Namozlar orasida dunyoviy gaplar gapirish

Assalomu alaykum! Hurmatli  ustozlar, masjidga  bamdod  namozini  farzini o‘qish uchun yo‘lda  ketayotib salavot  va zikrlar  o‘qib  ketayotib  yo‘lovchilar  «Assalomu alaykum»  deb salom bersa unga  «Valaykum assalom»  deb javob qaytarish   va masjidga  birga  ketayotgan  sheriklar  bilan dunyoviy  so‘zlarni gaplashib  ketish to‘g‘risida  savol bergandim. Sizlar  tomoningizdan juda  chiroyli   yaxshi javob olib, sizni  bergan   javobingizga  amal  qilib, ibodat  qilib  kelmoqdaman. Lekin  meni yonimdagi   sheriklarim  uylarida  sunnatini  o‘qib, masjidga  ketayotib, dunyoviy so‘zlarni  gaplashib  ketishmoqda.  Ular  ichida ko‘p  yillardan  beri namoz   va Qur’onni o‘qib  kelayotgan  ulamolardan  biri ham dunyoviy  so‘zlarni  gaplashib ketmoqda. To‘g‘ri har kim  qilgan  gunohiga  o‘zi  javob beradi. Men sizlardan  olgan javobimga  asoslanib  shunday  bo‘lsa  ham  unga   tushintirishga  harakat  qildim. Lekin  o‘sha  odam menga  “Qur’on  va hadislarda  men  bunday javob  ko‘rmadim” deb aytmoqda. Shuning  uchun noo‘rin   va  qayta  savol  berib  sizlarni  bezovta  qilganim uchun  uzr  so‘rayman. Agar  imkoni   bo‘lsa  shu  savolimga  batafsilroq  javob bersangizlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Imom Ahmad, imom Ishoq, shuningdek ba’zi hanafiy ulamolar : “Sunnatni o‘qigandan keyin so‘zlashish sunnatni botil qiladi” deganlar. “Durrul muxtor” va “Bahrurroyiq” kitoblarida hanafiy ulamolarining ba’zilari ham shunday deyilgan. Jumhur ulamolar “botil bo‘lmaydi” deganlar. Shundan ma’lum bo‘ladiki, sunnat o‘qilgandan keyin zaruratsiz gapirmaslik kerak. Farzlardan oldingiz sunnatdan maqsad Alloh taologa yuzlanish va qalbni farzga tayyorlashdir. Sunnatlardan keyin so‘zlashish bilan bu maqsad zoe bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatdan keyin Oisha roziyallohu anho onamiz bilan gaplashganlari haqidagi hadisdan, u zot sollallohu alayhi vasallamning so‘zlashganlarini boshqa insonlarning so‘zlashishlariga qiyoslamaslik kerak. Bu narsa bamdodning sunnatiga xos bo‘lmay, balki boshqa sunnat namozlariga ham tegishlidir. Sahobalardan Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu bamdodning sunnatidan keyin so‘zlashishni qattiq olar edilar. (Musannaf ibn Abi Shayba). Vallohu a’lam!

12 May 2022, 13:07 | Savol-javoblar | 182 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar