Jamoaviy Qurbonlik

Assalomu alaykum! Biz chet davlatda ishlaymiz va bizning yigitlar har hayitda bir yoki ikkita qo‘y qurbonlik qilishar ekan. Masalaning tushunarsiz joyi shuki ular qurbonlikga umumiy pul yig‘ishadi va u erda kamida 50 kishi ishlaydi (albatta hammasi o‘zbek musulmonlar). Vaholanki qo‘yni faqat bir kishi qurbonlik qilishi kerak. Shunga ko‘ra men ularga "Bu ish joizm emas, kelishib bir kishi nomidan so‘yaylik qolganlarimiz esa hayitga bayramga hissa qo‘shishni niyat qilish kerak" dedim. Shu ishim to‘g‘rimi? Yoki masalaning boshqa echimi bormi? Lekin ular har qanday holatda ham qurbonlik qilishadi. Iltimos to‘g‘ri echim bersangiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bu savolda oldin bir narsani yaxshi tushunib olishingiz kerak. Qurbonlik ikki hil bo‘ladi. Birinchisi vojib (majburiy): Bunda kishining mol-mulki qurbonlik nisobi etgan bo‘ladi. Bunday kishi qurbonlik qilishi zimmasiga vojib bo‘ladi. Qilmasa gunohkor bo‘ladi. Ikkinchisi nafl (ixtiyoriy): Bunda kishining mol-mulki nisobga etmagan bo‘ladi. Qurbonlik qilish o‘zining ixtyori, xohlasa qiladi, xohlamasa yo‘q. Qilsa savob oladi, qilmagani uchun gunohkor bo‘lmaydi. Shuning uchun 50 kishi o‘ziga qurbonlik vojib yoki yo‘qmi aniqlab olishlari kerak. Vojib bo‘lsa, bir kishi bittadan qo‘y yoki ettitagacha kishi sherik bo‘lib bir tuya yo molda so‘yadi. Shunday qilmasalar gunohkor bo‘ladilar. Nafl qurbonlikda bitta qo‘yga necha kishi bo‘lsa ham savobiga sherik bo‘lishi mumkin. Ammo bitta qo‘uning puliga sherik bo‘lib, pul yig‘ib so‘yish joyiz emas. Shuning uchun bu holatda hamma pulni yig‘ib bir kishiga hadya qilib beradi. U kishi qo‘yni olib, o‘zi va o‘sha pul berganlarning nomidan so‘yadi. Shunda hammalari savobga sherik bo‘lishadi. Vallohu a’lam!

12 May 2022, 20:22 | Savol-javoblar | 147 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar