Turmushga chiqishda ikkilanish

Assalomu alaykum! Sizlarga bir savol bermoqchiman, izlash xizmatidan ham ko‘rdim, lekin mening vaziyatim sal boshqacha, to‘g‘risi, ko‘p o‘ylab qoldim, maslahat beringiz, iltimos. O‘zim Navoiy viloyatidanman,Toshkentda universitetda o‘qiyman, 3-kursga o‘tdim. Iyun oyida unashtirishgandi. Qudalar to‘yni yaqinda qilamiz deyishyapti. 3-kursni bitirganimdan keyin qilishmoqchi edi, lekin kuta olishmayapti. Gap shundaki, men ilm olishni, hali o‘qishni istayman. Ular o‘qishimni sirtqiga o‘tkazishlari yoki o‘zimizning viloyatga ko‘chirishlari mumkin. Lekin sirtqida o‘qiy olmayman, o‘zimizning viloyat institutida korrupsiya ko‘p, o‘qitish yaxshi emas. Men o‘zimning universitetimni yaxshi ko‘raman, u erda ham diniy, ham dunyoviy ilmlarni o‘rgandim va o‘rganmoqdaman, ustozlarim, do‘stlarimni yaxshi ko‘raman. Bu erda o‘qib, arab tilini o‘rganib, magistraturaga matnshunoslik yo‘nalishiga topshirib, o‘z sohamning yaxshi mutaxassisi bo‘lishni niyat qilganman. Lekin to‘y bo‘lsa, turmush o‘rtog‘im boshqa erda, men boshqa erda yashashimga to‘g‘ri keladi o‘qishim sababli, bu joizmi? Turmush qursam, taʼlim olish, o‘qishga qiynalib qolishim mumkin degan o‘ylar yuradi boshimda. Bu vaziyatda qiz bolaning ham ko‘ngliga, uning maqsadlariga qarash kerak emasmi? Yoki taqdir deb o‘z niyatlarini 2-o‘ringa qo‘yish kerakmi? Uydagilarim meni o‘z xohishim bilan uzatishmadi, sal majburlab, urushganday bo‘lishib mening ko‘nglimga unchalik qarashmay sovchilarga rozilik berib qo‘yishgandi. Men juda ko‘p xafa bo‘lib yig‘lab yurgandim. Hozir ham bu odatimni qilib turaman. Bu gunohligini bilaman, lekin baribir xafa bo‘laveraman. Iltimos, menga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsating, men katta gunoh qilyapmanmi? Sharoit umchalik to‘g‘ri kelmagani uchun to‘yni keyinroq qilishlarini iltimos qilyapman, bunda ham xayrli ishni kechiktirib xato qilmoqdamanmi? Ustozlar, sizlardan Alloh rozi bo‘lsin! Menga maslahat bering, nimalar qilishim kerakligini o‘rgating, ko‘p o‘ylaydigan bo‘lib qolganman...
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz buni bo‘lajak kuyov bilan maslahat qiling va ko‘ndirishga harakat qiling. Hamma gap o‘sha kishida. U kishi o‘qishingizga rag‘bat qilsa siz bilan birga Toshkenga kelib shu erda ishlab yashashi ham mumkin. Vallohu a’lam!

11 May 2022, 17:41 | Savol-javoblar | 147 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar