AYoQShda litrdan urib qolish

Assalomu alaykum! AYoQShda operator bo‘lib ishlashga kirdim. Zapravka amakimga tegishlik, mening vazifam: mijoz nechta benzinga pul bersa, ushancha litr quyib berishim kerak, va ish vaktining oxirida xisob kitob qilishim kerak. Savolim shuki, men ishlayotgan tumanning, deyarlik barcha zapravkalari litridan urib kolishar ekan, aytaylik xisoblagich (schyotchik) 10litr ketti deydi, ammo to‘liq 10000ml benzin emas, aytaylik 9900-9950ml benzin ketadi, buni ataylab kuprok foyda kolsin deb kilishadi, urib kolmasdan to‘g‘ri kuyib berishni iloji bor, bu urib kolingan benzindan kolgan foydani : odatda zapravkani egasi oladi, operatorlarga bundan foyda tushmaydi adashmasam. Bilsam mening amakimxam urib kolar ekan. Menga 10 ta litr benzin kuyasiz deb, to‘liq pulini berishadi, 10 litr schyotchikdan kuyib bersamda, lekin yo‘qorida aytganimdak, to‘liq tushmaydi mijozning moshiniga. Shundan kelib chikib, menga shu amakimning AYoQShida ishlashim mumkinmi, mijozlarning xaqqiga javobgar bulib qolmaymanmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ishlashingiz joiz emas. Bu birovlarni haqqiga tajovuz qilish. Unday haqida Alloh taolo "Mutoffifun" surasida marhamat qiladi:   وَيْلٌ لِّلْمُطَفِّفِينَ۝ 1. Vayl bo‘lsin o‘lchovdan urib qoluvchilarga.
«Vayl» so‘zining ikki xil ma’nosi bor, biri «Voy bo‘lsin», ikkinchisi esa do‘zaxning nomlaridan biri «Vayl», ya’ni «O‘lchovdan urib qoluvchilarga Vayl do‘zaxi bo‘lsin» deganidir.
Bizningcha, ikki ma’no bir-birini to‘ldirib keladi: «Vayl»ga tushgan odamning holiga voy bo‘ladi, holiga voy bo‘lgan odam «Vayl»ga tushadi.
Demak, Islom o‘zining dastlabki kunlaridan boshlaboq, birovning haqqini haromdan eyishga qarshi qattiq urush ochgan. U o‘lchovdan oz-oz urib qoluvchilarning ham do‘zaxga tushib, holi voy bo‘lishini e’lon qilgan. Qur’oni Karim bu masalani ushbu surai karimadan boshqa suralarda ham ko‘targan. Xususan, Shua’yb alayhissalom qissasida u zotning qavmlarining eng katta aybi o‘lchovda birovning haqidan urib qolish ekani takror-takror ta’kidlangan. Har safar shu haqda so‘z ketganda, Alloh taolo o‘sha qavmni mazkur aybi uchun halok qilgani ham takrorlangan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam esa o‘z hadisi shariflarida oyati karimalarning ma’nolarini ta’kidlaganlar. Jumladan, imom Hokim va Tobaroniy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u zot sollallohu alayhi vasallam: «O‘lchovdan urib qolmaslar. Nabototdan man qilinurlar va qahatchilik ila tutilurlar», – deganlar. Bu «O‘lchovda birovning haqidan urib qolish bilan mashg‘ul bo‘lgan qavmning yurtidan baraka ko‘tarilib, ocharchilikka duchor bo‘lurlar» deganidir.
Birinchi oyatda o‘lchovdan urib qoluvchilarga beriladigan jazo e’lon qilib bo‘linganidan so‘ng, endi keladigan oyatlarda ular mazkur qabih ishni qanday shaklda olib borishlari vasf qilinadi. الَّذِينَ إِذَا اكْتَالُواْ عَلَى النَّاسِ يَسْتَوْفُونَ۝  وَإِذَا كَالُوهُمْ أَو وَّزَنُوهُمْ يُخْسِرُونَ۝ 2. Ular odamlardan narsa o‘lchab olsalar, to‘liq olarlar.
3. Va agar odamlarga o‘lchab yoki tortib bersalar, kamaytirarlar. 
("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 08:11 | Savol-javoblar | 166 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar