Balog‘at yoshigacha bolalarning gunohi

Assalomu alaykum! Yosh bolalarning balog‘at yoshigacha bo‘lgan gunohlari uchun ota onaga yoziladimi? Bilamizki, bolalar gunoh qilsalar ular qiyomatda javobgarlikka tortilmaydi. Lekin gunohi kabira yoki gunohi sag‘iralar uchun ham ushbu qoida amal qiladimi? O‘rtoqlarim bilan tortishib qoldik. Balog‘atga etmasdan vafot etgan bola jannatga kirishi haqidagi zaif hadis haqida bilamiz. Lekin bolalarning kabira gunohlari uchun ota ona javob beradimi? O‘rtoqlarim: Nega unda Nuh alayhissalomning o‘g‘li Allohga osiy bo‘lganda Nuh alayhissalom javobgar bo‘lmagan, balog‘atga etish davomidag ham o‘gli Allohga shahodat keltirmaganku deyishmoqda. Iltimos yaxshiroq tushuntirib bersangiz shu masalani. Alloh qilayotgan ishlaring uchun O‘z fazlini ko‘paytirib bersin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Har bir banda o‘z amali uchun javobgardir. Barcha o‘zi qilgan gunohi uchun jazo, ibodati uchun mukofot oladi. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi.أَلَّا تَزِرُ وَازِرَةٌ وِزْرَ أُخْرَى ۝ وَأَنْ لَيْسَ لِلْإِنْسَانِ إِلَّا مَا سَعَى ۝Albatta, hech bir gunohkor boshqaning gunohini ko‘tarmas. Har bir insonga o‘z qilganidan boshqa narsa yo‘q. (Najm surasi 38-39 oyatlar).
Shunga ko‘ra, ota-onalarning bo‘yniga farzandlarining qilgan gunohlari to‘g‘ridan to‘g‘ri yuklanmaydi. Lekin, ota-onalar o‘z farzandlarini harom va halolni ajratadigan, ibodatlarni qoim qiladigan, gunoh va ma’siyatlarga qo‘l urmaydigan qilib tarbiya qilmaganliklari uchun javobgar bo‘ladilar.يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلائِكَةٌ غِلاظٌ شِدَادٌ لا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ ۝Ey, iymon keltirganlar! O‘zingizni va ahli ayolingizni yoqilg‘isi odamlaru toshdan bo‘lgan o‘tdan saqlang. Uning tepasida qo‘pol, darg‘azab farishtalar bo‘lib, ular Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qilurlar. (Tahrim surasi 6 oyat)عن عبد الله بن عمر رضي الله عنهما أنَّهُ سَمِعَ رَسولَ اللَّهِ صلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ يقولُ: كُلُّكُمْ رَاعٍ ومَسْؤُولٌ عن رَعِيَّتِهِ؛ فَالإِمَامُ رَاعٍ وهو مَسْؤُولٌ عن رَعِيَّتِهِ، والرَّجُلُ في أهْلِهِ رَاعٍ وهو مَسْؤُولٌ عن رَعِيَّتِهِ، والمَرْأَةُ في بَيْتِ زَوْجِهَا رَاعِيَةٌ وهي مَسْؤُولَةٌ عن رَعِيَّتِهَا، والخَادِمُ في مَالِ سَيِّدِهِ رَاعٍ وهو مَسْؤُولٌ عن رَعِيَّتِهِ. قالَ: فَسَمِعْتُ هَؤُلَاءِ مِن رَسولِ اللَّهِ صلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ، وأَحْسِبُ النَّبيَّ صلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ قالَ: والرَّجُلُ في مَالِ أبِيهِ رَاعٍ وهو مَسْؤُولٌ عن رَعِيَّتِهِ، فَكُلُّكُمْ رَاعٍ وكُلُّكُمْ مَسْؤُولٌ عن رَعِيَّتِهِ.Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deyayotganlarini eshitdim: «Har biringiz mutasaddidir va har biringiz qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir. Imom mutasaddidir va qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir. Erkak o‘z oilasida mutasaddidir va qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir. Ayol erining uyida mutasaddidir va qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir. Xodim o‘z xojasining molu mulkida mutasaddidir va qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir. Demak, har biringiz mutasaddidir va har biringiz qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir».  Ha, men bularni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitdim. Menimcha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Er kishi otasining molida mutasaddidir va u o‘z raiyatiga mas’uldir. Har biringiz mutasaddidir va har biringiz qo‘l ostidagilariga mas’uldir», ham deganlar». 
Imom Buxoriy va Muslim rivoyati. Vallohu a’lam!

12 May 2022, 14:35 | Savol-javoblar | 158 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar