Namoz o‘qimasdan rahmatga erishish

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, oylarning sultoni ramazon oyi muborak bo‘lsin! Opam borlar, juda mehnatkash, sabr-toqatli, mehribon, qisqasi, yaxshi xislatlari juda ko‘p. Shu opamga opa namoz o‘qing, albatta, har bir musulmon namoz o‘qishi kerak ekan desam, “yo‘q hozir boshlasam ulgurmay qazo qilib gunoh qilaman. Qishloqda ish judayam ko‘p, san shahardasan shu uchun bilmaysan. Lekin yuragimda bor. Alloh nasib qilsa o‘qiyman” deydilar. Bu fikriz noto‘g‘ri desam, biroz xafa bo‘lgandek bo‘ldilar. Inson musulmonga xos fazilatlarga ega bo‘lib namoz o‘qimasdan Alloh rahmatiga erishishi mumkinmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Siz chiroyli axloq va go‘zal odob bilan namozga chaqiring. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ أَوَّلَ مَا يُحَاسَبُ النَّاسُ بِهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ مِنْ أَعْمَالِهِمُ الصَّلَاةُ، يَقُولُ رَبُّنَا عَزَّ وَجَلَّ لِمَلَائِكَتِهِ: - وَهُوَ أَعْلَمُ - انْظُرُوا فِي صَلَاةِ عَبْدِي أَتَمَّهَا أَمْ نَقَصَهَا، فَإِنْ كَانَتْ تَامَّةً كُتِبَتْ لَهُ تَامَّةً، وَإِنْ كَانَ انْتَقَصَ مِنْهَا شَيْئًا قَالَ انْظُرُوا هَلْ لِعَبْدِي مِنْ تَطَوُّعٍ؟ فَإِنْ كَانَ لَهُ تَطَوُّعٌ قَالَ أَتِمُّوا لِعَبْدِي فَرِيضَتَهُ مِنْ تَطَوُّعِهِ، ثُمَّ الزَّكَاةُ مِثْلُ ذَلِكَ، ثُمَّ تُؤْخَذُ الْأَعْمَالُ عَلَى حَسَبِ ذَلِكَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ. وَلَفْظُهُ: إِنَّ أَوَّلَ مَا يُحَاسَبُ بِهِ الْعَبْدُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ مِنْ عَمَلِهِ صَلَاتُهُ، فَإِنْ صَلَحَتْ فَقَدْ أَفْلَحَ وَأَنْجَحَ، وَإِنْ فَسَدَتْ فَقَدْ خَابَ وَخَسِرَ، فَإِنِ انْتَقَصَ مِنْ فَرِيضَتِهِ شَيْئًا قَالَ الرَّبُّ عَزَّ وَجَلَّ أَتِمُّوا فَرِيضَتَهُ مِنْ تَطَوُّعِهِ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Odamlarning qiyomat kuni eng avval hisob-kitob qilinadigan amallari namozdir. Alloh azza va jalla O‘zi bilib tursa ham, farishtalarga:
«Bandamning namoziga nazar solinglar. Uni tugal qildimikan yoki noqis qildimikan?» deydi. Bas, agar (namozi) tugal bo‘lsa, unga (namozi) tugal, deb yoziladi. Agar u 
(namoz)dan biror narsa kamaygan bo‘lsa, U zot:
«Nazar solinglar, bandamning nafli bormikan?» deydi. Bas, agar nafli bo‘lsa, «Bandamning nafl (namoz)idan farzini tugal qilinglar», deydi.
So‘ngra zakot ham shunga o‘xshash bo‘ladi. Keyin hamma amallar ana shunga o‘xshatib olinadi», dedilar».
Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.
Termiziy keltirgan lafzda:
«Albatta, bandaning qiyomat kuni eng avval hisob-kitob qilinadigan amali namozidir. Agar u (namoz) durust bo‘lsa, batahqiq, (banda) yutuqqa erishadi va najot topadi. Agar u (namoz) fosid bo‘lsa, batahqiq, (banda) noumid bo‘ladi va xusronga uchraydi. Bas, agar uning farz namozidan biror narsa kamib qolsa, Robb azza va jalla: «Uning farzini nafllaridan to‘ldiringlar», deydi», deyilgan.
Sharh: Qiyomat kuni otaning bola bilan, bolaning ota bilan, onaning qiz bilan, qizning ona bilan, erning xotin bilan, xotinning er bilan ishi bo‘lmaydi. Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora. Hamma U kunning dahshatidan titraydi. Hamma o‘zining holi qanday bo‘lishidan xavfda bo‘ladi. Hamma hisob-kitobni kutadi. Ana shu paytda bandalarning bu dunyoda qilgan amallarining hisob-kitobi boshlanadi. Banda dastlab namozdan so‘raladi:
«Senga namoz farz bo‘lganidan boshlab qancha namoz o‘qiding?»
«Qancha namozni qazo qilding?»
«Qancha namozni to‘liq o‘qiding?»
«Qanchasini o‘z vaqtida o‘qiding» va hokazo.
Mana shuning o‘zi namozning qanchalar ahamiyatli ekanligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Ish shunday bo‘lganidan keyin bir rak’at farz namozni ham qoldirmay, o‘z vaqtida yaxshilab o‘qishimiz lozim. Boshqa vaqtlarda iloji boricha ko‘proq nafl namoz o‘qishga harakat qilishimiz kerak. Toki, qiyomat kuni sharmanda bo‘lmaylik. Hisob-kitobimiz avvalidan yaxshi boshlanishiga muyassar bo‘laylik. Namozimiz tugal chiqib, yutuqqa erishib, najot topib, jannatga musharraf bo‘laylik. عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ الصَّنَابِحِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: زَعَمَ أَبُو مُحَمَّدٍ أَنَّ الْوِتْرَ وَاجِبٌ، فَقَالَ عُبَادَةُ بْنُ الصَّامِتِ: كَذَبَ أَبُو مُحَمَّدٍ، أَشْهَدُ أَنِّي سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: خَمْسُ صَلَوَاتٍ افْتَرَضَهُنَّ اللهُ عَزَّ وَجَلَّ، مَنْ أَحْسَنَ وُضُوءَهُنَّ وَصَلَّاهُنَّ لِوَقْتِهِنَّ وَأَتَمَّ رُكُوعَهُنَّ وَخُشُوعَهُنَّ كَانَ لَهُ عَلَى اللهِ عَهْدٌ أَنْ يَغْفِرَ لَهُ، وَمَنْ لَمْ يَفْعَلْ فَلَيْسَ لَهُ عَلَى اللهِ عَهْدٌ، إِنْ شَاءَ غَفَرَ لَهُ وَإِنْ شَاءَ عَذَّبَهُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ  Abdulloh ibn as-Sanobihiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Abu Muhammad «Vitr namozi vojib», deb da’vo qildi. Bas, Uboda ibn Somit:
«Abu Muhammad xato qilibdi. Guvohlik beramanki, albatta men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Alloh azza va jalla besh vaqt namozni farz qildi. Kimda-kim ular uchun tahoratni chiroyli qilsa, besh vaqt namozni  farz vaqtida, ruku’-xushu’sini joyiga keltirib o‘qisa, Allohning zimmasida uni mag‘firat qilish ahdi bo‘lur. Kim qilmasa, unga Allohning zimmasida ahd bo‘lmaydi. Xohlasa, mag‘firat qiladi, xohlasa, azoblaydi», deganlarini eshitganman», dedi».
Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Hadisdan olinadigan foydalar:
1. Alloh taolo besh vaqt namozni farz qilganligi.
2. Tahoratni yaxshilab qilib, namoz o‘qish muhimligi.
3. Namozning ruku’ va boshqa arkonlarini joyiga qo‘yib o‘qish lozimligi.
4. Namozda xushu’ va xuzu’ning muhimligi.
5. Alloh taolo namozni  mukammal  o‘qigan  odamni  mag‘firat qilishga va’da berganligi. Zotan, Alloh taolo va’dasiga xilof qilmaydigan Zotdir.
6. Namozni xushu’ va xuzu’ ila o‘qimagan odamga Alloh mag‘firat qilishni va’da bermaganligi.
Demak, najotga erishish uchun besh vaqt namozni kanda qilmay o‘qish kerak. O‘qiganda ham yaxshilab, arkonlarini joyiga keltirib, xushu’ va xuzu’ bilan o‘qishga harakat qilmog‘imiz lozim. Ana shundagina bu ibodatni Alloh taoloning mag‘firat qilish haqidagi ishonchli ahdi darajasiga etkazgan bo‘lamiz. عَنْ أَبِي قَتَادَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: قَالَ اللهُ عَزَّ وَجَلَّ: إِنِّي افتَرَضْتُ عَلَى أُمَّتِكَ خَمْسَ صَلَوَاتٍ، وَعَهِدْتُ عِنْدِي عَهْدًا أَنَّهُ مَنْ جَاءَ يُحَافِظُ عَلَيْهِنَّ لِوَقْتِهِنَّ أَدْخَلْتُهُ الْجَنَّةَ، وَمَنْ لَمْ يُحَافِظْ عَلَيْهِنَّ فَلَا عَهْدَ لَهُ عِنْدِي. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ  Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Alloh azza va jalla: «Men sening ummatingga besh vaqt namozni farz qildim. Men O‘zimga O‘zim: «Kim ularni muhofaza qilib, o‘z vaqtida o‘qib kelsa, albatta jannatga kiritaman», deb ahd berdim. Kim ularni muhofaza qilmasa, Mening huzurimda unga ahd yo‘qdir», dedi», deb aytdilar».
Abu Dovud rivoyat qilgan.
Sharh: Bu hadisi qudsiy bo‘lib, uni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Alloh taolodan rivoyat qilmoqdalar.
Ushbu hadisi qudsiydan olinadigan foydalar:
1. Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlariga besh vaqt namozni farz qilganligi.
2. Kim besh vaqt namozini o‘z vaqtida yaxshilab o‘qisa, Alloh taolo uni albatta jannatga kiritishi.
3. Kim besh vaqt namozni o‘z vaqtida yaxshilab o‘qimasa, unga Alloh tomonidan yaxshi va’da bo‘lmasligi. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَرَأَيْتُمْ لَوْ أَنَّ نَهَرًا بِبَابِ أَحَدِكُمْ يَغْتَسِلُ مِنْهُ كُلَّ يَوْمٍ خَمْسَ مَرَّاتٍ هَلْ يَبْقَى مِنْ دَرَنِهِ شَيْءٌ؟ قَالُوا: لَا يَبْقَى مِنْ دَرَنِهِ شَيْءٌ، قَالَ: فَذَلِكَ مَثَلُ الصَّلَوَاتِ الْخَمْسِ يَمْحُو اللهُ بِهِنَّ الْخَطَايَا. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا أَبَا دَاوُدَ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Aytinglar-chi, agar biringizning eshigi oldida anhor bo‘lsa, u o‘shanda har kuni besh marta yuvinib tursa, uning kiridan biror narsa qoladimi?» dedilar.
«Uning kiridan hech narsa qolmaydi», deyishdi.
U zot sollallohu alayhi vasallam:
«Ana shunga o‘xshab, Alloh besh vaqt namoz ila xatolarni yuvadi», dedilar».
Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan.
Sharh: Hadisi sharifdan namozning fazilati va gunohlarning yuvilishi bobida uning tutgan o‘rni yaqqol ayon bo‘lmoqda. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu ma’noni yaxshiroq tushuntirish uchun misol keltirmoqdalar.
Birovning eshigi oldidan anhor oqib tursa-yu, u odam o‘sha anhorda har kuni besh mahal yuvinib tursa, unda kir qolmaydi. Xuddi shuningdek, har kuni besh mahal namoz o‘qigan odamning ham gunohlari yuvila-yuvila, gunohdan asar ham qolmaydi.
Kim bir mahal namozni o‘qimasa, uning gunohlaridan bir qismi to‘kilmay qolishi aniq. Ikki mahalni o‘qimasa, yana ham ko‘proq qoladi va hokazo. Bir kungi namozlarini o‘qimasa, anchagina kir to‘planadi. Bir hafta o‘qimasa, bir oy o‘qimasa, bir yil o‘qimasa, nima bo‘lishi ma’lum. Bir umr o‘qimaganlar esa bir umr yuvinmagan odamdan ko‘ra bir necha million marta jirkanch holga keladi. Chunki badanning kiri – moddiy kir, namoz o‘qimaganning kiri esa ma’naviy, ruhiy kirdir.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Shar’iy masalalarni tushuntirish uchun misollar keltirish yaxshiligi.
2. Namozning o‘ta fazilatli ekanligi.
3. Namoz tufayli bandaning gunohlari yuvilishi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 04:24 | Savol-javoblar | 150 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar