Kibrdan qutilish

Assalomu alaykum! Men yaqinda yangi kiyimlar olgandim. Bu menga kibr bag‘ishlamoqda. Qanday qilib bunga kurashish mumkin!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! KIBRNI DAVOLASh YO‘LLARI Kibr halokatga olib boruvchi dardlardan bo‘lib, insonning undan xoli bo‘lishi qiyin. Kibrni yo‘q qilish farzi ayndir. Kibr o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lmaydi, balki uni turli darmonlarni ishlatib, qunt va bardavomlik ila davolash lozim. Kibrni davolash ikki maqomda bo‘ladi: Birinchi maqom – kibrni tag-tomiri bilan qo‘porib tashlash. Bu maqomdagi davolash ilmiy va amaliy bo‘ladi. Har ikkisi ham ishga solinmasa, shifo mukammal bo‘lmaydi. Ilmiy muolaja quyidagicha bo‘ladi: Avvalo banda o‘zini va Robbini tanisin. Shuning o‘zi undagi kibrni yo‘qotish uchun kifoya qiladi. Agar banda o‘zining kimligini haqiqatda anglab etsa, har bir xordan ham xor ekanini, har bir kichikdan ham kichik ekanini biladi. Ana shunda unga tavozeli bo‘lish va o‘zini xokisor tutishdan boshqa narsa to‘g‘ri kelmasligini anglab etadi. Agar banda Robbini haqiqiy ravishda tanisa, ulug‘lik U Zotdan boshqaga to‘g‘ri kelmasligini anglab etadi. Amaliy muolaja quyidagicha bo‘ladi: Bunda amaliy ravishda Alloh taologa tavoze qilinadi. Odamlarga nisbatan doimiy ravishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning, ahli solihlarning va tavozelilarning axloqi ila muomalada bo‘linadi. Ikkinchi maqom – vaqtincha paydo bo‘lgan kibrni insonni takabbur qilmaydigan darajaga keltirish uchun o‘ziga xos sabablar ila davolash. Agar kibrlanish nasab tufayli bo‘lsa, bilsinki, u boshqaning kamolini ko‘ra olmay, o‘zini yuqori tutmoqda. Shuning uchun otasi va bobosining aslini o‘rgansin. Otasining asli iflos nutfa bo‘lgan. Bobosining asli tuproq bo‘lgan. Asli shu kabi narsalar bo‘lgan insonga kibrlanishni kim qo‘yibdi?! Agar kibrlanish jamol tufayli bo‘lsa, o‘zining ichiga oqillar nazari bilan qarasin, hayvon ko‘zi bilan qaramasin. Agar kibrlanish quvvat sababli bo‘lsa, o‘ylab ko‘rsin, bir kecha uyqusizlik etsa, quvvati ketib, ojizlarning ojiziga aylanib qoladi-ku! Bir kun isitmasi chiqsa, quvvatini bir necha kungacha qayta tiklay olmay qoladi. Oyog‘iga oddiygina tikan kirsa nima bo‘lishini o‘ylasin. Agar kibrlanish boylik sababli bo‘lsa, o‘zidan oldin o‘tgan va halokatga uchragan boylarning holini ko‘z oldiga keltirsin. Ofat etib, bir lahzada bir tiyinsiz qolishi mumkinligini esidan chiqarmasin. Agar kibrlanish ilm sababli bo‘lsa, Alloh taoloning hujjati johildan ko‘ra olimga ta’kidli ekanini bilib qo‘ysin. Ilm ahlining mas’uliyati katta ekanini esiga olsin. Har bir mutakabbir Alloh taolodan boshqa hech kim kibrga loyiq emasligini yaxshi anglab etsin. Kibr qilgan banda Alloh taoloning nazdida yomon ko‘rinishini unutmasin. O‘zidagi kibrni tavoze ila davolash payidan bo‘lsin. Tanbeh: Boshqa axloqlar kabi, kibrda ham ikki taraf va o‘rtachalik bor. Ziyoda tarafi «takabburlik», nuqsonga moyil bo‘lgan tarafi «xorlik» deyiladi. O‘rtachasi tavoze deb ataladi. Ya’ni kibrga ham berilmay, o‘zini ham xorlamay, tavoze ko‘rsatiladi. Ishlarning yaxshisi o‘rtachasidir. Bas, kim o‘zini tengdoshlaridan yuqori tutsa, mutakabbirdir. Kim o‘zini tengdoshlaridan past tutsa, mutavozedir. Mo‘’tadil bo‘lish yaxshi. Bunda har bir haq egasiga o‘z haqqi beriladi. ("Ruhiy tarbiya" kitobidan). Vallohu a’lam! https://savollar.islom.uz/savol/90911

26 May 2022, 09:04 | Savol-javoblar | 153 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar