Zaiflikni yo‘qotish

Assalomu alaykum! Men qo‘rqoqroqman hech shundan qutila olmayapman, ya’ni biron bir inson bilan jang qilish to‘g‘risida, islom dini urushish dini emas lekin inson o‘z haqqini talab qila bilish kerak hattoki hadis ham borku ”Kuchli mo‘min zaif mo‘mindan afzaldir” deganlar Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu a’layhi vasallam, men jasur qo‘rqmas mo‘min zaiflarni himoya qila oladigan mo‘min bo‘lmoqchiman hattoki sahobalar ham baquvvat jasur bo‘lishgan, menga maslahat beringlar qo‘rqmas bo‘lish uchun nima qilish kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Hadisda quyidagicha keladi:عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: اللَّهُمَّ إِنِّي أَعُوذُ بِكَ مِنَ الْهَمِّ وَالْحَزَنِ، وَالْعَجْزِ وَالْكَسَلِ، وَالْجُبْنِ وَالْبُخْلِ، وَضَلَعِ الدَّيْنِ وَغَلَبَةِ الرِّجَالِAnas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Allohim! Sendan g‘am bosishidan, mahzunlikdan, ojizlikdan, dangasalikdan, qo‘rqoqlikdan, baxillikdan, qarzga botishdan va odamlarning g‘olib kelishidan panoh so‘rayman», der edilar».
Sharh: 
Biz «g‘am» deb tarjima qilgan so‘zimiz arab tilida «hamm» deyiladi va kutilayotgan ishdan ko‘ngil g‘ash bo‘lishi va qo‘rqish ma’nosini bildiradi.
Mahzunlik esa bo‘lib o‘tgan ishdan xafa bo‘lishni anglatadi.
Ojizlik so‘zining lug‘aviy ma’nosi bir narsadan kech qolish va zaiflikni lozim tutishdir. Yana bir narsani qilishda kamchilikka yo‘l qo‘yishni ham bildiradi. Umumiy ma’noda qudratsizlikni anglatadi.
Dangasalik lug‘atda bir ishni qilishga imkoni va qudrati bo‘la turib, badanining rohatini ko‘zlab, o‘sha ishni tark etishini bildiradi.
Ko‘rqoqlik ham eng yomon sifatlardan biridir. Qo‘rqoq odam har qanday pastkashlikka boradi. Hatto shariatga, dinga xilof ish qilib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun Alloh taolodan qo‘rqoqlikdan ham panoh so‘rash kerak.
Baxillik ham juda yomon xislat. U ko‘p odamning boshiga balo-ofatlarni, falokatlarni olib keladigan sifatdir. Baxil kishini qarindosh-urug‘i ham, ahli ayoli ham yomon ko‘radi, o‘zining oxiratdagi ahvoli ham yomon bo‘ladi. Alloh bulardan O‘zi saqlasin.
Qarzdorlikning kuchayib ketishidan murod uning og‘irlashishi va shiddatlashishi bo‘lib, qarzdorning noiloj qolishidir.
O‘tgan azizlarimizdan birlari: «Agar qalbga qarzning g‘ami kirsa, albatta, aqldan unga qaytib kelmaydigan narsani chiqaradi», deganlar.
«Odamlarning g‘olib kelishi» iborasida esi past va tagi pastlarning ustun bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu hadisi sharifdagi duo jamlovchi duolardan hisoblanadi.
Zotan, razolat uch turli bo‘ladi: nafsoniy, jismoniy va xorijiy.
Nafsoniy razolat insondagi nafsoniy quvvatlarga bog‘liq bo‘ladi. G‘am va mahzunlik aqliy quvvatga, qo‘rqoqlik g‘azab quvvatiga, baxillik shahvoniy quvvatga bog‘liq bo‘ladi.
Jismoniy razolat badandagi quvvatga bog‘liq bo‘ladi.
Ojizlik razolati ko‘proq badandagi a’zolarda nuqson borligida yuzaga keladi.
Dangasalik razolati esa ko‘proq badandagi a’zolar sog‘-salomat va quvvat barkamol bo‘lgan paytda bo‘ladi.
Xorijiy razolat noo‘rin shiddat va boshqalarga ustunlik qilishdan iborat bo‘lib, biri molga, ikkinchisi mansabga bog‘liq bo‘ladi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

11 May 2022, 21:29 | Savol-javoblar | 156 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar