O‘g‘limni bu holatida nima qilsam bo‘ladi?

Assalomu alaykum! O‘g‘lim 25yoshda. Aqlli, uyim-joyim deydigan. Faqat oxirgi paytlarda ishlari unchalik yurishmayotganligi va tez-tez boshi og‘riyotgani, uyqularida tinch uxlay ololmayotgani, uyimizdan esa ko‘ngli qolayotgani haqida shikoyat qildi. Ayrimlar o‘g‘lingizni issiq-sovuq qilishgan deyishdi, lekin ishonmadim. Bunday vaziyatda nima qilishim kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يُعَوِّذُ بَعْضَ أَهْلِهِ يَمْسَحُ بِيَدِهِ الْيُمْنَى وَيَقُولُ: اللَّهُمَّ رَبَّ النَّاسِ اذْهِبِ الْبأْسَ واشْفِ أَنْتَ الشَّافِي لَا شِفَاءَ إِلَّا شِفَاؤُكَ شِفَاءً لَا يُغَادِرُ سَقَمًا. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z ahllaridan ba’zilarga panoh tilaganlarida o‘ng qo‘llari ila silab:
«Allohumma! Robban-naasi! Izhibil ba’sa. Ishfi. Antash-shaafii. Laa shifa’a illaa shifaauka. Shifaan laa yug‘odiru saqman», der edilar».
Ikki shayx rivoyat qilganlar.
Sharh: Har bir dam soluvchining bemorni o‘ng qo‘li bilan silab turib dam solishi shundan olingan. To‘g‘rirog‘i, duoni o‘qib, o‘ng kaftga dam solib, so‘ng o‘sha o‘ng kaft bilan bemorni silash kerak.
Duoning ma’nosi quyidagicha:
«Allohim! Odamlarning Robbi! Shiddatni ketkaz! Shifo ber. Shifo beruvchi Sensan. Shifoingdan boshqa shifo yo‘q. Hech dardni qo‘ymaydigan shifo ber!». ("Hadis va Hayot" kitobidan). To‘rt narsadan g‘aflatda qolmang! Shayx Muhammad Mutavalliy Sha’roviy rohimahulloh aytadi:
«To‘rt narsadan g‘aflatda qolgan to‘rt kishiga hayronman:
Birinchisi g‘am-g‘ussaga botgan odam. U qanday qilib Yunus alayhissalomning Qur’onda kelgan, «Laa ilaaha illaa anta, subhaanaka, innii kuntu minaz-zolimiyn» (Sendan o‘zga iloh yo‘q, Seni poklab yod etaman! Men o‘zimga zulm qilib qo‘ydim) degan duosidan g‘aflatda qoladi? Axir U Zot bu oyatning ketidan «Biz uning duosini ijobat qildik va g‘am-g‘ussadan najot berdik» demoqda-ku! (Anbiyo surasi, 87, 88-oyatlar)
Ikkinchisi katta zarar etgan odam. U qanday qilib Ayyub alayhissalomning Qur’onda kelgan, «Innii, massaniyad-durru, va anta arhamur-rohimiyn» (Menga og‘ir zarar etdi. Ammo Sen rahm qiluvchilarning eng rahmlisisan) degan duosidan g‘aflatda qoladi? Axir U Zot bu oyatning ketidan «Biz uning duosini ijobat qildik va unga etgan zararni ketkazdik» demoqda-ku! (Anbiyo surasi, 83, 84-oyatlar)
Uchinchisi dahshatga tushgan odam. U qanday qilib Nabiy sollallohu alayhi vasallam boshliq musulmonlarning «Hasbunalloh va ni’mal-vakil!» (Bizga Allohning O‘zi kifoya, U Zot qanday yaxshi vakil!) degan g‘aflatda qoladi? Axir U Zot bu oyatning ketidan «Ular Allohning ne’mati va fazli ila qaytdilar, ularga aslo zarar etmadi» demoqda-ku! (Oli Imron surasi, 173, 174-oyatlar)
To‘rtinchisi odamlarning makriga aldangan kishi. U qanday qilib Muso alayhissalomning Qur’ondagi «Va ufavvidu amrii ilalloh. Innalloha basiyrun bil’ibaad» (Ishimni Allohga topshirdim. Albatta, Alloh bandalarni ko‘rib turuvchidir) degan so‘zidan g‘aflatda qoladi? Axir U Zot bu oyatning ketidan «Alloh uni ularning yomon makridan saqladi» demoqda-ku? Vallohu a’lam!

25 May 2022, 21:56 | Savol-javoblar | 166 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar