga dedim: «Ota-onam sizga fido bo‘lsin, haqiqatdan ham shunday dedim». U zot: «Sen buni qila olmaysan. Shu bois, ro‘za ham tut, og‘zi ochiq ham yur. Bedor ham bo‘l, uxlagin ham. Oyda uch kun ro‘za tut. Zero, yaxshilik evaziga uning o‘n barobari bordir. Mana shu yil-o‘n ikki oy ro‘za tutgan kabidir», dedilar. Men: «Bundan ortig‘iga ham toqatim etadi», dedim. U zot: «Unda bir kun ro‘za tut, ikki kun og‘zi ochiq yur», dedilar. Men: «Bundan ortig‘iga ham toqatim etadi», dedim. U zot: «Unda bir kun ro‘za tut, bir kun og‘zi ochiq yur. Bu Dovud alayhissalomning ro‘zasidir va bu eng afzal ro‘zadir», dedilar. Men: «Bundan ortig‘iga ham toqatim etadi», dedim. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Bundan ortig‘i yo‘q», dedilar». ("Oltin silsila" kitobidan "Sahihul Buxoriy").وَعَنْ عَائِشَةَ قَالَتْ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلّمَ يَتَحَرَّى صَوْمَ الاثْنَيْنِ وَالْخَمِيسِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ  Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi va sallam dushanba va payshanba kuni ro‘zasini tutishga harakat qilar edilar”.
Termiziy rivoyati. Vallohu a’lam!

11 May 2022, 12:15 | Savol-javoblar | 158 | Ro‘za
|
Boshqa savol-javoblar