Eriga qo‘l ko‘tarish

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, yaqin qo‘shnimikida bir necha bor guvohi bo‘lganim uchun shu to‘g‘risida so‘rashga axd qildim. Savolim shundan iboratki, er xotinini nohaq, tanaga ozor etadigan darajada kaltaklashi bizning dinimizda qanday qoralanganidan xabardormiz. Lekin hozirda ko‘p uchrayotgan holat ayolni o‘z eriga birinchi bo‘lib qo‘l ko‘tarayotganidir. Bu holat bo‘yicha dinimizda nimalar deyilgan? Zero buni o‘qigach opa-singillarimiz o‘z halolalariga qo‘l ko‘tarish nima oqibatlarga olib kelishini tushunib etishsa. Javob uchun avvaldan rahmat!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ مُعَاذِ بْنِ جَبَلٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا تُؤْذِي امْرَأَةٌ زَوْجَهَا فِي الدُّنْيَا إِلَّا قَالَتْ زَوْجَتُهُ مِنَ الْحُورِ الْعِينِ: لَا تُؤْذِيهِ قَاتَلَكِ اللهُ، فَإِنَّمَا هُوَ عِنْدَكَ دَخِيلٌ يُوشِكُ أَنْ يُفَارِقَكِ إِلَيْنَا. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَحَسَّنَهُ Mu’oz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qay bir xotin bu dunyoda eriga ozor bersa, albatta, uning «huri iyn»dan bo‘lgan xotini «Unga ozor berma! Alloh seni halok qilsin! U sening oldingda qo‘noq bo‘lib turibdi, xolos. Yaqinda seni tark etib, biz tomon jo‘naydi», deydilar», deganlar». Termiziy rivoyat qilgan va hasan, degan. Sharh: Ushbu hadisai sharif ham ayol kishi o‘z eri bilan doimo yaxshi muomalada bo‘lishi kerakligiga, eri undan ozor ko‘rmaslik haqqiga ega ekanligiga dalildir. Bu haqni yaxshilab tushunib olish va uni poymol qilmaslikka harakat etish zarur. عَنْ أُمِّ سَلَمَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَيُّمَا امْرَأَةٍ مَاتَتْ وَزَوْجُهَا عَنْهَا رَاضٍ دَخَلَتِ الْجَنَّةَ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَالْحَاكِمُ Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qay bir xotin o‘lsa-yu, eri undan rozi bo‘lsa, u jannatga kiradi», dedilar». Termiziy va Hokim rivoyat qilganlar. Sharh: Demak, eri rozi bo‘lmagan xotin jannatga kira olmaydi. Shu hadisning o‘zidan erning xotinidagi haqqi qanchalik ulug‘ligini bilib olish mumkin. Jannatga kirish niyatida bo‘lgan ayol o‘z erini rozi qilishga doimiy harakatda bo‘lishi kerak. Bu erning xotindagi haqlaridandir. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

27 Aprel 2022, 11:09 | Savol-javoblar | 154 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar