Chap qo‘lda arab yozuvida yozish

Assalomu alaykum! Man chap qo‘lda yozishga o‘rganganman (o‘ng qo‘lda judayam hunuk yozaman), ammo qolgan ishlarni o‘ng qo‘lda qilaman Alhamdulillah. Savolimga o‘xshashini qidiruv bo‘limidan topa olmadim. Savolim quyidagicha: arab tilini o‘rganish niyatim bor In Shaa Alloh, arab tilida chap qo‘lda yozsam bo‘ladimi? Yoki o‘ng qo‘lda yozishim shartmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! O‘ng qo‘lda yozishga harakat qilganingiz afzal. Chapda yozishingiz joiz. Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Birortangiz bavl qilsa, zakarini o‘ng qo‘li bilan ushlamasin, o‘ng qo‘li bilan istinjo qilmasin, idish ichiga nafas olmasin», dedilar».
Chunki o‘ng qo‘l halol-pok narsalar, taom uchun, nopok narsalarni ushlashga esa chap qo‘l ajratilgan. Shuning uchun ham bavl qilgan paytda zakarni o‘ng qo‘l bilan ushlamaslik kerak.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam poklansalar, poklanishlarida ham, taransalar, taranishlarida ham va kavush kiysalar, kavush kiyishlarida ham doimo o‘ngdan boshlashni juda yaxshi ko‘rar edilar».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Hadisda yaxshilik, poklikka doir ishlarni o‘ng tarafdan boshlash Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam juda yaxshi ko‘rgan, doimo qilib yurgan ish ekanini aytish bilan siz bilan biz, ummatlar ham shu ishga ergashishimiz kerakligiga targ‘ib qilinmoqda.
Hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam poklanganlarida ham o‘ng tomondan boshlashni juda yaxshi ko‘rganliklari haqida gap borganligi uchun u g‘usl bobida keltirilmoqda.
Demak, g‘uslda hamma a’zolarni yuvishni o‘ngdan boshlash kerak.
Tahoratda ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday qilganlar.
U zot sollallohu alayhi vasallam sochlarini tarasalar ham boshlarining o‘ng tomonini tarashdan, oyoq kiyimini kiysalar, o‘ng poyini kiyishdan boshlar edilar.
Ushbu hadisning Imom Buxoriy qilgan rivoyatida:
«Barcha ishlarida o‘ngdan boshlashni yaxshi ko‘rar edilar», deyilgan.
Chindan ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam barcha yaxshilik, ehtirom, xayr ma’nosidagi bir narsani olish yoki berish, ichish, eyish, kiyish, yuvish kabi ishlarni o‘ng qo‘l bilan qilar va o‘ngdan boshlar edilar.
Umuman, Islomda yaxshilik ma’nosi o‘ng tomonga bog‘lab qo‘yilgan. Ahli jannatlar o‘ng tomon sohiblari, deyiladi. Bu dunyoda yaxshi o‘tgan kishilarning nomai a’mollari qiyomat kuni o‘ng tomondan beriladi. Hatto namozdagi safda imomning o‘ng tomonida turish afzal hisoblanadi.
Qolaversa, hadisda zikr qilinganidek, har bir sharafli, yaxshilik, poklik va ziynat ishlarini o‘ng qo‘l bilan qilib, o‘ngdan boshlashga tar­g‘ib etiladi.
Aksincha, chap taraf noxush, nopok ishlarga xos qilingan.
Ahli do‘zaxlar chap tomon sohiblari deyiladi.
Bu dunyoda yomon o‘tgan kishilarning nomai a’mollari u dunyoda chap qo‘llaridan beriladi.
Nopoklikdan tozalanish, masalan, istinjo, a’zolardagi nopoklikni ketkazish, burunni qoqish kabi ishlar chap qo‘l bilan qilinadi.
Bu ko‘rsatmalarga rioya qilish Payg‘ambar sol­lal­lohu alayhi vasallamning sunnatlariga rioya qilishdir, Islom madaniyatining ramzlaridandir. Ko‘pchiligimiz bu narsalarning farqiga bormaymiz. Hamma narsani aralash-quralash qilaveramiz. Bu bilan avvalo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga, islomiy odoblarga xilof ish qilgan bo‘lamiz. Qolaversa, Islom madaniyatidan xabardor kishilar huzurida kim ekanimizni oshkor qilib qo‘yamiz.
Bu hadisni o‘qiganimizdan keyin zudlik bilan unga og‘ishmay amal qilishga o‘tishimiz kerak bo‘ladi. O‘zimiz unga amal qilishimiz bilan birga, farzandlarimiz, oila a’zolarimiz, yaqin kishilarimizni ham shunga da’vat qilishimiz lozim. (“Hadis va hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

12 May 2022, 22:11 | Savol-javoblar | 175 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar