Kim baland narx bersa o‘shanga o‘tib ketish

Assalomu alaykum! Man yaqinda uyimni sotmoqchi bo‘lib tanishimdan 500$ zaklad(garov puli)olgandim. Lekin boshqa tanishim undanam ancha ko‘proq miqdorda uyimni olishini taklif qildi. Man garov pulini qaytarib berib, boshqasiga qimmatroga sotsam bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bo‘lmaydi. Siz ham o‘sha tanishingiz ham mutlaqo noto‘g‘ri ishni qilayapsizlar. عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا يَبِعِ الرَّجُلُ عَلَى بَيْعِ أَخِيهِ، وَلَا يَخْطُبْ عَلَى خِطْبَةِ أَخِيهِ إِلَّا أَنْ يَأْذَنَ لَهُ. وَفِي رِوَايَةٍ: لَا يَسُمِ الْمُسْلِمُ عَلَى سَوْمِ أَخِيهِ Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kishi o‘z birodarining savdosi ustiga savdo qilmasin, o‘z birodari sovchiligi ustiga sovchilik qilmasin. Magar unga o‘zi izn bersa, mayli», dedilar».
Boshqa bir rivoyatda:
«Musulmon o‘z birodarining savdolashishi ustiga savdolashmasin», deyilgan.
Sharh: Ushbu hadisi sharifda uch xil ishdan nahiy qilinmoqda:
1. Birovning bitirgan savdosi ustiga savdo qilish.
Bu ikki xil ko‘rinishda bo‘lishi mumkin:
Birinchi ko‘rinishda sotuvchi boshqa sotuvchidan narsa sotib olgan xaridorga «Savdongni buzib, narsasini qaytarib ber, men senga xuddi shu narsani arzon narxga beraman», deydi.
Ikkinchi ko‘rinishda esa xaridor boshqa xaridorga narsa sotgan sotuvchiga «Savdongni buzib, narsangni qaytarib ol, men senga undan ko‘ra ko‘p baho to‘layman», deydi.
Bu ish buzg‘unchilikdan iboratdir. Kishilar ichida kelishmovchilik, urush-janjal keltirib chiqaradigan ishdir. Erkin bozor qoidasiga, odamlarning ba’zilari ba’zilaridan foyda olishlariga zid narsadir. Shuning uchun ham bu noto‘g‘ri ish shariatda man qilingan.
2. Birovning sovchiligi ustiga sovchilik qilish.
Bir kishi bir qizga sovchilik qilib turganda u o‘z ishini bitirmaguncha boshqa odam haligi qizga sovchilik qilishi haromdir. Bu ham kishilar o‘rtasida xusumat keltirib chiqaradigan ishdir. Ammo birinchi sovchilik qilgan odam ikkinchi odamga o‘zi izn berib, «Mayli, nasib qilgani bo‘lar. Siz ham sovchi qo‘yavering», desa, u ham sovchilik qilishi mumkin. Bu masala, inshaalloh, «Nikoh» kitobida batafsil o‘rganiladi.
3. Birovning savdolashishi ustiga savdolashish.
Ya’ni, bir kishi bir narsani savdolashib qo‘ydi, hali bir yo‘la sotib olgani yo‘q. Shunda bir odam kelib, sotuvchiga «Menga sotsang, undan ko‘p narx beraman», deyishi mumkin emas. Yoki xaridorga «Mening xuddi shu savdolashgan narsangga o‘xshash narsam bor, bundan ko‘ra arzonroq beraman», deyishi mumkin emas. Savdo bitsa, bitib ketdi, bitmasa, uchinchi kishi o‘z maqsadini aytsa bo‘ladi. Bu ishda ham boshqalarga zarar keltirish bor bo‘lganligi uchun harom qilingan.
O‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, bozor va savdo sohasida kelib chiqadigan ko‘pgina urush-janjal, kelishmovchiliklarning asosiy sabablaridan biri ushbu hadisi sharifda zikr qilingan masaladir. Kishilarning Islomdan bexabarliklari, xabardorlarning esa amal qilmasliklari oqibati nima bo‘lishini shundan ham bilib olaversak bo‘ladi. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

12 May 2022, 15:08 | Savol-javoblar | 157 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar