Allohning ismlari yozilgan qog‘ozni sotish

Assalomu alaykum! Keyingi paytda uchrab turgan holat bo‘yicha savol bermoqchiman. Yaqinda uyimizni eshigini tahminan 30 yoshlardagi bir odam taqillatib, lekin kimdir chiqishini kutmasdan eshikni ochib, eshik yaqinida turgan kelinoyimga 2 ta qog‘oz berib, o‘zi tashqarida kutayotgan ekan. Qog‘ozlardan birida Allohning 99 ismi yozilgan, ikkinchisida esa o‘zi haqida: gapirmasligi, eshitmasligi va shu qog‘ozni ma’lum haq evaziga sotib olsak bizdan minnatdor bo‘lishi haqida yozilgan ekan. Yigit ko‘rinishidan oyoq-qo‘li sog‘, lekin gapirmas va eshitmas ekan. U eshikma-eshik yurib hamma uyga shunday qog‘ozlar tarqatayotgan ekan. Eshikni ruxsatsiz ochgani uchun jahlim chiqib, olib kelgan narsasini qaytarib, u so‘ragandan kamroq pul berdim. Lekin pulni olmay, teskari o‘girilib ketib qoldi. Shu kundan beri noto‘g‘ri qildimmikan deb o‘ylanib yuribman. O‘zi umuman bunday vaziyatda qanday yo‘l tutishimiz kerak? Bozorlarda ham xuddi shunday holatlar kuzatilib turadi, qandaydir duolar yoki biror sura yozilgan qog‘oz, eshitmasligi va gapirmasligi haqida ma’lumot va ma’lum haq evaziga sotib olish bo‘yicha iltimosnoma. Iltimos shu masalaga oydinlik kiritib bersangiz, zero hozir ko‘plab odamlar shu vaziyatga duch kelishapti, qanday yo‘l tutsak to‘g‘ri bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz mulohaza qilganingiz kabi kuch-quvvati, salomatligi joyida bo‘lsa, halol mehnat qilib pul topishi zarur. Hadisi sharifda shunday deyilgan:وَعَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لأَنْ يَحْتَطِبَ أَحَدُكُمْ حُزْمَةً عَلَى ظَهْرِهِ خَيْرٌ لَهُ مِنْ أَنْ يَسْأَلَ أَحَدًا فَيُعْطِيَهُ أَوْ يَمْنَعَهُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلاَّ أَبَا دَاوُدَAbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, sizlardan biringizning bir bog‘ o‘tin terib orqalab kelishi birovdan so‘rashi, unga berish yoki man qilishdan yaxshidir», dedilar». 

Beshovlaridan Abu Dovud rivoyat qilmagan.
Sharh: Bu hadisi sharifda o‘z mehnati bilan kasb qilib, rizqiro‘z talab qilish katta fazilat ekani bayon etilmoqda. Birovdan bir narsa so‘rasa, u o‘sha so‘ralgan narsani bermasa uyat, bersa minnat bo‘ladi. Ammo o‘tin terib sotib, kun ko‘rish – birovga yuzini sarg‘aytirmay o‘zining halol mehnati bilan ro‘zg‘or tebratish sharaf bo‘ladi.
Islom dini musulmonlarni ayni ana shu ruhda tarbiya qiladi. (“Hadis va Hayot” kitobidan”). Vallohu a’lam!

23 Sentabr 2022, 23:08 | Savol-javoblar | 136 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar