Tavba Namoz

Assalomu alaykum! Men deyarli 3 yildan beri namoz o‘qiyman bundan 1 yil oldin karantinda Shayx Muhammad Sodiq ustozimizni maruzlarini eshitib Allohni zikrida bo‘lib iymonga erishdim va 7oy deyarli gunoh qilmay har doim iymonda bo‘ladim lekin iymonimni maqtadimni yoki iymonni Alloh roziligi uchun qilmaganim uchun iymonimdan ayrildimmi deb o‘ylayabman Nima qilay domla nafsga zarba berolmayapman harkuni faxshga munkar ishlarga botib ketdim domla yordam bering.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom!Gunoh sodir bo‘lganda umidsizlanmaslikAgar sendan gunoh voke bo‘lsa, u Robbing-la mustaqim turishing xosil bo‘lishidan umidsizlanishingga sabab bo‘lmasin. Gohida o‘sha narsa senga takdir qilingan so‘nggi gunox bo‘lishi mumkin.
Ba’zi kishilar o‘zlari qilib yurgan gunohlarning haqiqatini anglab etib, yaxshi niyat bilan tavba qiladilar, so‘ng bir muddat yaxshi holatda bardavom bo‘ladilar. O‘zlarining holidan, yomonliklardan chetlanganlaridan mamnun bo‘lib yurganlarida yana birdan oyoq toyiladi, gunoh sodir etiladi. Yana afsus-nadomatlar boshlanadi. Ko‘ngildan «Endi tavba qilib, o‘zimni o‘nglab ketayotganimda yomon bo‘ldida», degan xayol o‘tadi. Shu payt sof tabiati o‘ziga qaytadida, «Shu oxirgisi, endi hech qachon gunohga qo‘l urmayman», deya o‘ziga o‘zi ahdu paymon beradi. Yana qaytadan o‘zini ibodatga, taqvoga va yaxshi amallarga uradi. Katta-kichik barcha gunohlardan chetlanishga harakat qiladi. Bu safar to‘g‘ri yo‘lda mustaqim bo‘lish ancha vaqt davom etadi, banda ham bundan xursand. Ammo biror sababga ko‘ra shayton yana qutqu qilib, qanday qilib gunohga qo‘l urib qo‘yganini bandaning o‘zi ham bilmay qoladi. Gunoh ustida turganida qalb ko‘zi yana ochiladi. Avvalgilardan ko‘ra bir necha marta kuchli nadomatlar boshlanadi. Banda o‘zini o‘zi yomon ko‘rib ketadi. Noumidligi yangitdan o‘rniga qaytadi va tavba qilib, ishi o‘nglanib ketishi qiyinga o‘xshab ko‘rinadi. Ana shunday paytda tavba haqida avval o‘zi bilmagan biror ma’ruza eshitadi yoki kitob o‘qiydi, yoxud pand-nasihat oladi-da, bandada yana umidvorlik uchqunlari alanga ola boshlaydi. U bu safar oxirgisi, inshaalloh, endi oxirigacha qutulib ketsam ajab emas, deya tavbani yana yangilaydi. Yangi kuch, yangi ishonch va yangi g‘ayrat bilan gunohlardan chetlanib, savoblarga o‘zini uradi. Ishlari ko‘ngildagidek davom etadi, avvalgiga o‘xshab hayoliga turli gunohlar kelmaydi. Savob ishlarni qilish ham qiyin tuyulmay qoladi. O‘zidan boshqalar ham undagi ijobiy o‘zgarishlarni mulohaza qilib, goh-gohida yoqimli fikrlarni izhor qilib ham turishadi. Ammo...
Yana falokat yuz beradi. Shuncha urinishlarga, tirishib-tirmashishlarga qaramay, banda yana gunoh to‘riga ilinib qoladi. Keyin o‘ziga va hushiga keladi. Tavbani oxiriga etkazish qo‘limdan kelmas ekan, degan fikr boshida aylana boshlaydi. Fursat poylab turgan la’nati shayton ham ig‘vosini boshlaydi: «Ana! Men senga «Tavba qilish oson emas», demabmidim? Sen bo‘lsang o‘zingni o‘zing ovora qilib yuribsan. Shuncha uringaning nima bo‘ldi? Undan ko‘ra maza qilib yuraversang bo‘lmasmidi? Endi anglagandirsan?!..»
Ibn AtoullohSakandariy rahmatullohi alayhning ushbu hikmati xuddi yuqorida zikr etilgan holatga tushgan bandalarga qaratilgandir.
«Agar sendan gunoh voqe bo‘lsa, u Robbing-la mustaqim turishing hosil bo‘lishidan umidsizlanishingga sabab bo‘lmasin».
Bilib-bilmay gunoh qilishing yoki uni takrorlab qo‘yishing sening «Alloh taoloning dinida to‘g‘ri turish qiyin ish ekan», deya noumid bo‘lib qolishingga sabab bo‘lmasin. Mazkur umidsizlik seni yana qaytadan gunohlarga ruju qo‘yishga boshlamasin.
«Gohida o‘sha narsa senga taqdir qilingan so‘nggi gunoh bo‘lishi mumkin».
Taqdir esa nimadan iborat ekanini sen bilmaysan. Shuning uchun faqat yaxshi gumonda bo‘l va tavba qilishdan erinma. Alloh taolo gunohda bardavom bo‘lishdan o‘zini tiygan bandalarning tavbasini qabul qilishga va’da bergan.
Alloh taolo Oli Imron surasida marhamat qiladi:
«Va fahsh ish yoki o‘zlariga zulm qilib qo‘yganlarida Allohni eslab, gunohlarini mag‘firat qilishini so‘rarlar. - Gunohlarni Allohdan o‘zga kim ham mag‘firat qilardi? - Va bilib turib, qilgan ishlarida bardavom bo‘lmaslar» (135-oyat).
Ma’lumki, taqvodorlik mo‘minlarning oliy darajasi hisoblanadi. Ushbu o‘rganayotgan oyati karimamizda taqvodorlarga ulkan darajalar va’da qilinmayotir, balki fahsh yoki o‘ziga zulm qilgan odamlar ham taqvodorlar safidan o‘rin olishi mumkinligi aytilmokda. Bu nimaga dalolat qiladi?Bu Islom dinining bag‘ri kengligiga dalolat qiladi. Bu insonning tabiatini nihoyatda chuqur bilgan Alloh taolo unga, o‘ziga yarasha muomala qilishidan dalolat beradi. Hayoti davomida turli qiyinchiliklarga, ig‘vo va chalg‘itishlarga uchraydi. Ba’zi vaqtlarda zaifligi tutib, havoyi nafsining so‘ziga kirib qo‘yadi. Bunday paytda darhol o‘ziga kelib, oyati karimada zikr etilayotganidek, «... Allohni eslab, gunohlarini mag‘firat qilishini so‘rarlar».
Xo‘sh, bunday kishilarga qanday munosabatda bo‘lish kerak? «Sen falon ishni qilib qo‘yding, bo‘ldi, endi umidingni uzaver», deyiladimi? Yo‘q! Islom tavba eshigini keng ochib qo‘ygan. Bandaligi, ojizligi tutib ba’zi gunohlarni qilgan bo‘lsa ham, taqvodorlar safiga qo‘shilish imkoni bor. Faqat bir sharti bor, u ham bulsa,
«... Allohni eslab, gunohlarini mag‘firat qilishini so‘rarlar».
 «...Va bilib turib, qilgan ishlarida bardavom bo‘lmaslar».
Ana shundagina ular taqvodorlar safiga qo‘shilish imkoniyatidan mahrum bo‘lmaydilar. Ammo tavba qilmasalar va bilib turib yana gunohlarida davom etaversalar, ularga hech qachon ushbu imkoniyat berilmaydi. Demak, bilmasdan yoki zaifligi tutib, bir marta gunoh qilib qo‘ygan odam darrov tavba qilsa va gunohdan to‘xtasa, shundagina tavbasi qabul ekan. Bu qoida mag‘firat bobidagi barcha oyat va hadislarga tegishlidir. Ba’zi nafsibuzuq odamlarga o‘xshab, og‘zida «Tavba qildim», deb qo‘yib, qayta-qayta gunoh qilaveradiganlar bu hukmga kirmaydilar. Imom Ahmad ibn Hanbal roziyallohu anxu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissolatu vassalom: «Gunoh qilgan har bir musulmon yaxshilab tahorat qilib, ikki rak’at namoz o‘qib, so‘ngra istig‘for aytsa, Alloh albatta uni kechiradi», deganlar. Bandada tavba ruhi ustun bo‘lsa, gunohda qat’iy turish niyati mutlaqo yo‘q bo‘lsa, umidvorlik ham yo‘q bo‘lmaydi. ("Xislatli hikmatlar sharhi" kitobidan). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 04:55 | Savol-javoblar | 169 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar