Hijriy taqvim

Assalomu alaykum! Ustozlar Biz bilamizki islomda hech narsa o‘z o‘zidan kelmagan, balki hikmat ila bo‘lgan. Faqat bizni yil sanash ya’ni hijriy-qomariy yili astronomiyaga to‘g‘ri kelmaydi. Bir yilimiz 354 kundan iborat. Er esa 365 kunda bir marta quyosh atrofida to‘liq aylanadi. Shuni tushuntirib beringlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo "Tavba" surasida marhamat qiladi:   إِنَّ عِدَّةَ الشُّهُورِ عِندَ اللّهِ اثْنَا عَشَرَ شَهْرًا فِي كِتَابِ اللّهِ يَوْمَ خَلَقَ السَّمَاوَات وَالأَرْضَ مِنْهَا أَرْبَعَةٌ حُرُمٌ ذَلِكَ الدِّينُ الْقَيِّمُ فَلاَ تَظْلِمُواْ فِيهِنَّ أَنفُسَكُمْ وَقَاتِلُواْ الْمُشْرِكِينَ كَآفَّةً كَمَا يُقَاتِلُونَكُمْ كَآفَّةً وَاعْلَمُواْ أَنَّ اللّهَ مَعَ الْمُتَّقِينَ۝ 36. Albatta, Allohning huzurida oylarning soni osmonlaru erni yaratgan kunidagi Allohning bitigida bo‘lgan o‘n ikki oy bo‘lib, ulardan to‘rttasi harom(oy)lardir. Mana shu to‘g‘ri dindir. Bas, ularda o‘zingizga zulm qilmang. Mushriklarga qarshi, ular sizga qarshi yoppasiga urushayotganlaridek, yoppasiga urush qiling. Va bilingki, albatta, Alloh taqvodorlar bilandir.
Ushbu oyati karima oylarning hisobi tabiiy ravishda, Alloh osmonlaru erni yaratgan paytdayoq, ularning harakatiga bog‘liq qilinib, o‘n ikki etib belgilanganligini bayon qilmoqda.
Bu doimiy ravishda bir xil turadigan sobit hisobdir. Unda insonning hech dahli yo‘q. Inson faqat Alloh yaratgan narsalarga qarab, Alloh bergan aql bilan oylarni sanaydi, xolos.
«Albatta, Allohning huzurida oylarning soni osmonlaru erni yaratgan kunidagi Allohning bitigida bo‘lgan o‘n ikki oy bo‘lib...»
O‘n bitta ham, o‘n uchta ham qilib bo‘lmaydi. Yangi oy chiqqan kuni yangi oy boshlanadi. U yigirma to‘qqiz yoki o‘ttiz kun bo‘ladi. Keyin yana yangisi chiqadi. Oldindan belgilab qo‘yilgan hisob bilan, oy to‘lin bo‘lganda ham, yangi oy boshlandi, deyilmaydi. Bunday deyish xato hisoblanadi. Chunki Allohning ishiga bandasi aralasha olmaydi.
«…ulardan to‘rttasi harom(oy)lardir».
Ya’ni Alloh tomonidan o‘n ikki oydan to‘rttasida urush qilish harom qilingandir. Ular Zulqa’da, Zulhijja, Muharram va Rajab oylari bo‘lib, mazkur oylarda urush boshlash haromdir.
«Mana shu to‘g‘ri dindir. Bas, ularda o‘zingizga zulm qilmang».
Yuqorida zikr qilingan hukm to‘g‘ri din hukmidir. Islom hukmidir. Bu hukmga xilofan, harom oylarda urush qilib, o‘zingizga zulm qilmang.
Agar mushriklar sizga urush e’lon etsalar, siz ham:
«Mushriklarga qarshi, ular sizga qarshi yoppasiga urushayotganlaridek, yoppasiga urush qiling».
Chunki bir taraf urush qilganda, ikkinchi taraf jim tura olmaydi. Albatta, urush birovga rahm qilmaydi. Unda turli hollar bo‘ladi. Ammo bu sizning turli nojoiz ishlarni qilishingizga bahona bo‘la olmaydi. Siz musulmonsiz, doimo Allohning amrida yurishingiz kerak.
Shuning uchun
«Va bilingki, albatta, Alloh taqvodorlar bilandir».
U Zot O‘ziga taqvo qiluvchilarga nusrat beradi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

12 May 2022, 02:01 | Savol-javoblar | 151 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar