Gunoh va jazo

Assalomu alaykum! Agar bir inson gunoh qilsa gunohining jazosini shu hayotda olsa, olamdan o‘tganidan keyin shu gunohi uchun narigi dunyoda unga yana jazo beriladimi yoki shu hayotdagi jazosi bilan kifoyalanadimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Agar inson bir gunoh yoki Alloh azza va jallaning jazosiga sabab bo‘ladigan ishni qilsa va bu dunyoda unga jazo qo‘llansa, so‘ng u Robbisiga tavba qilib, o‘sha gunohdan qaytsa va qilgan ishiga nadomat qilsa, shu bilan birga zulm qilganlariga haqlarini qaytarib bersa, Alloh taolo unga oxiratda yana o‘sha jazoni bermaydi deb umid qilinadi. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadislardan tushunib olinadi. عَنْ عُبَادَةَ بْنِ الصَّامِتِ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ وَحَوْلَهُ عِصَابَةٌ مِنْ أَصْحَابِهِ: بَايِعُونِي عَلَى أَنْ لاَ تُشْرِكُوا بِاللهِ شَيْئًا، وَلاَ تَسْرِقُوا، وَلاَ تَزْنُوا، وَلاَ تَقْتُلُوا أَوْلاَدَكُمْ وَلاَ تَأْتُوا بِبُهْتَانٍ تَفْتَرُونَهُ بَيْنَ أَيْدِيكُمْ وَأَرْجُلِكُمْ وَلاَ تَعْصُوا فِي مَعْرُوفٍ فَمَنْ وَفَى مِنْكُمْ فَأَجْرُهُ عَلَى اللهِ، وَمَنْ أَصَابَ مِنْ ذَلِكَ شَيْئًا فَعُوقِبَ فِي الدُّنْيَا فَهُوَ كَفَّارَةٌ لَهُ، وَمَنْ أَصَابَ مِنْ ذَلِكَ شَيْئًا ثُمَّ سَتَرَ اللهُ فَهُوَ إِلَى اللهِ إِنْ شَاءَ عَفَا عَنْهُ وَإِنْ شَاءَ عَاقَبَهُ. فَبَايَعْنَاهُ عَلَى ذَلِكَ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلاَّ أَبَا دَاوُدَ Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam atroflarida sahobalaridan bir jamoa turganida:
«Allohga hech narsani shirk keltirmasligi­ngiz, o‘g‘rilik qilmasligingiz, zino qilmasligingiz, bolalaringizni o‘ldirmasligingiz, qo‘l va oyoqlaringiz orasidan to‘qilgan bo‘hton keltirmasligingiz va ma’ruf ishda osiy bo‘lmasliklaringiz haqida menga bay’at qiling. Bas, sizdan kim bunga vafo qilsa, uning ajri Allohning zimmasidadir. Kim o‘shalardan ba’zi narsani qilib qo‘yib, dunyoda uqubatini olgan bo‘lsa, bu uning uchun kafforotdir. Kim o‘shalardan ba’zi narsani qilib qo‘ysayu, so‘ngra Alloh uni satr qilgan bo‘lsa, u Allohga havola. Xohlasa, uni afv qiladi, xohlasa, iqobga oladi», dedilar. Bas, biz u zotga ana shu haqida bay’at qildik».
Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan.
Bu rivoyatda bizga dalil bo‘ladigan qismi:
«Kim o‘shalardan ba’zi narsani qilib qo‘yib, dunyoda uqubatini olgan bo‘lsa, bu uning uchun kafforatdir».
Ya’ni, gunohning yuvilishidir. Kim bay’atda zikr qilingan, man etilgan narsalarni qilib, gunohkor bo‘lib qolsayu, bu dunyoda gunohiga yarasha shar’iy jazo olgan bo‘lsa, gunohi yuviladi. Albatta, dindan qaytib murtad bo‘lgan kimsaning hukmi bundan mustasno. Murtad shar’iy hukmga binoan o‘ldiriladi. Lekin kofir holida ketadi. Bu bilan uning kofirlik gunohi yuvilmaydi. Chunki Alloh taolo Qur’onda shirkni kechirmasligini qat’iyyan aytib qo‘ygan.
«Kim o‘shalardan ba’zi narsani qilib qo‘ysayu, Alloh uni satr qilgan bo‘lsa, u Allohga havola».
Ya’ni, birov bir gunohni qildi. Hech kim bilmadi, sirligicha qolib ketdi, Alloh uning aybini berkitdi. Undoq odamning ishi Alloh taologa havola qilinadi. Alloh taolo, xohlasa, uni afv qiladi, xohlasa iqobiga oladi. ("Hadis va hayot" kitobidan). 
 Albatta bu Alloh bilan banda o‘rtasida bo‘lsa, agar bandalar bilan bo‘lgan gunoh bo‘lsa, haq egasini roziligini haqqini qaytari berishi kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam!

12 May 2022, 03:07 | Savol-javoblar | 161 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar