Ramazondagi xufton va tarovihlar bilan bog‘liq savol

Assalomu alaykum! Ramazondagi xufton va tarovihlar bilan bog‘liq edi. 1) Imom xuftonning farzida 2-rak’atdan keyin adashib qa’daga o‘tirmay turib ketibdi. Biz uzoqroqda bo‘lganimizdan buni bilmay o‘tirib tashahhudni o‘qibmiz va imom maxfiy qiroat qilib bo‘lib rukuga ketayotib «Allohu akbar» deganida biz qiyomga turibmiz. Qolib ketganimizni «Sami’allohu liman hamidah» deganda bilib shosha pisha ruku qildik. Shoshib rukuda tasbeh ham aytmay qomatimizni tiklab birdan sajdaga ketdik va davomi bir xil ketdi va oxirida imom bilan sajdai sahv qildik. Shu holatda aynan biz orqada qolib ketganlarning namozi durust bo‘lganmi? Agar durust bo‘lmagan bo‘lsa tarovih va vitrning hukmi qanday bo‘ladi? 2) Tarovihda o‘qilayotgan surada sajda oyati bor ekan. Bundan xabarimiz yo‘q edi. Imom takbir aytganda sajdaga ketibdi, biz esa ruku deb o‘ylab ruku qilibmiz. Imom yana takbir aytib, suraning davomini o‘qiyotganida bilib qoldim va imom qiroat qilayotganida o‘zim tilovat sajdasini qilib oldim. Shu namozim durust bo‘lganmi? 3) Yana bir marta yuqoridagidek holatda imom sajda qilganda ruku qilibman. Keyin boshqalar sajda qilganini ko‘rib men ham sajdaga ketdim. Ushbu namozim ham durust bo‘lganmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! 1) Tasbeh aytmagan bo‘lsangiz ham ruku’ qilib qo‘lingiz tizzangizga tekkan bo‘lsa ruku’ning farzi ado bo‘lgan bo‘ladi. Bir marta tasbeh aytish vojib, uch marta aytish sunnat hisoblanadi. Farz namozingiz durust bo‘ladi. Jamoat namozlaridagi bu kabi holatlar afv qilinadi. Taroveh va vitr namozlarining vaqti xufton namozidan (farz va sunnatidan) so‘ng hisoblanadi. Shuning uchun xuftondan oldin o‘qilsa, durust bo‘lmaydi. Taroveh nafl namoz bo‘lib qoladi. Vaqt bo‘lsa o‘qib olgan yaxshi bo‘ladi. Vaqt o‘tib ketgan bo‘lsa, qazo qilinmaydi. Vitr esa, vaqti o‘tib ketgan bo‘lsa, qazo qilib o‘qilishi kerak. Sizning holatingizda, in sha Alloh, xufton namozi ham taroveh va vitr ham durust bo‘lgan. 2-3) Bunda ham durust bo‘ladi. Vallohu a’lam!

13 May 2022, 05:38 | Savol-javoblar | 152 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar