Burjlarga ishonish to‘g‘rimi?

Assalomu alaykum, hurmatli Shayx Hazratlari! Burjlarga ishonish to‘g‘rimi? Bir yoshni ikkinchi yosh bilan to‘g‘ri kelish kelmasligini bilish uchun ko‘plar burjdan foydalanishmoqda, shu to‘g‘rimi? Oldindan katta rahmat.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Burjlarga ishonish shirkdir. Bu yulduzlarning va ularning burjlariga qarab fol ochishdir. Siz qaerda yuribsiz o‘zi? Bu borada alohida kitob chiqdi. Qayta-qayta chop etilmoqda. O‘quvchilarning iltimosi bilan ruschaga ham tarjima qilindi va chop etildi. Siz bo‘lsa, bunga ishonish mumkinmi, deb yuribsiz. Sizlarning ishingiz meni ovora qilib, vaqtimni olish. Boshqa muhim ishlarni qo‘yib, o‘zim yozgan narsani o‘zim topib berishimga majbur qilmoqdasizlar. Insof qilinglar! MUNAJJIMLAR HAMIShA ALDAShGAN Osmon jismlari va ularning joylashuv burjlariga qarab kishilar taqdirini aniqlash da’vosida yurgan munajjimlarning qilmishlari haqida so‘z ketganida, ko‘pchilik Islom dini ijozat bergan falakiyot, ilmi nujum (astronomiya) bilan Islom dini shug‘ullanishni harom sanagan munajjimlikni (astrologiya) adashtirib yuradi. Bular tamoman boshqa-boshqa narsalardir. Bu haqda sal quyiroqda batafsil so‘z yuritamiz. عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم  قَالَ: «مَنِ اقْتَبَسَ عِلْمًا مِنَ النُّجُومِ اقْتَبَسَ شُعْبَةً مِنَ السِّحْرِ، زَادَ مَا زَادَ» رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَأَحْمَدُ  Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim yulduzlardan ilm iqtibos qilsa, sehrdan bir sho‘’ba iqtibos qilgan bo‘ladi. Ziyoda bo‘lgani ziyoda bo‘laveradi», deganlar».
Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilishgan.
Ushbu rivoyatda yulduzlarga qarab g‘ayb ilmini, birovlarning taqdirini, kelajakda bo‘ladigan ishlarni bilishni da’vo qiladigan munajjimlar haqida so‘z ketmoqda. Fol ochishning bu turi ham borligi hammaga ma’lum. Bu kabi folbinlarga ko‘pchilik qatori, bemor kishilar ham murojaat qilishlari ham ma’lum.
«Kim yulduzlardan ilm iqtibos qilsa, sehrdan bir sho‘’ba iqtibos qilgan bo‘ladi».
Sehr Islom shariatida harom qilingan narsa. Binobarin, munajjimlik ham harom bo‘ladi. Musulmon odam bu ishni qilishi, o‘sha ishni qiluvchiga ishonishi mutlaqo mumkin emas.
«Ziyoda bo‘lgani ziyoda bo‘laveradi».
Ya’ni munajjimlik ziyoda bo‘lsa, sehr ham ziyoda bo‘ladi, gunoh ham ziyoda bo‘ladi. Shu erda ilmi falak – astronomiya va munajjimlik – astrologiya mutlaqo boshqa-boshqa narsa ekanini alohida ta’kidlash lozim. Islom ilmi falakni, osmonni va unda bor narsalarning barchasini yaxshilab o‘rganishga chaqirgan va musulmonlar ichidan bu sohada Mirzo Ulug‘bekka o‘xshash buyuk allomalar etishib chiqqan. Shu bilan bir vaqtda Islom munajjimlikdan qattiq qaytargan va bu ishning haromligini e’lon qilgan.
Ayni mana shu harom qilingan narsa hozirgi kunda nihoyatda avj olgan. Gazetalar kundalik, haftanomalar haftalik, oynomalar oylik, undan kattaroqlari yillik taqdirlarni, kelajakda bo‘ladigan ishlarni oldindan aytib berish da’vosi bilan hammani aldamoqda. Bu narsalar kishilarda turli bo‘lmag‘ur his-tuy­g‘ular, shumlanishlar, ikkilanishlar tug‘ilishiga sabab bo‘lmoqda. Musulmon kishilarning bunday ishlar bilan shug‘ullanishlari mutlaqo mumkin emas.
Munajjimlikning na dinga, na ilmga, na taraqqiyotga aloqasi bor. Bu ishlarning g‘irt bema’niligini turli soha olimlari ham, din ulamolari ham qayta-qayta ta’kidlashlariga qaramay, «munajjim bashoratlari»ning muxlislari kamayish o‘rniga tobora ortib bormoqda.
Shariatimiz qoralagan va musulmonlarni chetlanishga buyurgan yulduzlarga qarab fol ochish va buni insonlar taqdiriga bog‘lashdagi «bashorat»lar g‘irt yolg‘on va uydirma ekanini hozirgi zamonning etakchi olimlari va mutaxassislari ham isbotlab berishyapti.
Rossiya ob-havoni o‘rganish markazining sayyoralar harakati va geliogeofizik tekshiruvlar laboratoriyasi mudiri Nikolay Sidorenko bunday deydi: «Ma’lumki, quyosh kuzda osmon ekvatorini kesib o‘tadi va bu nuqta «kuz tengkunligi» deb ataladi. Astrologlar (munajjimlar) esa buni burjlar belgisiga ko‘ra «Tarozi» deb atashgan. Lekin gap shundaki, tengkunlik belgisi, quyoshning turishi va burj belgilari bundan ikki ming bir yuz yil muqaddam astrologiya gullab-yashnagan Vavilon (Bobil) va qadimgi Yunonistonda amalga kiritilgan edi. Quyoshning burj yulduzlariga nisbatan o‘rni almashib turgani uchun bu yil quyosh Tarozi yulduzlar turkumiga «odatdagidan» bir oy kech kirdi. U asl o‘rniga qaytib borishi uchun yana 25700 yil kerak bo‘ladi. Eski munajjimlar aynan mana shu «kechikish»dan bexabar bo‘lishgan. Hozirgilari buni bilsalar-da, hamon eskicha «hisob-kitob» qilgan munajjimlar «bashorati»dan foydalanishadi...»
Endi yana bir atoqli olim – rossiyalik nazariyotchi fizik, Nobel mukofoti sohibi akademik Vitaliy Ginzburgning bu haqdagi fikri bilan tanishing. U «Argumentы i Faktы» haftanomasi muxbiri bilan suhbatida shunday deydi: «Menga: «Nima uchun astrologiya bilan olishib qolding, bunga sal engilroq qarayver, bashoratlarni chop etishsa nima bo‘pti, axir bular shunchaki hazil-ku!» – deyishadi. Lekin inson ana shu hazil uydirmaga ishonib, uning taxminlari bilan yashasa, butun hayotini barbod qiladi-ku! Boshqasi uning ana shu ojizligi orqasidan jaraq-jaraq pul ishlaydi. Shu ham hazil bo‘ldimi? «Ehtiyoj bor bo‘lgach, bashoratlar bosilaveradi-da», deb menga tasalli bermay qo‘yaqoling! Bordiyu o‘quvchilar fahsh ishlarni yoritishni xohlashsa-chi?! Odamlar haqida qayg‘urish, ularni yomonlikka, yovuzlikka boshlamay, yaxshi ishlarga chorlash kerak. Astrologiya g‘irt bema’nilik, fanni shunchaki inkor etishning o‘zginasidir. U nimani tashviq qiladi? Go‘yoki odamning tug‘ilish paytida yulduzlar va sayyoralar uning kelajakdagi butun taqdirini belgilar emish. O‘tmish ajdodlarimizning astrologiya bilan shug‘ullanganlarini tushunsa bo‘ladi. Ilgari odamlar sayyoralar harakatini bilishmas edi. To‘rt yuz yil muqaddam ulug‘ falakiyotchi Iohann Kepler goroskop tuzib, shundan pul ishlagan. Lekin o‘shandan buyon ilm-fan oldinga ulkan qadamlar tashlab rivojlandi. Sayyora va yulduzlar taqdirga hech qanday ta’sir o‘tkaza olmasligi allaqachon isbotlangan».
Akademikning bu gaplariga qo‘shimcha qilishning zarurati bo‘lmasa kerak.
Yuqorida keltirilgan fikrlardan ayon bo‘ladiki, musulmonlar bu ish bilan shug‘ullanish u yoqda tursin, hatto u bilan shug‘ullanadigan kimsalarga murojaat ham qilmasliklari, ularning gaplarini e’tiborga olmasliklari kerak ekan. Bu qaytariqning naqadar muhimligi haqida kelgusi hadisi shariflarda so‘z yuritiladi. Mo‘minlarning onalari roziyallohu an­hunnaning ba’zilaridan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim arrofga borib, undan biror narsa haqida so‘rasa, uning namozi qirq kechagacha qabul bo‘lmaydi», dedilar».
Imom Muslim va Ahmad rivoyat qilishgan.
Ahmadning lafzida:
«Kim arrofga yoki kohinga borib, uning aytganini tasdiqlasa, batahqiq, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil bo‘lgan narsaga kufr keltiribdi», deyilgan.
Haqiqiy mo‘min uchun qirq kunlik emas, bir mahal namozining qabul bo‘lmay qolishi ulkan musibatdir. Bu musibat faqatgina folbinga borib, undan bir narsa haqida so‘rashning jazosidir. Uning aytganiga ishonadimi-yo‘qmi, buning farqi yo‘q. Ammo kim folbinga borib, uning aytganini tasdiqlasa, kufrga ketgan bo‘lar ekan. Bundan Allohning O‘zi asrasin.

27 Aprel 2022, 11:09 | Savol-javoblar | 220 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar