Agar namoz gunohdan qaytarmasa

Assalomu alaykum! Men namoz o‘qiyman ammo meni namozlarim harom ishdan qaytarmayapti iltimos menga maslahat bering. Agar namoz gunohdan qaytarmasa u namozlar namoz bo‘ladimi yoki qaytib o‘qish kerakmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz o‘qigan namozingizda kamchilikka yo‘q qo‘yyapgan bo‘lishingiz kerak. Bu kamchilik har taraflama bo‘lishi mumkin. Shuning uchun namozni to‘kis ado qilishga harakat qiling. Shunda u sizni fahsh va munkar ishlardan saqlaydi. Qayta o‘qilingiz kerak emas. Bundan keyingi namozlaringizni ixlos bilan Allohning roziligini tilab to‘kis ado qilishga astoyidil mahkam bo‘ling. «Ankabut» surasining 45-oyatida bu haqida shunday deyilgan: اتْلُ مَا أُوحِيَ إِلَيْكَ مِنَ الْكِتَابِ وَأَقِمِ الصَّلَاةَ إِنَّ الصَّلَاةَ تَنْهَى عَنِ الْفَحْشَاء وَالْمُنكَرِ وَلَذِكْرُ اللَّهِ أَكْبَرُ وَاللَّهُ يَعْلَمُ مَا تَصْنَعُونَ۝ Senga kitobdan vahiy qilingan narsani tilovat qil va namozni to‘kis ado et, albatta, namoz fohisha va munkar ishlardan qaytarur. Albatta, Allohning zikri buyuk ishdir. Alloh nima qilsangiz, bilur.
Ey Payg‘ambar:
«Senga kitobdan vahiy qilingan narsani tilovat qil».
Qur’onni tilovat qilib, kishilarga etkazish Islomning asosiy omilidir. Ushbu ilohiy kitob ma’nolarini kishilarga etkazish, uning ta’limotlariga amal qilishga chaqirish asosiy ish bo‘lmog‘i lozim.
«...va namozni to‘kis ado et».
Biz «namozni to‘kis ado et» deb tarjima qilgan jumlani to‘g‘ridan-to‘g‘ri, so‘zma-so‘z o‘zbekchaga ag‘daradigan bo‘lsak, «namozni tik turg‘iz» bo‘lib chiqadi. Demak, namozni o‘qish bilan namozni tik turg‘izish, ya’ni to‘kis ado etish orasida farq bor. Alloh taolo Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga, namoz o‘qi, deb emas, namozni to‘kis ado et, deb xitob qilmoqda. Ha, to‘kis ado qilinganda:
«Albatta, namoz fohisha va munkar ishlardan qaytarur».
Mana shu nuqtadan kimning namozi haqiqiy, kimniki soxta ekanini bilib olamiz. Namozni hamma ham o‘qiyveradi, lekin namozxon fohisha va munkar ishlardan qaytmasa, uning o‘qigan namozi haqiqiy bo‘lmaydi. Qachonki namozxon namozni to‘kis ado qilsa, fohisha va munkar ishlardan qaytadi.
Imom Ibn Jarir Tobariy Hasan roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Kim bir namoz o‘qisa-yu, namozi uni fohisha va munkar ishlardan qaytarmasa, u kishining o‘z namozi ila Allohdan uzoq bo‘lishi ziyoda bo‘ladi, xolos», deganlar. («Tafsiri Hilol» kitobidan). Vallohu a’lam!

12 May 2022, 04:35 | Savol-javoblar | 162 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar