Bolaga ko‘z tegishi

Assalomu alaykum! Bolaga o‘z ota onasini ko‘zi xam tegadimi? Agar shunday bo‘lsa ko‘z tegmasligi uchun qanday duolar, amallar qilsa bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ko‘z tegishiga qarshi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagi duoni o‘qib dam solardilar.عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يُعَوِّذُ الْحَسَنَ وَالْحُسَيْنَ يَقُولُ: أُعِيذُكُمَا بِكَلِمَاتِ اللهِ التَّامَّةِ مِنْ كُلِّ شَيْطَانٍ وَهَامَّةٍ وَمِنْ كُلِّ عَيْنٍ لَامَّةٍ، ثُمَّ يَقُولُ: كَانَ أَبُوكُمْ يُعَوِّذُ بِهِمَا إِسْمَاعِيلَ وَإِسْحاَقَ عَلَيْهِمُ السَّلَامُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ بِسَنَدٍ صَحِيحٍIbn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Hasan va Husaynga panoh tilab:
«U’iyzukumaa bikalimaatillahit-taammati min kulli shaytonin va haammatin. Va min kulli aynin laammatin» der va so‘ngra:
«Bobongiz bular ila Ismoil va Ishoq alayhimussalomga panoh tilar edi», der edilar».
Abu Dovud va Termiziy sahih sanad ila rivoyat qilganlar.
Sharh: Duoning ma’nosi bunday: «Ikkingizga Allohning tugal kalimalari ila har bir shaytondan va zararkunandadan hamda gunohkor ko‘zdan panoh tilayman».
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning «Bobongiz bular ila Ismoil va Ishoqqa panoh tilar edi», deganlari «Ibrohim alayhissalom o‘g‘illari Ismoil va Ishoq alayhimussalomga xuddi mana shu duo ila panoh so‘rar edi», deganlaridir.
Shu bilan birga, ko‘z tegishining oldini olish ham tavsiya qilinadi. Buning uchun ko‘zga yaqin joylarni to‘sib yurish maslahat beriladi.
Imom Bag‘aviy «Sharhi Sunna» kitobida quyidagi rivoyatni keltirgan ekanlar:
«Usmon roziyallohu anhu bir xushsurat bolani ko‘rib qolib, «Bunga ko‘z tegmasligi uchun kuldirgichini berkitib qo‘yinglar», dedi».
Yana ko‘z tegishining oldini oladigan narsalardan biri biror narsani ko‘rib, ajablangan odamning «Maa shaa Allohu, laa quvvata illa billahi», deyishidir.
Hishom ibn Urva roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, u kishi o‘zlarini ajablantiradigan biror narsani ko‘rsalar yoki o‘z bog‘laridan biriga kirsalar, «Maa shaa Allohu, laa quvvata illa billahi», der ekanlar.
Alloh taolo Qur’oni Karimda o‘z bog‘i ila faxrlangan kofirga nasihat qilgan banda tilidan:
«Bog‘ingga kirganingda: «Allohning xohlagani, Allohdan boshqada quvvat yo‘q», desayding» (Kahf surasi, 39-oyat).
Ya’ni «Ey kofir, sen faxrlanayotgan bog‘ni senga Alloh bergan. Agar Alloh bermaganida, sening qo‘lingdan hech narsa kelmas edi. Shuning uchun bog‘ingga kirsang «Maa shaa Allohu, laa quvvata illa billahi» – «Allohning xohlagani, Allohdan boshqada quvvat yo‘q», desayding».
«Bunday deyishing senga ne’mat bergan Zotni tan olishingni va Uning quvvatiga ishonishingni bildiradi. Shu bilan birga, bu ojizligingni ham tan olishing bo‘ladi. Ana shunda senga Alloh bergan ne’mat ham bardavom bo‘ladi».
 Ushbu oyat ma’nosiga binoan, musulmonlar o‘zlarini ajablantiradigan, xursand qiladigan bir narsani ko‘rsalar yoki eshitsalar, xabar topsalar, ko‘z tegmasin, degan maqsadda «Maa shaa Allohu, laa quvvata illa billahi», deydilar. Bu ham musulmon inson madaniyatining belgisidir. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

12 May 2022, 06:24 | Savol-javoblar | 183 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar