Xovuzdan aroq hidi

Assalomu alaykum! Bizning qishloqda suv sho‘rligi sababli nisbatan yaxshiroq suv olib kelib, hovuzda saqlanadi. Ukam hovuzni tozalash maqsadida eski suvni qoldig‘ini chiqarib tashlab, tozalab, keyin, mayda-mayda qurt-qumursqalar bo‘lsa o‘ladi degan maqsadda hovuzni 0,5 litr aroq bilan yuvibdi va o‘sha paytning o‘zida hovuzga suv quydiribdi (4 t atrofida). Oradan 1-2 kun o‘tganidan keyin suvda aroqni hidiga o‘xshash hid borligini sezib qolishibdi. Lekin aniq aroqni hidi deb aytisholmayapti. Hid borligi aniq, lekin aroqni aynan hidi emasu, o‘xshash deyishayapti. Shariatimizga muvofiq bu suvning hukmi qanday? U suvdan ichsa bo‘ladimi? G‘uslga, taxorotga, kiyimlarni yuvishda ishlatsa bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Suvning hidi o‘zgargan bo‘lsa, u suvdan foydalanish joiz emas. “Kifoya” kitobida quyidagicha keladi:
Agar unga najas aralashgan bo‘lsa, u oqar suv yoki o‘nga o‘n bo‘lib, hovuchlab olganda eri ochilib qolmaydigan bo‘lsa, u najas bo‘lmaydi.
Bu jumladagi «o‘nga o‘n» iborasi suv saqlanadigan hovuzning hajmini bildirish uchun aytilgan. Ya’ni suv saqlanadigan hovuzning kengligi o‘n arshinga o‘n arshin, eni ham, bo‘yi ham o‘n arshindan bo‘lsa va undan hovuchlab suv olganda tagidagi er ochilib qolmaydigan darajada chuqur bo‘lsa, uning bir tarafiga najas tushganda boshqa tarafidan tahorat qilaversa bo‘ladi, chunki bu hajmdagi hovuzlar oqar suvning hukmida bo‘ladi. Bunda hovuzning sathi yuz gaz bo‘lsa bo‘ldi. Hovuz xoh doira shaklida bo‘lsin, xoh uchburchak shaklida bo‘lsin yoki eni tor, bo‘yi uzun shaklda bo‘lsin, farqi yo‘q.
Hanafiy mazhabi ulamolari, najas narsa tegishi bilan yoki tushishi bilan nopok bo‘lib qolmaydigan eng oz suv miqdori – eni o‘n arshin, bo‘yi o‘n arshinli hovuzning suviga teng, deganlar.
«Arshin» deganda o‘rtacha odamning barmoqlari uchidan tirsagigacha bo‘lgan uzunlik tushuniladi, bu 61,2 sm.ga teng. Demak, eni va bo‘yi 6 metru 12 sm.dan bo‘lgan hovuzning suvi hanafiy mazhabi bo‘yicha, najas narsa tushsa, nopok bo‘lmaydigan eng oz suv hisoblanar ekan. عَنْ رَاشِدِ بْنِ سَعْدٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْمَاءُ لَا يُنَجِّسِهُ شَيْءٌ إِلَّا مَا غَلَبَ عَلَى لَوْنِهِ أَوْ طَعْمِهِ أَوْ رِيحِهِ . رَوَاهُ الطَّحَاوِيُّ Roshid ibn Sa’ddan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Suvni hech narsa najas qilmaydi. Illo, uning rangiga, ta’miga va hidiga g‘olib kelgan narsagina qiladi», dedilar».
Tohaviy rivoyat qilgan.
Lekin unday (oqar suv yoki o‘nga o‘n bo‘lib hovuchlab suv olinganda eri ochilib qolmaydigan) bo‘lmasa, najas tushgan suv ham najasga aylanadi.
Demak, mazkur hajmdan kichik bo‘lgan hovuzga najas tushsa, undagi suv ham najasga aylanadi. Vallohu a’lam!

12 May 2022, 14:57 | Savol-javoblar | 156 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar