Oilada er ko‘p la’natlasa

Assalomu alaykum! Oilaliman, 4 nafar farzandim bor, turmush o‘rtog‘im 5 vaqt namoz o‘qiydilar, lekin juda dilozor, ko‘ngilni og‘ritadigan ko‘p gaplar aytadilar, har bir gaplariga so‘kinish gaplar aralashtiradilar, menga nisbatan o‘ta qo‘pol so‘zlarni aytadilar, pastga urib haqoratomuz gaplarni aytadilar. Men ayol kishi ekanman, erimning hamma gaplariga ko‘nikishim shart ekan, bir necha bor shunaqa qilmang deb aytaman. Bezillab qolganman, ko‘chada arzimagan narsalarga ham o‘ta asabiylashib, uyda to‘s to‘polon qilib tashlaydilar. O‘zim va farzandlarim bezillab turamiz. Har chaqirganlarida so‘kish aralashtirib gapiradilar. Birovlarni ko‘p mazax qiladilar, bir necha bor aytganman bu yomon fazilatligini, barbir xarakterni o‘zgartirib bo‘lmas ekan. Kanalni muntazam kuzatib boradilar, ularga hadislardan misol keltirib pand nasihat qilsangiz, shoyad, Allohning go‘zal kalimalari chiqqan tillari insofga kelsa.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Musulmon odam bunday zolim bo‘lmasligi kerak. عَنْ أَبِي الدَّرْدَاءِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ اللَّعَّانِينَ لَا يَكُونُونَ شُهَدَاءَ وَلَا شُفَعَاءَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«La’natlovchilar qiyomat kuni guvoh ham, shafoatchi ham bo‘lmaydilar», dedilar».
Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu dunyoda odamlarni la’natlab yuradigan odamlar u dunyoda yuqori martabalarga erisha olmas ekanlar. Kim u dunyoda guvohlik yoki shafoatchilik kabi oliy maqomlarga erishish niyatida bo‘lsa, zinhor birovni la’natlamasin. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

9 May 2022, 01:50 | Savol-javoblar | 167 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar