Doktorlarni biror joyga odam jo‘natib pul olishi

Assalomu alaykum! Hozir juda ko‘p insonlar shu ishni qilishmoqda va xalol ekan deb yurishibdi. Misol, aytaylik siz qizingizni poliklinikaga olib bordingiz u erda mutaxasis qizingizni ko‘rdi va u maxsus oyoq kiyim kiyishi kerakligini aytdi. Keyin esa bir ishlab chiqaruvchini manzilini berdi. Siz u erdan oyoq kiyim sotib oldingiz. Ishlab chiqaruvchi esa o‘sha poliklinikadagi mutaxassisga 50.000 so‘m olib borib berdi. Shu yo‘l bilan topilgan pul qanchalik xalol? Chunki bu ishlar juda ko‘payib ketdi. Xamma kimnidir qaergadir olib borib, nimanidir ko‘rsatadi va o‘sha mol sotilgandan keyin kelib 10% 15% foiz pulini olib ketadi.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Muhtoj bo‘lgan odam qidirib yurmasligi uchun yoki boshqa joylardan ko‘ra o‘sha erda yaxshi va sifatlisi sotilishini aytishi uchun dalolat qilsa bo‘ladi. Ammo “pul yolg‘ondan yaxshi” deb aytish joiz emas. Yolg‘on esa shariatimizda og‘ir gunoh hisoblanadi. Musulmon odam  ko‘r-ko‘rona ish tutmasligi kerak. Arzimagan pulni deb do‘zaxdan joy sotib olmaslik kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislarida bundan qattiq qaytarganlar. عَنْ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ أَبِي بَكْرَةَ، عَنْ أَبِيهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «أَلَا أُنَبِّئُكُمْ بِأَكْبَرِ الْكَبَائِرِ؟» قُلْنَا: بَلَى يَا رَسُولَ اللهِ. قَالَ: «الْإِشْرَاكُ بِاللهِ، وَعُقُوقُ الْوَالِدَيْنِ». وَكَانَ مُتَّكِئًا فَجَلَسَ فَقَالَ: «أَلَا وَقَوْلُ الزُّورِ وَشَهَادَةُ الزُّورِ، أَلَا وَقَوْلُ الزُّورِ وَشَهَادَةُ الزُّورِ». فَمَا زَالَ يَقُولُهَا حَتَّى قُلْتُ: لَا يَسْكُتُ Abdurrahmon ibn Abu Bakra otasi roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Hoy! Sizlarga kabiralarning eng kattasini ma’lum qilaymi?» dedilar. «Ha, ey Allohning Rasuli» dedik. «Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish», dedilar. U zot suyanib o‘tirgan edilar, o‘tirdilar-da: «Hoy, yolg‘on so‘z va yolg‘on guvohlik berish ham! Hoy, yolg‘on so‘z va yolg‘on guvohlik berish ham!» dedilar. U zot buni aytaverdilar, hatto to‘xtamasalar kerak, deb qoldim». ("Oltin silsila" kitobidan "Sahihul Buxoriy"). Vallohu a’lam!

12 May 2022, 19:07 | Savol-javoblar | 148 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar