Sabboba qilish harommi?

Assalomu alaykum! Men sunnatga amal qilib savob olish niyatida, namoz o‘qiganimda ishorai sabboba qilar edim. Bir kitobda ya’ni So‘fi Olloyor “Maslakul Muttaqin” Movarounnahr nashriyoti Toshkent-2007 yil Tarjimon Qo‘zixo‘ja Hafizxo‘ja o‘g‘li.

-bet “Namozning haromlari va ularning hukmi” mavzusida shunday yozilgan ekan. “Agar «attahiyot»da imom Shofe’iyni mazhablaridek «Ashhadu an la…»da sabboba ko‘rsatkich barmog‘ini ko‘tarsa (ishorat qilsa) harom bo‘lur – deyilgan ekan. Sabboba qilish harommi?


«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم إِذَا جَلَسَ فِي الصَّلَاةِ وَضَعَ كَفَّهُ الْيُمْنَى عَلَى فَخِذِهِ الْيُمْنَى، وَقَبَضَ أَصَابِعَهُ كُلَّهَا وَأَشَارَ بِإِصْبَعِهِ الَّتِي تَلِي الْإِبْهَامَ، وَوَضَعَ كَفَّهُ الْيُسْرَى عَلَى فَخِذِهِ الْيُسْرَى. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ. وَلِأَصْحَابِ السُّنَنِ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم إِذَا جَلَسَ فِي الرَّكْعَتَيْنِ الْأُولَيَيْنِ كَأَنَّهُ عَلَى الرَّضْفِ حَتَّى يَقُومَ Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam namozda o‘tirsalar, o‘ng kaftlarini o‘ng sonlariga qo‘yar, panjalarini tugib, bosh barmoq yonidagi barmoqlari bilan ishora qilar edilar. Chap kaftlarini chap sonlariga qo‘yar edilar». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan. «Sunan» egalari rivoyatida: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam avvalgi ikki rak’atda o‘tirsalar, to turgunlaricha xuddi qizigan toshlarning ustida o‘tirgandek o‘tirar edilar», deyilgan. Sharh: Ushbu hadisi sharifda tashahhudda qanday o‘tirish haqida so‘z bormoqda. 1. Tashahhudda o‘tirganda o‘ng kaftni o‘ng songa, chap kaftni chap songa qo‘yib, panjalarni qiblaga qaratib o‘tiriladi. 2. Panjalarni tugib, ko‘rsatkich barmoq bilan ishora qilinadi. Bu barmoq arabchada «sabboba» deb ataladi. Shuning uchun tashahhudda qilinadigan ishora ham «ishorai sabboba» deyiladi. «Ishorai sabboba» tashahhudda «Ashhadu allaa ilaaha» deganda «laa»ni aytayotganda ko‘rsatkich barmoqni yuqoriga ko‘tarish bilan bo‘ladi. O‘sha barmoqni ko‘tarishda boshqa barmoqlar yig‘ib olinadi. Ba’zilar ushbu rivoyatdagi «panjalarini tugib» degan jumlani tashahhudga o‘tirishda tugib o‘tiradi, deb tushunganlar. Shuning uchun avvaldan qo‘llarini musht qilib o‘tirib, «laa» kalimasiga kelganda ko‘rsatkich barmoqlarini yuqoriga ko‘tarishadi. «Sabboba» so‘kish deganidir. Binobarin, «ishorai sabboba» – so‘kish ishorasi bo‘ladi. Tashahhudda «Ashhadu allaa ilaaha illallohu»ning «laa»sida ko‘rsatkich barmoqni ko‘tarish «shaytonni so‘kish, uni temir qamchi bilan urish» degani bo‘ladi. Ishorani qilgandan so‘ng namoz tamom bo‘lgunicha o‘sha barmoqqa qarab turiladi. 3. Birinchi tashahhudda o‘tirganda xuddi qizigan toshda o‘tirgandek o‘tiriladi. Bundan tashahhudni o‘qish bilan darhol turish tushuniladi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ كَانَ النَّبِيُّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم إِذَا جَلَسَ فِي الصَّلَاةِ وَضَعَ كَفَّهُ الْيُمْنَى عَلَى فَخِذِهِ الْيُمْنَى وَقَبَضَ أَصَابِعَهُ كُلَّهَا، وَأَشَارَ بِإِصْبَعِهِ الَّتِي تَلِي الْإِبْهَامَ، وَوَضَعَ كَفَّهُ الْيُسْرَى عَلَى فَخِذِهِ الْيُسْرَى رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon namozda o‘tirsalar, o‘ng kaftlarini o‘ng sonlariga qo‘yar, barmoqlarini tugib, bosh barmoq yonidagi barmoqlari bilan ishora qilar edilar. Chap kaftlarini chap sonlariga qo‘yar edilar». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan. Ushbu hadisi sharifda tashahhudda o‘tirish va unda qilinadigan ishlar haqida so‘z ketmoqda. Tashahhudda o‘tirganda o‘ng kaftni o‘ng songa, chap kaftni chap songa qo‘yib o‘tirish. Barmoqlarni qiblaga qaratib o‘tirish. O‘ng qo‘l barmoqlarini tugib, bosh barmoq yonidagi ko‘rsatkich barmoq ila ishora qilish. O‘sha barmoqni arab tilida «sabboba» deyiladi. Shuning uchun tashahhudda qilinadigan ishorani ham «ishorai sabboba» deyiladi. «Ishorai sabboba» tashahhudda «Ashhadu allaa ilaaha», deganda «Laa ilaaha»ni aytayotganda ko‘rsatkich barmoqni yuqoriga ko‘tarish va «illallohu»ni aytganda tushirish bilan bo‘ladi. O‘sha barmoqni ko‘tarishda boshqa barmoqlarni yig‘ib olinadi. Ba’zilar ushbu rivoyatdagi «barmoqlarini tugib»ni tashahhudga o‘tirishda tugib o‘tiradi, deb tushunganlar. Shuning uchun avvaldan qo‘llarini mushtga o‘xshatib o‘tirishadi va «Laa ilaaha»ga kelganda ko‘rsatgich barmoqlarini yuqoriga ko‘tarishadi. Barmoqlarni tugmasdan, ularni oddiy holatda qiblaga qaratib, uchlarini tizzaga etkazib o‘tirish ko‘proq ma’qul bo‘lgan. «Sabboba» so‘kish deganidir. Binobarin, «ishorai sabboba»ning ma’nosi – «so‘kish ishorasi» bo‘ladi. Tashahhudda «Ashhadu allaa ilaaha illallohu»ning «Laa ilaaha»sida ko‘rsatkich barmoqni ko‘tarish shaytonni so‘kish bo‘ladi. «Ishorai sabboba»ni qilib, barmoqni tushirish shaytonni temir qamchi bilan urishdek gap, deyiladi. Ishorani qilgandan so‘ng namoz tamom bo‘lguncha o‘sha barmoqqa qarab turiladi. Ishorai sabboba paytida tugilgan barmoqlar namozning oxirigacha ham yozib yuborilmaydi. Ba’zi ulamolarimiz bu ishorani qilmaslikni aytganlar. Ammo Ibn Humom va Ali Qoriy kabi ulamolarimiz: «Buni qilmaslik rivoyat va diroyatga xilof bo‘ladi», deganlar. Biz esa ustozi o‘rgatganlar qilsin, o‘rgatmaganlar qilmasin, ammo ixtilof bo‘lmasin, deymiz. Unga hech narsani ziyoda qilmaydi. Ya’ni qa’dai ulaa – birinchi o‘tirishda tashahhudga hech narsani ziyoda qilmaydi. Uni o‘qib bo‘lishi bilan uchinchi rak’atga turib ketaveradi. ("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Iyul 2022, 09:44 | Savol-javoblar | 191 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar