Elchixonada firiblar

Assalomu alaykum! Hozirgi kunda Polsha elchixonasiga suhbatga joy olish talabalar uchun muammo bo‘lib kelmoqda, sababi elchixona o‘z xizmatlarini faqat juma kuni 3 dan 4 gacha taqdim qilyapti. Shu paytda ayrimlar tekinga beriladigan narsani 200$ gacha narxda pullab studentlarga joy olib berayapti. Hozir sizlarga ikkita holatni taqdim etmoqchiman shunda tushunmovchilik bor.1- holat shuki, agar saytda hamma intervyu uchun joy ola olish imkoniyatiga ega bo‘lib joylar juda ko‘p bo‘lsa, bilmaydigan yigit biladigan notanish insondan pulga joyni sotib olishi mumkinmi? Yoki, agar hozirgidek joylar soni cheklangan bo‘lib, faqat bir nechta o‘rin olish mumkin bo‘lsa, u akalar bir vaqtni o‘zida ko‘plab o‘quvchilarga pul evaziga joy olib berishi joizmi, xuddi shu vaqtni o‘zida o‘z aql-u salohiyati bilan joy olishi mumkin bo‘lgan da’vogar joydan quruq qolsa, puli bor kandidat esa, aqlli kandidatdan ustun kelsa, shu yo‘l orqali topilgan pul hukmi qanday. 2. Agar joylar hozirgidek cheklangan bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi qonuniga xilof internetni buzuvchi ya’ni VPN+ va hokazo saytlar orqali o‘sha vaqtda server kompyuterga aylanib olib, qolgan kompyuterlarni bloklab qo‘yib, joyni olib ularni 200$ atrofida chet elga chiqayotgan kandidatlarga pullayotgan bo‘lsa, bu ishni hukmi qanday. Uzr, savol cho‘zilib ketdi!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Hamma borib olishga haqli bo‘lgan narsani firibgarlik qilib ba’zi bir odamlar o‘ziniki qilib olishi o‘ta jirkanch ish ekanligiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Kim firib qilsa bizdan emas” degan hadislari kifoya qiladi. عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِنِّي فَرَطُكُمْ عَلَى الْحَوْضِ، مَنْ مَرَّ عَلَيَّ شَرِبَ، وَمَنْ شَرِبَ لَمْ يَظْمَأْ أَبَدًا، لَيَرِدَنَّ عَلَيَّ أَقْوَامٌ أَعْرِفُهُمْ وَيَعْرِفُونِي، ثُمَّ يُحَالُ بَيْنِي وَبَيْنَهُمْ
قَالَ أَبُو حَازِمٍ: فَسَمِعَنِي النُّعْمَانُ بْنُ أَبِي عَيَّاشٍ فَقَالَ: هَكَذَا سَمِعْتَ مِنْ سَهْلٍ؟ فَقُلْتُ: نَعَمْ. فَقَالَ: أَشْهَدُ عَلَى أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ لَسَمِعْتُهُ وَهْوَ يَزِيدُ فِيهَا: «فَأَقُولُ: إِنَّهُمْ مِنِّي. فَيُقَالُ: إِنَّكَ لَا تَدْرِي مَا أَحْدَثُوا بَعْدَكَ. فَأَقُولُ: سُحْقًا سُحْقًا لِمَنْ غَيَّرَ بَعْدِي». وَقَالَ ابْنُ عَبَّاسٍ: سُحْقًا بُعْدًا، يُقَالُ سَحِيقٌ بَعِيدٌ، وَأَسْحَقَهُ أَبْعَدَهُ
 Sa’id ibn Abu Maryam bizga shunday so‘zlab berdi:
«Muhammad ibn Mutarrif bizga shunday so‘zlab berdi: «Menga Abu Hozim shunday so‘zlab berdi: «Sahl ibn Sa’d dedi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Men sizlar uchun Havzga faratman. Kim oldimdan o‘tsa, (undan) ichadi. Kim ichsa, toabad tashna bo‘lmaydi. Oldimga men taniydigan, meni taniydigan (ba’zi) qavmlar keladi, so‘ng men bilan ularning oralari to‘siladi».
Abu Hozim shunday dedi: «Nu’mon ibn Abu Ayyosh buni mendan eshitib, «Sahldan shunday eshitganmisan?» dedi. «Ha», dedim. Shunda u: «Guvohlik beramanki, buni Abu Sa’id Xudriydan eshitganman va u unga shunday qo‘shimcha qilgan: «Ular mendan-ku», deyman. «Ularning sendan keyin nimalar qilganini bilmaysan», deyiladi. Shunda men: «Yo‘qolsin, yo‘qolsin mendan keyin o‘zgartirganlar!» deyman».
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: «Suhqon» – nari bo‘lsin, «sahiiqun» – nari, «ashaqohuu» – nari qildi, degani. 
(“Oltin silsila” kitobidan "Sahihul Buxoriy").
Qiyomat kuni eng muhtoj bo‘lgan holimizda turganimizda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga borsagu, u zot “yo‘qolsin, yo‘qolsin” deb tursalar holimiz nima kechadi? عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ حَمَلَ عَلَيْنَا السِّلَاحَ فَلَيْسَ مِنَّا، وَمَنْ غَشَّنَا فَلَيْسَ مِنَّا. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kim bizga qarshi siloh ko‘tarsa, bizdan emasdir. Kim bizga nisbatan aldamchilik qilsa, bizdan emasdir», dedilar».
Ikki shayx rivoyat qilganlar.
Sharh: Aldamchilik ham munofiqlikning ko‘zga ko‘ringan sifatlaridan biridir. Bu ishni qilganlar esa musulmon ummatidan bo‘lishi mumkin emas. Alloh taoloning O‘zi bu ishdan asrasin! Vallohu a’lam!

12 May 2022, 18:57 | Savol-javoblar | 176 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar